Toshkent shahridagi Hilton Tashkent City mehmonxonasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (keyingi o‘rinlarda Bandlik vazirligi deb yuritiladi) bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etish" II Xalqaro forumi (keyingi o‘rinlarda Forum deb yuritiladi) BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida bo‘lib o‘tdi.
Alfred Nobel mukofoti laureati, kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha J-PAL global tashabbusi hammuassisi — Abhijit Banerji Forum ishtirokchilariga murojaat qildi.
Banerjining ta’kidlashicha, dunyo hukumatlari koronavirus pandemiyasiga javoban ijtimoiy himoya dasturlarini kuchaytirmoqda, xususan, bugungi kunga qadar 3856 ga yaqin dastur rejalashtirilgan yoki amalga oshirilgan.
“Masalan, O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsa ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda foydalaniladigan vositalar juda muhim. Gap maqsadli auditoriyani to‘g‘ri aniqlash, ularga nima kerakligi, ularni qanday qo‘llab-quvvatlash kerakligi, qanday ajratib olish zarurligi, eng kambag‘allar va dastlabki yordamga muhtojlarni aniqlash va h.k.lar haqida ketmoqda. Turli maqsadli auditoriyalar uchun muammolarning turli yechimlar zarurligi, ta’lim tizimi qanday tuzilgani - bularning bari murakkab vazifadir. Lekin men mamlakatingiz o‘zining namunasi bilan boshqa mamlakatlarga kambag‘allikka qarshi qanday kurashish kerakligini ko‘rsatayotganidan mamnunman. Bu yerda turib mamlakatda o‘zgarishlar ruhini his qilmoqdaman va keling, “buni birgalikda amalga oshiramiz", deb ayta olishimdan faxrlanaman!”, – deb qayd etdi Nobel mukofoti laureati.
A. Banerji o‘z taqdimotida dastur va imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda ko‘plab mamlakatlar ijtimoiy himoya tizimlari va muassasalariga investitsiyalar kiritish qanchalik muhimligini ko‘rsatib, mavjud dasturiy platformalarga tayanganini ta’kidladi. J-PAL tadqiqotchilari Hindiston, Bangladesh va Gana hamda boshqa mamlakatlarda ijtimoiy himoya dasturlarini baholadilar. A. Banerjining so‘zlariga ko‘ra, yaxshi ishlab chiqilgan randomizatsiyalangan (tasodifiy) baholashlar aniq farazlarni sinab ko‘rishi va ularning sabab-oqibat munosabatlarini aniqlashi mumkin. Ular vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan mexanizmlar haqida tushuncha beradi va ularning natijalari barchamizni hayratda qoldiradi.
A. Banerji dunyoda qabul qilingan ijtimoiy dasturlar haqida gapirar ekan, qaysi dasturlar haqiqatan ham ishlayotgani va qaysi biri ishlamasligi haqida juda kam narsa ma’lum ekanligini aytdi. Shu bilan birga, bunday dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar haqiqiy ma’lumotlar asosida emas, balki intuitiv ravishda qabul qilinadi. Ekspertning ta’kidlashicha, Hindiston ko‘p o‘lchovli kambag‘allikda yashovchi (mamlakat aholisining 25%) dunyodagi eng ko‘p aholiga ega.
A. Banerji iqtisodiy nazariya samarali siyosatni ishlab chiqishda faqat boshlang‘ich nuqta ekanligini ta’kidladi.
"Iqtisodiy nazariya taxminlarga asoslanadi, u haqiqiy vaziyat haqida to‘liq tasavvur bermaydi va taxminlar ko‘pincha tasdiqlanmaydi va bir-biriga mos kelmaydi. Shu bilan birga, iqtisodiy modellar bizni turli xil mumkin bo‘lgan mexanizmlar haqida juda yaxshi ogohlantiradi, ammo ular bizga ushbu mexanizmlarning qaysi biri aslida ishlashini va qaysi biri ishlamasligini aytmaydi. Biroq, iqtisodiy samaradorlikni hisobga olgan holda turli xil samarali yechimlar mavjud", - deya ta’kidladi ekspert.
Ta’lim sohasidagi tasdiqlangan mexanizmlar haqida gapirganda, ekspert uchta istiqbolli yondashuvni qayd etdi: 1 - korreksion ta’lim dasturi orqali past natijalar ko‘rsatgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash; 2 – mashinaviy o‘qish-o‘rgatish yordamida qo‘shimcha o‘rgatuvchi materiallar taqdim etish; 3 – o‘qish ko‘nikmalarini yaxshilash orqali Read-a-thon dasturidan orvali ma’lum bir mahoratga e’tibor qaratish.
Shuningdek, espert ekologiyaning uy xo‘jaliklari farovonligi darajasiga ta’siri haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bino ichidagi havoning ifloslanishi butun dunyoda sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Shunday qilib, dunyodagi uy xo‘jaliklarining uchdan bir qismi qazib olinadigan yoqilg‘idan, shu jumladan, ko‘mirdan foydalanadi. Natijada binodagi havoning ifloslanishi ayollar va yosh bolalarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatadi.
Qanday yechimlar aqlga keladi? Uy xo‘jaliklarida zamonaviy oshxona pechkalari va havo so‘rish momlamasini o‘rnatish, shuningdek, ekologik toza yoqilg‘idan foydalanish. Biroq, zamonaviy plitalar sog‘likka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi? Ular kamroq yoqilg‘i iste’mol qiladimi va atmosferaga chiqindilar kamroq chiqadimi? Odamlar ulardan foydalanishga rozi bo‘ladimi? Hindistonda o‘tkazilgan randomizatsiyalangan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, zamonaviy oshxona pechkalari kam iste’mol tufayli salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilamagan. Buning sabablaridan biri shundaki, uy xo‘jaliklari yaxshilangan pechkalarni muntazam va to‘g‘ri foydalanmagan.
Banerji O‘zbekistonda dalillarga asoslangan tadqiqotlar o‘tkazish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni aytib o‘tdi:
- Ijtimoiy himoya dasturlarining samaradorligini baholash. Bunda, ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘ri odamlarga yetib borishi, kerakli effektni berishi uchun nimalarni o‘zgartirish kerakligi o‘rganiladi.
- Biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yo‘llarini aniqlash. Xususan, turli soliq imtiyozlariga yangi tadbirkorlarning munosabatini o‘rganish. Ayniqsa, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashda qanday chora-tadbirlar samarali bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqish.
- Kasbiy ta’limning qanday shakllari samarali ekanini aniqlash. Muvaffaqiyatli bandlik natijalarini qo‘llab-quvvatlash uchun eng tejamkor usullar qaysi? Ishchilarga ularni o‘qitishdan tashqari yana qanday yordam kerak bo‘lishi mumkin?
- Shuningdek, maktab ta’limidagi sifat masalasi. Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim natijalarini yaxshilash uchun qanday pedagogik tadbirlar foydali bo‘lishi mumkin? Maktabgacha ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlari kengayib borar ekan, bolalarni qamrab olishni rag‘batlantirish va sifatni yaxshilash uchun yana qanday choralar ko‘rish kerak?
Izoh qoldirish