Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Aholi soni o‘sishi bilan uy-joyga ehtiyoj ham oshishi tabiiy. O‘tgan to‘rt yilda 140 mingta uy-joy barpo etildi. Yiliga qurilgan uylarning o‘rtacha soni taqqoslanganda, bu avvalgi davrdagi ko‘rsatkichdan 4-5 baravar ko‘pdir.
Uyga ehtiyoji bor oilalar hali ham ko‘p.
Prezident aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlash, bu borada tanlash imkoniyatini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu maqsadda joriy yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlash mo‘ljallanmoqda. Jumladan, davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta uy quriladi.
Shundan “Qishloq qurilish invest” va “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyalari tomonidan 12 mingta uy, Moliya vazirligi tijorat banklariga joylashtiradigan resurslar hisobiga 26 ming 500 ta kvartira, xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan 8 mingta xonadon foydalanishga topshiriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 500 tagacha, jami 6,5 mingta oilaga kredit beriladi. Bundan tashqari, og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan mingta oila, ayniqsa, ayollarga ijara asosida ijtimoiy uy-joylar ajratiladi.
Hududlar miqyosida aytganda, Qoraqalpog‘istonda 2290 ta, Andijonda 4665 ta, Buxoroda 3220 ta, Jizzaxda 1670 ta, Qashqadaryoda 3710 ta, Navoiyda 1836 ta, Namanganda 4025 ta, Samarqandda 4479 ta, Surxondaryoda 3989 ta, Sirdaryoda 1414 ta, Toshkent viloyatida 4046 ta, Farg‘onada 4530 ta, Xorazmda 3016 ta va Toshkent shahrida 7556 ta uy-joy qurib bitkaziladi.
– Bugungi kungacha bunday hajmdagi qurilish dasturini amalga oshirmaganmiz. Shuning uchun, har bir viloyat hokimi uy-joy masalasi bilan chuqur shug‘ullanib, aniq hisob-kitobga ega bo‘lishi kerak. Eng katta masala – bu uy-joylarning narxini adolatli shakllantirish. Bugungi narx-navodan odamlarimiz rozi emas, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlariga qurilish materiallarini arzonroq va yaqinroqdan olib, bir kvadrat metr uy narxini 4 million so‘mdan oshirmaslik choralarni ko‘rish vazifasi qo‘yildi..
Masalan, gazobeton bloklarini joylarda ishlab chiqarish orqali tannarxni kamaytirish mumkin. Shu bois “O‘zstandart” agentligiga har bir hududda gazobeton ishlab chiqaruvchilarni standartlarga o‘rgatib, mahsulotlarini sertifikatlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Izoh qoldirish