Kompleks yondashuv iqtisodiyotning turli sohalaridagi tadbirkorlik faoliyatini mintaqaviy darajada tahlil qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish tendensiyalari va qonuniyatlarni baholash, shuningdek, respublikaning har bir hududining iqtisodiy dinamikasiga ta’sir etuvchi asosiy omillarni aniqlash imkonini beradi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, oktyabr oyida soliq tushumlari 2023 yilning shu davriga nisbatan 15,0%ga o‘sish bilan ijobiy dinamikani ko‘rsatdi, bu esa tadbirkorlik faoliyatini barqarorligidan dalolat beradi. Soliq tushumlarining hududiy dinamikasini tahlil qilish natijasida quyidagi tendensiyalar aniqlandi. Surxondaryo viloyatida soliq tushumlari bo‘yicha eng yuqori o‘sish qayd etildi -15,4%. Xorazm, Andijon va Samarqand viloyatlarida ham sezilarli o‘sish kuzatildi – mos ravishda 12,1%, 11,2% va 11,1%. Eng katta o‘sish Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan bo‘lib, 18,9%ni tashkil etdi.
Soliq tushumlari bo‘yicha tahlilda daromad solig‘i 18,2%ga oshgan, bu esa aholi bandligi va daromadlarining oshganligini ko‘rsatadi. Mulk solig‘i 38,9%ga, yer solig‘i esa 26,3%ga oshdi.
Bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 10,4%ga oshdi. Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Qashqadaryo viloyatida qayd etildi va 120%dan oshdi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida ham sezilarli o‘sish kuzatildi-60%dan ortiq. Buxoro va Jizzax viloyatlarida o‘sish qariyb 50%ni tashkil etdi.
Bojxona tushumlarining o‘sishi bir qator asosiy tovar yo‘nalishlari bo‘yicha mahsulotlar importi hajmining o‘sishi bilan bog‘liq. Metall va metall buyumlar, elektr jihozlari va uning tarkibiy qismlari, oziq-ovqat mahsulotlari, neft va neft mahsulotlari, farmatsevtika mahsulotlari, shuningdek, tabiiy gaz toifalarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Tovarlar eksporti yil boshidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,6%ga o‘sdi.
Eksportning sezilarli o‘sishi Navoiy - 49,1%, Xorazm - 38,1% va Qashqadaryo - 26,9% viloyatlarida kuzatildi.
Tahlil qilinayotgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi 10,2%ga oshdi. Kreditlashning eng katta o‘sishi Toshkent - 15,9%, Qashqadaryo - 13,9%, Farg‘ona - 10,4%, viloyatlari va Toshkent shahrida - 20,5% qayd etildi.
Tahlil qilinayotgan davrda 66 870 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilgan, ularning eng ko‘pi Xorazm (5 940), Toshkent (5 834), Samarqand (5 566), Farg‘ona (5 267) viloyatlarida va Toshkent (14 119) shahrida ro‘yxatga olingan.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 22,7%ga o‘sdi. Birja faolligining sezilarli o‘sishi Xorazm (66,7%), Surxondaryo (57,8%), Sirdaryo (51,2%), Buxoro (47,1%), Jizzax (41,7%) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (67,9%) kuzatildi.
Ushbu hududlarda bitimlar hajmining o‘sishi paxta tolasi, neft mahsulotlari, qurilish materiallari, sement, bug‘doy, mineral o‘g‘itlar, urug‘lar, o‘simlik moyi va boshqalar kabi tovarlarni sotishni ko‘paytirish hisobiga ta’minlanadi. Birjadagi bitimlar hajmining o‘sishi yuridik shaxslar faolligining oshishi va jismoniy shaxslar daromadlarining ko‘payishidan dalolat beradi, bu esa o‘z navbatida talab omillari orqali tadbirkorlik faolligining oshishiga yordam beradi.
Sultonmurod Ozodov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish