Ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qo‘shimcha 2 mingta kvota ajratiladi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 60 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida aytib o‘tdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.
Shu bilan birga, «Daftarlar»ga kirgan oilalarning yangi turmush qurayotgan farzandlariga o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy tiklashi uchun 33 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, «Temir daftar» da qayd etilgan oilalarning har bir farzandiga o‘quv qurollari va maktab formasi sotib olish uchun avgust oyida 500 ming so‘mdan moddiy yordam berilishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish