O‘zbekiston hududlaridagi ishbilarmonlik faolligi — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi (+Infografika)

O‘zbekiston hududlaridagi ishbilarmonlik faolligi — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi (+Infografika)

Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 1 yanvaridan 27 iyunnigacha bo‘lgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,3%ga oshgan.

Shu bilan birga, soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi Farg‘ona (37,6% ga), Surxondaryo (37,5% ga), Samarqand (35,9% ga), Buxoro (35,9% ga), Xorazm (35,2% ga), Andijon (33,6% ga) viloyatlari va Toshkent (44,6% ga) shahrida qayd etildi.

Soliq tushumlarining o‘sishi iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirish, jumladan yangi ma’muriy vositalarni joriy etish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va soliq qonunchiligi talablariga rioya etish tartibini soddalashtirish hisobiga ta’minlandi.

Tahlil qilingan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2021 yilning shu davriga nisbatan 41,2%ga oshdi. Bojxona tushumlarining eng yuqori o‘sishi Xorazm (77,9%ga), Sirdaryo (70,6%ga), Andijon (61,3%ga), Buxoro (56,3%ga), Jizzax (49,8%ga) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (68,0%ga) kuzatildi.

Bojxona tushumlarining o‘sishi tashqi soliq solinadigan import hajmi va valyuta kursining oshishi, savdo aylanmasining o‘sishi, mamlakatimizda ishlab chiqarish quvvatlarining oshirishi, bojxona ma’muriyatchiligi tartib-taomillarini soddalashtirish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, jumladan, bojxona organlari tomonidan risklarni boshqarish tizimidan keng foydalanish hisobiga ta’minlandi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 27 iyunga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,4%ga oshgan. Tovarlar eksporti hajmining sezilarli o‘sishi Qashqadaryo (61,6%ga), Navoiy (52,5%ga), Samarqand (44,5%ga), Andijon (33,5%ga), Namangan (26,9%ga) viloyatlarida va Toshkent (53,0%ga) shahrida qayd etildi.

O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari bilan izohlanadi.

Tovarlar eksportining kamayishi Buxoro (22,2% ga), Surxondaryo (6,8% ga) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (17,0% ga) kuzatildi.

Buxoro viloyatida eksportning kamayishiga 2022 yilning yanvar-iyun oylarida paxta tolasining eksport hajmi kamaygani sabab bo‘lmoqda, bu esa ushbu mahsulotlarning ichki bozorga yo‘naltirilganligi bilan bog‘liq.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida eksport hajmining kamayishi plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar, ip-kalava va farmatsevtika mahsulotlari eksportining kamayganligi bilan, shuningdek, paxta tolasi eksportining butunlay bekor qilinishi va ichki bozorga yo‘naltirilishi bilan izohlanadi.

O‘z navbatida, Surxondaryo viloyatida eksport hajmining kamayishi meva-sabzavot mahsulotlari eksportining kamayishi hamda paxta tolasi va ip-kalavaning ichki bozorga yo‘naltirilishi bilan bog‘liq.

Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 42,8%ga oshdi. Birjada savdo faolligining sezilarli darajada o‘sishi Xorazm (68,1%ga), Navoiy (65,4%ga), Jizzax (54,6%ga) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (49,8%ga) va Toshkent shahrida (68,5%ga) kuzatilmoqda.

Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi texnik urug‘lar, mineral o‘g‘itlar, shakar, o‘simlik yog‘i, etil spirti, avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qurilish va maishiy materiallar, qora va rangli metallar va boshqalar kabi tovarlarni savdosini ko‘paytirish orqali ta’minlandi.

Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida 7,2%ga pasayish kuzatildi. Bu polipropilen, paxta tolasi, texnik urug‘lar, o‘simlik yog‘i, shrot va po‘stlog‘i, qora metall, sement, bug‘doy, sovun mahsuloti va chorva ozuqasi bilan savdo qilish bo‘yicha bitimlar soni va hajmining kamayishi bilan izohlanadi.

Yusup Jumabayev, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar