O‘zbekiston-Koreya: iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston-Koreya: iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

– 1992 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik izchil, jadal va samarali rivojlanib bormoqda. 2006 yilda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.

Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya muhim o‘rin tutadi. 2018 yildan buyon ikki mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining iqtisodiy masalalar bo‘yicha uchrashuvlari formati joriy etildi. 2018 yilda Incheon shahrida O‘zbekiston-Koreya savdo uyi ochildi, bu O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Koreya bozorlariga yetkazib berishda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya bugungi kunda axborot texnologiyalari, raqamli tibbiyot, ta’lim va madaniyat sohalarida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatimiz maktabgacha ta’lim tizimiga Janubiy Koreya tajribasi keng joriy etilmoqda. Toshkentda Koreya universitetlarining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiy islohotlar modelida ham sezilarli o‘xshashlik mavjud-ikkala mamlakatda ham iqtisodiy o‘zgarishlarda davlat yetakchi rol o‘ynaydi, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga katta e’tibor qaratiladi, islohotlar jarayonida dastlabki bosqichlarning sanoat siyosati eksportga yo‘naltirilgan siyosatga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi yillar dinamikasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Seul shahriga davlat tashrifi O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Qariyb 10 milliard dollarlik hujjatlar va bitimlar, jumladan, Hyundai, Evergreen Holdings, Youngone Corporation, Hwachon Plant-Gemco kabi kompaniyalar bilan bir qancha yirik investitsiya shartnomalari imzolandi. Shu bilan birga, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasida O‘zbekistonning koreyalik mutaxassislari tomonidan texnik, maslahat va ekspert yordami ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

2019 yil 18 aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida Maxsus strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi, muhim kelishuvlarga erishildi va umumiy qiymati 12 milliard dollardan ortiq bitimlar imzolandi. Ular energetika, neft-gaz, kimyo, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik va yengil sanoat, transport va logistika, infratuzilma, AKT, raqamli tibbiyot kabi sohalarni qamrab olgan. Ulardan, xususan, xaridorgir dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Angren” iqtisodiy zonasini “Incheon” erkin iqtisodiy zonasi boshqaruviga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim e’tiborga loyiqdir.

2021 yil 28 yanvar kuni pandemiya sababli O‘zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In sammiti videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi. Onlayn sammit yakunlari bo‘yicha "to‘rtinchi sanoat inqilobi"ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "raqamlashtirish" sohasida hamkorlik memorandumi, Janubiy Koreyaning iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (EDCF) bilan 1 milliard dollar va boshqalar, shuningdek, Koreya "yangi kurs" loyihasining asosiy elementi bo‘lgan raqamli va yashil sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari, ushbu sammit davomida ikki mamlakat rahbarlari ikki tomonlama erkin savdo bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib oldi. "Barqaror savdo-iqtisodiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim" (STEP) tashqi savdo operatsiyalari bilan bog‘liq tartib-taomillarni yengillashtiradi va eksportni rag‘batlantiradi. Ushbu shartnomani tuzish Janubiy Koreyaning yangi Shimoliy siyosati doirasida Koreya yarim orolining shimolida joylashgan mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan birinchi savdo shartnomasi bo‘lishi mumkin.

Tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 1070,4 million dollardan 2019 yilda 2767,7 million dollargacha o‘sdi, pandemiya ta’sirida biroz pasayib, 2020 yilda 2150,7 million dollarni tashkil etdi. 2016 yilga nisbatan o‘sish 2019 yilda 258,6 foizni, 2020 yilda esa 200,9 foizni tashkil etdi. Agar 2016 yilda Koreyaning O‘zbekiston bilan savdodagi ulushi 4,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 5,9 foizga yetdi. O‘zbekiston bilan savdoda Koreya importining ulushi xuddi shu davrda 7,2 foizdan 9,9 foizga o‘sdi.

Agar 2017 yil oxirida Koreyadan sarmoya ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 510 tani tashkil etgan bo‘lsa, 1 noyabr holatiga ko‘ra 2021 yilda O‘zbekistonda shunga o‘xshash 928 ta korxona faoliyat olib borgan. Birgina 2021 yilning yanvar-oktyabr oylarida Koreya kapitali ishtirokida 80 ta korxona tashkil etildi. Umuman olganda, 2018-2021 yillarda Koreya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 1,8 barobar oshdi. Koreyaning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalarining umumiy hajmi 7 milliard dollardan oshdi.

Mehnat muhojirlari O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun hamda Koreya mehnat bozorining talab va taklif muvozanatini saqlashda muhim ahamiyatga ega. Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan so‘nggi yillarda jadal o‘sib borayotgan uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risida bitim tuzgan birinchi davlatlardan biri bo‘lgan.

Hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga joriy davlat tashrifi O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini tahlil qilish jihatidan dolzard hisoblanadi. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Koreya Xalqaro iqtisodiy siyosati instituti bilan hamkorlikda tadqiqot o‘tkazdi va unga ko‘ra O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida tuzulgan savdo-sotiq va iqtisodiy shartnomalar ikki davlat uchun ham YaIM hajmini oshirish imkoniyatini beradi. Xususan, shartnomaning tuzilishi Koreyadan avtomobillar, butlovchi qismlar va ehtiyot qismlar hamda metallurgiya mahsulotlari importining oshishiga olib keladi.

Bu erkin savdo rejimini o‘rnatish va iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish O‘zbekiston uchun ham, Koreya uchun ham foydali ekanini ko‘rsatadi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlari va hamkorlik yo‘nalishlarida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.

