Prezident Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi davomida O‘zbekistonda va Rossiya o‘rtasida 30 ga yaqin hujjatni imzolash rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda Rossiya TIV matbuot xizmati.
«O‘zbekiston — Rossiyaning Markaziy Osiyodagi strategik sherigi va ittifoqdoshi. Rossiya—O‘zbekiston munosabatlari intensiv va ishonchli siyosiy muloqot bilan ajralib turadi, turli sohalarda izchil rivojlanib borayotgan an’anaviy do‘stona xarakterga ega», deyiladi vazirlik xabarida.
Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdo sheriklari o‘rtasida yetakchi o‘rinni egallaydi. 2017-2020 yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlashning yuqori o‘sish sur’atlari bu boradagi ko‘rsatkichlarni ikki baravar oshirish imkonini berdi. 2020 yil yakunlariga ko‘ra, tovar aylanmasi hajmi 5,9 milliard dollarni tashkil etgan (2016 yilda - 2,7 milliard dollar), Rossiya eksporti 2019 yilga nisbatan 19,2 foizga, (4,7 milliard dollar), O‘zbekiston mahsulotlarining importi esa 3,7 foiz oshgan (1,2 milliard dollar).
Rossiya tomonidan O‘zbekistonga yetkazib beriladigan asosiy tovarlar: mashinalar, uskunalar va transport vositalari (25 foiz, 1,65 milliard dollar), metall va ulardan tayyorlangan buyumlar (24,2 foiz, 1,13 milliard dollar), oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi xom ashyosi (14,6 foiz, 0,7 milliard dollar), yog‘och va sellyuloza-qog‘oz mahsulotlari (12 foiz, 0,6 milliard dollar), kimyo sanoati mahsulotlari, kauchuk (11 foiz, 0,5 milliard dollar), mineral mahsulotlar (9,4 foiz, 0,4 milliard dollar).
O‘zbekiston importining asosiy qismini to‘qimachilik, undan tayyorlangan mahsulotlar va oyoq kiyimlar (57 foiz, 0,7 milliard dollar), oziq-ovqat mahsulotlari va ularning xom ashyosi (27,6 foiz, 0,34 milliard dollar) va kimyo sanoati mahsulotlari, kauchuk (6,5 foiz, 0,08 milliard dollar) tashkil etmoqda. Rossiyada o‘zbek kapitali ishtirokidagi 600 dan ortiq korxona faoliyat yurityapti.
«Ikki mamlakat rahbariyati o‘zaro savdo hajmini o‘rta muddatli istiqbolda 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan.
Ikki tomonlama hamkorligimizning ‘flagman’ yo‘nalishi deya O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi atom elektrostansiyasining qurilishini aytib o‘tish mumkin. Bugungi kunda AES qurilishi bo‘yicha asosiy ishlarni amalga oshirish uchun ‘yo‘l xaritasi’ imzolangan. O‘zbekistonning atom sanoati uchun malakali kadrlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Rossiya OTMlarida atom energetikasi bo‘yicha 62 nafar o‘zbekistonlik talaba o‘qiyapti. 2019 yilning sentyabrida Toshkentda ‘Moskva muhandislik-fizika instituti’ milliy tadqiqot yadro universitetining birinchi xorijiy filiali ochilgan edi», deyiladi Rossiya TIV xabarida.
Shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy hamda harbiy-texnik hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida 2016 yilning noyabridan beri amalda bo‘lgan harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash manfaatlari yo‘lida strategik hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda, bu ayniqsa, ortib borayotgan yangi tahdid va chaqiriqlar fonida muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Qurolli kuchlari jamoalari Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etmoqda, o‘zbekistonlik ekspertlar musobaqalarda kuzatuvchi sifatida qatnashyapti.
Ta’kidlanishicha, Rossiya o‘zbekistonlik yoshlar Rossiya OTMlarida oliy ta’limni olishi uchun keng imkoniyatlarni bundan keyin ham taqdim etishga tayyor. O‘zbekistonda Rossiyaning 12 ta oliy ta’lim muassasasining filiallari faoliyat yuritmoqda. Rossiyaning o‘zida esa 35 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi oliy ta’lim dargohlarida o‘qiyapti, ularning 8,5 mingi - byudjet asosida.
Izoh qoldirish