O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida inflyasiyaga qarshi kurash Markaziy bank faoliyatining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilab berilgan.
Inflyasion targetlash g‘oyasining muallifi shvetsiyalik mashhur iqtisodchi olim Knut Viksel hisoblanadi. U 1890 yilda dunyo iqtisodchilari orasida birinchi bo‘lib, markaziy banklar siyosatining bosh maqsadi baholar barqarorligini ta’minlash bo‘lishi kerak, degan g‘oyani ilgari surdi.
Rivojlanayotgan mamlakatlar inflyasion targetlash rejimiga XX asrning 90-yillarining oxiridan o‘ta boshladi. Ushbu rejimni ilk qo‘llagan mamlakatlar Janubiy Koreya, Braziliya, Kolumbiya, Tailand, Polsha va Chexiya hisoblanadi. 2000 yilning ikkinchi yarmidan boshlab, Indoneziya, Ruminiya, Turkiya, Serbiya, Gana va Paragvay inflyasion targetlash rejimiga o‘tdi.
Rossiyada inflyasion targetlash rejimiga o‘tish 2014 yilda sodir bo‘ldi. Rossiya Markaziy banki 2017 yilning oxiriga borib inflyasiyaning yillik darajasi 4% bo‘lishini ta’minlash majburiyatini oldi. 2017 yilga qadar Rossiyada inflyasiyaning yillik darajasini 6 foizdan past bo‘lishini ta’minlashga muvaffaq bo‘linmagan.
2014 yilning yakuni bo‘yicha Rossiyada inflyasiya darajasi 11,4 foizga yetdi. Ammo Rossiya Markaziy banki faqat 2017 yilning yakunida inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichini ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi. 2017 yilning yakuniga kelib, Rossiyada inflyasiyaning yillik darajasi 2,5 foizni tashkil etdi. Holbuki, 2016 yilda inflyasiyaning yillik darajasi 5,4 % edi.
Inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichidan pul-kredit siyosatining indikatori sifatida muvaffaqiyatli foydalangan davlatlar qatoriga Yangi Zelandiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Shvetsiya, Avstraliya va Ispaniyani kiritish mumkin. Mazkur mamlakatlarda inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichi turlicha ifodalangan. Avstraliya, Finlandiya va Shvetsiyada Markaziy bank inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichini hukumatning roziligini olmasdan turib e’lon qildi. Kanada va Yangi Zelandiyada inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichi Markaziy bank va Moliya vazirligining o‘zaro kelishuvi asosida ishlab chiqdi. Ammo shuni e’tirof etish joizki, inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichidan pul-kredit siyosatining indikatori sifatida foydalanishning mumkinligi biror-bir Markaziy bankning nizomida o‘z aksini topmagan. Shu sababli, bu masalani huquqiy jihatdan maqsadga muvofiqligi Markaziy banklar faoliyatining bosh maqsadi orqali izohlanadi, ya’ni inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichi orqali uni jilovlash Markaziy bankning bosh maqsadiga – milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash va jamiyatda baholar barqarorligiga erishishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 noyabrdagi “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, inflyasion targetlash rejimiga bosqichma – bosqich o‘tish 2020 yildan boshlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagilarni joriy etish orqali pul-kredit siyosati instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflyasion targetlash rejimi standartlariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi lozim. Xususan:
– 2020 yilning 1 yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qog‘ozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;
– 2020 yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;
– bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;
– 2020 yilning 1 apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimini yaratish.
E’tirof etish joizki, O‘zbekiston Respublikasida inflyasiya darajasining yuqori ekanligi inflyasion targetlash rejimiga o‘tish zaruriyatini yuzaga keltirdi.
O‘tgan yillarda respublikamizda inflyasiya darajasi yuqori bo‘lgan. Bu esa, Markaziy bankni qayta moliyalash stavkasini oshirishga majbur qilgan. O‘z navbatida Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining oshishi tijorat banklari kreditlarining foiz stavkalarini oshib ketishiga olib keldi. Bu esa, mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga nisbatan salbiy ta’sirni yuzaga keltiradi.
Xulosa qilib aytganda, birinchidan, inflyasion targetlash inflyasiyaga qarshi kurashishning nisbatan samarali usuli sifatida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanilmoqda; ikkinchidan, inflyasion targetlash rejimiga o‘tilganlgini uch omil tasdiqlaydi; uchinchidan, inflyasion targetlash rejimini muvaffaqiyatli qo‘llash uchun ma’lum shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lish kerak; to‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasida 2020 yildan boshlab inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish uchun me’yoriy-huquqiy asos yaratildi.
Z.A. Xolmaxmadov
Toshkent moliya instituti huzuridagi
Moliya-bank xodimlarining malakasini oshirish
va ularni qayta tayyorlash tarmoqlararo instituti direktori,
i.f.n., dotsent
Izoh qoldirish