Koreya va O‘zbekiston bojxona xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonda elektron bojxona xizmatlarini takomillashtirish, Koreya (KONEPS) va O‘zbekiston (dxarid) elektron xarid tizimlarining eng yangi IT-texnologiyalarini joriy etish maqsadida o‘zaro hamkorligi uchun o‘zaro savdoni rivojlantirish va kengaytirish, davlat xaridlarida va CRM (mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish tizimi) asosida individual axborot xizmatini yaratish samarali hisoblanadi.

Ishonchli va dinamik transport-logistika aloqalari mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishda Koreya bilan Koreyaning yetakchi havo yuk tashuvchilarini jalb qilgan holda Toshkent viloyatida zamonaviy transport-logistika “xab”ini yaratish loyihasini hamkorlikda ishlab chiqish katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Sanoatda Koreya mutaxassislari bilan birgalikda Koreya tajribasi asosida metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik kabi sohalarga ixtisoslashgan qora metall mahsulotlari ishlab chiqarish klasterlari bilan integratsiyalashgan texnopolislarni tashkil etish muhim loyihalardan hisoblanadi.

Metallurgiya sanoati Koreyaning an’anaviy ravishda yetakchi tarmoqlaridan biri ekanini inobatga olsak, temir rudasi konlarini joylashish joylarini o‘zlashtirish orqali O‘zbekistonda qo‘shma metallurgiya korxonalarini tashkil etish muhim ahamiyatga ega va ulkan qiziqish uyg‘otadi.

Koreya Janubiy Osiyoda shisha ishlab chiqaruvchi yetakchi davlatlardan biri bo‘lganligi sababli O‘zbekistonda Koreyaning yirik qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish, xususan, mahalliy xomashyo asosida ushbu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish katta istiqbolga ega bo‘lishi mumkin.

Elektrotexnika sohasida Koreyaning yetakchi kompaniyalari (Samsung Electronics, LG) bilan yangi qo‘shma korxonalar, xususan, yangi avlod maishiy texnika – televizorlar, muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, konditsionerlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik davom ettirilishi bilan istiqbollidir.

(Masalan, Samsung Electronics dunyoda eng yaxshi deb topilgan keyingi avlod Neo QLED, Micro LED va Lifestyle televizorlarini sotuvga chiqardi). Koreyaning elektrotexnika sanoatiga innovatsiyalar va ilmiy-tadqiqot ishlariga investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajribasini o‘rganish O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish uchun katta yordam berishi mumkin.

Kimyo sanoati sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish ham istiqbolli hisoblanadi. Xususan, bu boradagi hamkorlik bo‘yicha olib borilgan izlanishlardan ko‘rinib turibdiki, erkin savdo shartnomasi tuzilgan taqdirda O‘zbekistonning Koreyaga azotli va kaliyli o‘g‘itlar eksporti hajmi oshadi.

Yana bir istiqbolli rejelardan biri O‘zbekistonda ilg‘or Koreya texnologiyalari asosida silikon polimer katalizatorlar (quyosh batareyalari ishlab chiqarish uchun xomashyo) ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish. Koreyada “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga e’tibor kuchayib borayotgani sababli, O‘zbekistonda kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha “yashil” strategiyani ishlab chiqishda Korealik mutaxassislar ishtirok etishi maqsadga muvofiq.

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida avtomobilsozlik sohasidagi hamkorlik 90-yillarda Asaka shahridagi “UZ–DEU auto” avtomobil zavodi tashkil etilganidan buyon uzoq tarixga ega bo‘lib, bu O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, bu boradagi hamkorlikni rivojlantirish salohiyati ancha yuqoriligicha qolmoqda.

Avtomobil sanoati sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik katta imkoniyatlar ochmoqda, jumladan, O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni mahalliylashtirish (Hyundai, KIA) doirasida mahalliy kadrlarni Koreyada tayyorlash, O‘zbekistonda o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha Koreya Oliy o‘quv yurtlarida mashinasozlik, muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zbek mutaxassislarini o‘qitish va stajirovkadan o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik katta imkoniyatlar yaratmoqda.

To‘qimachilik sanoati va kiyim-kechak ishlab chiqarishda O‘zbekistonda ishlab chiqarish ob’yektlarini ochish va O‘zbekiston hududlarida O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparkining filiallarini kengaytirish va yaratish uchun Koreya kiyim to‘qimachilik kompaniyalarining moda brendlarini jalb qilish istiqbolli bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini Koreyaga eksport qilishni oshirish rentabelligini quyidagi raqamlar ko‘rsatib turibdi. 2021 yilda O‘zbekiston Koreyaga 206 tonna gilos yetkazib berdi (2017 yilda rekord darajada - 400 tonna), AQSh esa 12 ming tonna, lekin koreyalik iste’molchilar uchun o‘rtacha AQShdan olingan gilos narxi o‘zbeklarnikidan ikki barobar qimmat turadi. O‘zbek gilosini Koreyaga eksport qilish hajmini oshirish Koreya investitsiyalari va texnologiyalari tomonidan O‘zbekistonda yirik kalibrli gilos yetishtirish uchun intensiv bog‘lar yaratilishiga yordam beradi.

Toshkentdagi «Inxa» va «Puchon» universitetlari va «Yodju» texnika institutining ijobiy tajribasiga asoslangan fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikning chuqurlashuviga Koreyaning O‘zbekistondagi yetakchi ilmiy-texnika institutlarining yangi filiallari ochilishi yordam beradi.

Shunday qilib, Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanishda davom etmoqda, biroq uning keng tarmoq va yo‘nalishlarda chuqurlashishi uchun katta salohiyat mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In o‘rtasidagi ushbu uchrashuv ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida hamkorlikni chuqurlashtirish sohasida yangi yechimlarga olib kelishiga ishonch hosil qilishimiz mumkin.

Obid Hakimov, Iqtisodiy tadqiqotlar vaislohotlar markazi direktori

"The Korea Post" jurnali


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar