So‘nggi vaqtlarda amalga oshirilayotgan jiddiy islohotlar qatorida O‘zbekiston uchun korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy ahamiyatga ega vazifalardan biriga aylandi. Chunki korrupsiya nafaqat demokratiyaning, umuman har qanday taraqqiyotning kushandasi ekani ma’lum.
Transparency International tashkilotining 2020 yilda e’lon qilgan reytinglariga ko‘ra, O‘zbekiston korrupsiya bo‘yicha 26 ball bilan 183 ta mamlakat orasida 146 o‘rinni qayd qilgan. Bu achinarli holat albatta.
Albatta, korrupsiya darajasini qisqartirishga turli omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ularning biri qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining o‘zida korrupsion normalarning mavjudligi va bunday normalarning amaliyotga joriy etilishining oldini olishdir.
Shunga ko‘ra, joriy yilning 24 fevralida adliya vaziri buyrug‘i (ro‘yxat raqami – 3287) bilan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklist to‘ldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tartib joriy etildi.
Bunda, hujjatning har bir normasi va qoidasi tahlil qilinib, korrupsiyaviy omil bor yoki yo‘qligi cheklistda aks ettiriladi.
Shu bilan birga, korrupsiyaviy omillar to‘liq qayta ko‘rib chiqildi hamda huquqni qo‘llovchilar va fuqarolarga ularning ma’nosi aniq, lo‘nda va batafsil misollar bilan yoritilgan metodika asosida tushuntirib berilyapti.
Jumladan, qonunchilikda asossiz ravishda istisnolar kiritilishini nazarda tutish cheklandi, qabul qilinayotgan norma barcha uchun yagona va umumiy bo‘lishi belgilandi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida korrupsiyaviy omillarga aniq misollar keltirildi.
Endilikda loyihalarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda jamoatchilik keng jalb qilinadi.
Bunda fuqarolar regulation.gov.uz portalida cheklist to‘ldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin.
Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi hozirgi kunda samarali yo‘lga qo‘yilgan huquqiy monitoring tizimi doirasida o‘tkazilishi belgilandi.
Hujjatdan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaning qonuniylashtirilib olinishiga o‘z vaqtida chek qo‘yishdir.
Izoh qoldirish