InnoWeek-2019. Xalqaro innovatsion-investitsion forumida 108,7 mln. dollarga teng anglashuv memorandumlari va investitsiya shartnomalari imzolandi

InnoWeek-2019. Xalqaro innovatsion-investitsion forumida 108,7 mln. dollarga teng anglashuv memorandumlari va investitsiya shartnomalari imzolandi

Haftalik doirasidagi yirik tadbir — “Xalqaro innovatsion-investitsion forum”da xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Xalqaro innovatsion-investitsion forumda 35 dan ortiq xorijiy va 20 nafardan ortiq mahalliy spikerlar qatnashdi. Xususan, BMT Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESKATO) Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi rahbari (OTTTM) Michiko Enomoto, Armaniston Respublikasi Yuqori texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Gegam Vardanyan forum spikerlari sifatida so‘zga chiqdi.

Haftalikning birinchi kunida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Xitoy, Turkiya, Isroil, Polsha va Hindistondan tashrif buyurgan investorlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 96,5 mln.dollarga teng bo‘lgan anglashuv memorandumlari imzolandi. Haftalikning ikkinchi kunida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Janubiy Koreya investorlari orasida ikki tomonlama hamkorlikni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 6,3 mln.dollar, uchinchi kunida investor va tashabbuskorlar ishtirokida umumiy qiymati 5,9 mln.dollarni tashkil etgan investitsiya shartnomalari imzolandi. Haftalik davomida jami umumiy qiymati 108,7 mln.dollarga teng bo‘lgan anglashuv memorandumlari va investitsiya shartnomalari imzolandi.

Xalqaro innovatsion-investitsion forum doirasidagi 3 ta seksiyalarda muhokamalar tashkil etildi.

Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston Respublikasi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga doir takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha davra suhbatida mamlakatimizni 2030 yilga kelib Global innovatsiyalar indeksida kuchli 50 ta davlat qatoriga qo‘shish kabi ulkan maqsad haqida so‘z ketdi. Mazkur mavzu vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan barcha yo‘nalishdagi ishlarning asosi bo‘lib hisoblanishi seminar davomida alohida ta’kidlandi. Shuningdek, seminarda birinchi marotaba Global innovatsion indeks (GII) asoschisi Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonni GII kirishidagi asosiy omillar borasida onlayn muloqoti amalga oshirildi. Tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari A.Nazarov, moliya vaziri o‘rinbosari O.Isakov, Elsevier Netherlands GII kompaniyasi hududiy direktori A.Ospanova va boshqa xorijiy va mahalliy ekspertlar qatnashdilar.

Qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan innovatsion yechimlar mavzusidagi seminarda Rossiya, Polsha, Isroil, O‘zbekiston va boshqa xorijiy davlatlar vakillari o‘zlarining taqdimotlari bilan chiqishdi. Tadbirda vazirliklar, idoralar, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot institutlari hamda issiqxona, baliqchilik, o‘simliklar yetishtirish sohalari vakillari bevosita ishtirok etdilar. Seminar davomida muhokamalar asosida ishtirokchilar aniq takliflar ishlab chiqish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida sun’iy intellektdan foydalanish va bu sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan seminarda qizg‘in muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Startaplar va innovatsion yechimlarning qo‘llanilishida sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni joriy etish yuzasidan ishtirokchilar o‘z chiqishlarini namoyish etdilar. Mazkur tadbirda 18 ta xorijiy davlatlaridan sohaning yetakchi kompaniya vakillari o‘z taqdimotlari bilan qatnashdilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar