Prezident raisligida O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish hamda mamlakat tijorat banklarining transformatsiya jarayonini jadallashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda bank tizimidagi muammolarga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, pandemiya davrida iqtisodiy inqirozni hisobga olib, tadbirkorlik sub’yektlariga bir qator kreditlar berilgani, lekin yil oxiriga borib muammoli kreditlarning ulushi bir necha barobar oshib ketish ehtimoli yuqoriligi, bu bank tizimi uchun xavf keltirib chiqarishi qayd etildi. Bu borada Markaziy bank tomonidan barcha davlat banklari stress-testdan o‘tkazildi. Ya’ni, mana shunday inqiroz holati davom etsa va tegishli choralar ko‘rilmasa, yil oxirigacha muammoli kreditlar ulushi ko‘payib ketishi ehtimoli borligi to‘g‘risida xulosa berildi. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Markaziy bank, Moliya vazirligi va tegishli banklarga topshiriqlar berildi.
Yana bir muhim yangilikni aytib o‘tishni xohlar edim. Bugungi kunda davlat banklarining kuzatuv kengashlariga jami 14 nafar mustaqil chet ellik direktorlar jalb qilingan. Yana 11 nafar mutaxassis bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Yaqin kunlarda davlat banklarida 25 nafar chet ellik mustaqil kuzatuv a’zolari faoliyat boshlaydi. Yil oxirigacha davlat banklarida chet ellik mustaqil kuzatuv kengashi ekspertlari ulushi 30 foizga chiqariladi.
Bu bizga nima beradi? Aynan mustaqil direktorlar orqali biz bank rahbariyati ustidan nazoratni kuchaytiramiz. Davlat banklarida olib borilayotgan har qanday siyosat va operatsiyalar kengash tomonidan tasdiqdan o‘tkaziladi.
Bu tizim orqali mavjud muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilib, istiqbolli loyihalarga poydevor qo‘yiladi.
Timur Ishmetov,
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri
Izoh qoldirish