2023 yil 31 mart, juma kuni Buxoro shahrida “Konstitutsion islohot ustuvorliklari: O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan aholiga davlatimizning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘zgaruvchan rolini, uning ijtimoiy sohani boshqarishdagi vazifalari va mas’uliyatini tushuntirish, shuningdek, ijtimoiy davlatning o‘zbek modelini, uning shakllanishi va keyingi rivojlanish xususiyatlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Davra suhbatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbar darajasidagi mas’ul xodimlari va vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, respublika davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari, ilmiy va ta’lim muassasalari ekspertlari ishtirok etdi. Ushbu tadbirning moderatori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov bo‘ldi.
Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”dir. Mamlakatimiz tarixida birinchi marta O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi.
“O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish yo‘lidan dadil ketayotganini hisobga olib, «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida belgilanishi”, – haqida ta’kidlandi ma’ruzada.
Ma’ruzachilar Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar, avvalo, inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlanadigan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilganligi qayd etildi.
Shunday qilib, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar munosabati bilan iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan o‘smoqda, bu esa ijtimoiy vazifalarni hal etishga ko‘proq mablag‘ ajratishga imkon berdi. Agar 2018 yilda mamlakatning ijtimoiy siyosatga sarflangan xarajatlari 35 trln so‘mni, 2019 yilda 61,3 trln so‘mni, 2020 yilda 74,2 trln so‘mni, 2021 yilda 85,3 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda esa uning miqdori 105,5 trln so‘mdan ziyodga yetdi. Bu esa keyingi besh yilda ijtimoiy siyosatni izchil kuchaytirish imkonini berdi.
Davra suhbati davomida kambag‘allikni qisqartirish, sog‘liqni saqlashni ijtimoiy davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi sifatida rivojlantirish bosqichlari, maktabgacha va maktab ta’limi tizimini isloh qilish va rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslari, Konstitutsiyada o‘qituvchi maqomini mustahkamlash, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlardni va ijtimoiy sohada davlat oldida turgan uzoq muddatli vazifalarni muhokama qildilar.
Muhokama davomida ekspert olimlar, Oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talabalar, fuqarolik jamiyati vakillari, OAV vakillari ham savollar berishdi. Moderator referendumning mamlakatimiz aholisi hayotidagi eng muhim siyosiy ahamiyatini qayd etdi.
Tadbir yakunida, ishtirokchilar dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini beruvchi platforma yaratilgani uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Izoh qoldirish