O‘zbekiston yunilateralizmdan multilateralizmga o‘tishni namoyish etdi — IPSE eksperti

O‘zbekiston yunilateralizmdan multilateralizmga o‘tishni namoyish etdi — IPSE eksperti

Joriy yilning 9 dekabr kuni Parijda (Fransiya) O‘zbekiston tahlil markazlari delegatsiyasi “Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarining dolzarb masalalari va O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi, shuningdek, vvropalik hamkorlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida Yevropada xavfsizlik va prognozlash instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Davra suhbati”da Yevropada xavfsizlik va prognozlash instituti tomonidan jalb etilgan 40 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston ekspertlar hamjamiyatidan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Xalqaro munosabatlar axborot-tahliliy markazi, Taraqqiyot strategiyasi markazi, Tashqi siyosat tadqiqotlari va xalqaro tashabbuslar markazining yetakchi tahlilchilari ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nodir G‘aniyev konferensiyani ochar ekan, 2017 yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ahamiyati, shuningdek, mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari muhimligini alohida ta’kidladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) direktori Obid Xakimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, “O‘zbekiston-YeI” formatidagi hamkorlik to‘g‘risida ma’lumot berib, Markaziy Osiyo mintaqasi bilan bog‘liq masalalarni batafsil yoritib berdi.

CERR tahliliga ko‘ra, hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari aniqlandi. Xususan, O‘zbekiston Fransiya tomonidan sezilarli miqdorda butun dunyodan import qilinadigan bir qator mahsulotlarni yetkazib berishni kengaytirishi mumkin.

Hamkorlikni qiziqtirgan asosiy tarmoqlar yuqori texnologiyali tarmoqlar bo‘lib, ular orasida: metallurgiya mahsulotlari, kimyo va to‘qimachilik mahsulotlari, meva va sabzavotlar, shu jumladan, qayta ishlanganlar, polimerlar va ayrim turdagi elektrotexnika mahsulotlarining ayrim turlari mavjud.

Shuningdek, oziq – ovqat va farmatsevtika sanoati, qishloq xo‘jaligi, xususan, vinochilik sohalarida, shuningdek, O‘zbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari mavjud.

Markazning hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo eng maqbul rejim asosida amalga oshiriladi. 7 yil davomida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada 3,8 barobar oshdi. Birgina 2023 yilning o‘zida u $985 mln.ni, shundan eksport $392 mln.ni va import $593 mln.ni tashkil etdi.

Faol va istiqbolli investitsiya loyihalarining umumiy portfeli 2018-2023 yillarda $11 mlrd.dan oshdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Fransiya kapitali ishtirokidagi 42 ta korxona, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 1000 dan ortiq kompaniyalar faoliyat yuritmoqda.

O‘z navbatida, Fransiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish bildirib, hamkorlikning Yevropa iqtisodiy doiralari uchun muhimligini ta’kidladi.

Yevropada xavfsizlik va prognozlash instituti (IPSE) direktori E.Dyupyui O‘zbekiston Fransiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori ekanligini va ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik rivojlanib borayotganligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston oxirgi yillarda ijobiy yo‘nalishda ancha o‘zgardi, ochiq va muvozanatli tashqi siyosat yuritmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.

Shu bilan birga, ekspert mamlakat faqat ikki tomonlama aloqalarga tayanmasdan, turli xalqaro sheriklar bilan ko‘p tomonlama munosabatlar va hamkorlikni faol rivojlantira boshlaganini ta’kidladi.

“2017 yildan boshlab Prezident Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston yunilateralizmdan multilateralizmga o‘tishni namoyish etdi. Bunday yondashuv O‘zbekistonga nafaqat xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, balki barqaror iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy taraqqiyotga hissa qo‘shadigan investitsiya, texnologiya va tajribani jalb qilish imkonini beradi”, - dedi Yevropada xavfsizligi va prognozlash instituti direktori.

E.Dyupyui, shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng strategik muhim davlat sifatida O‘zbekistonning barqarorligi va farovonligi butun mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Fransiya Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy institutining (INALCO) Markaziy Osiyo bo‘yicha professori Katrin Pujol Markaziy Osiyo tadqiqotlari institutida (IFEAC) ishlagani va O‘zbekistonni yaxshi bilishini ta’kidladi.

K. Pujolning fikricha, O‘zbekistonning asosiy boyligi inson kapitalida. Uning ta’kidlashicha, mamlakat ahaolisining ko‘p qismini yoshlar tashkil etishi o‘sish va taraqqiyot uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Professor Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilish muhimligini tushunib yetishganini ta’kidladi.

“Hozirda Markaziy Osiyoning eng salohiyatli davlatlari O‘zbekiston va Qozog‘iston YeI integratsiyasidagi Fransiya va Germaniya tandemini eslatadi. Bugun bu ikki davlat o‘zaro raqobatni chetga surib, hamkorlik qilishga va mintaqaning boshqa davlatlarini ushbu jarayonga jalb qilishga harakat qilmoqda”, - deya ta’kidladi professor K.Pujol.

Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari buni yaqqol tasdiqlaydi. Shu o‘rinda, u joriy yil avgust oyida Ostona shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan iqlim o‘zgarishi, mintaqadagi ekologik vaziyat va Transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqishga qaratilgan tashabbuslariga e’tibor qaratdi.

Fransiya xalqaro munosabatlar instituti (IFRI) sobiq vakili, ekspert M.Levinson Markaziy Osiyoda O‘zbekiston va Qozog‘iston salohiyatli davlatlar ekanligini ta’kidlab, ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganligiga e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishni faol qo‘llab-quvvatlaydi va iqtisodiy hamkorlik orqali mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga intiladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish fonida Fransiya biznesi tomonidan qiziqish ortmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Fransiyaning yirik kompaniyalari O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirmoqda”. Xususan, xorijiy investorlarning huquqlarini himoya qilish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Frankofoniya Parlament Assambleyasi bosh kotibi D.Sesselin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan hamkorlik o‘rnatishdan mafaatdor ekanligini bildirdi.

“Davra suhbati”da O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish jarayoni, shuningdek, respublikaning mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati yuqori baholandi.

Tadbir yakunida Fransiyaning siyosiy va iqtisodiy doiralari vakillari respublikaning ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor yekanliklarini bildirdilar.

2024 yilning 9-12 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Yevropa siyosatini belgilovchi va ekspert doiralarini mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonlari haqida xabardor qilish doirasida Parij va Bryussel shaharlariga tashrif buyuradi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, turli sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlarni muhokama qilishdan iborat.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Telefon: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar