Xuddi shu, ya’ni “inson manfaati hamma narsadan ustun”, degan tamoyil asosida ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida olib borilayotgan siyosat, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati yaratish, xalqimizning munosib turmush kechirishini ta’minlashga doir g‘oyalarga yo‘g‘rilgan va amalda shunday bo‘lyapti ham.
Aslida, hayotimizdagi har bir o‘zgarish muhim voqea. Jamiyatimizdagi har qanday yangilik zo‘r bir hodisa. Lekin biz kutadigan yana bir hodisa borki, unda aytiladigan fikrlar, ilgari suriladigan tashabbuslar butun mamlakat va butun xalqqa daxldorligi bilan ajralib turadi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidir. Yilda bir bor bo‘ladigan mazkur Murojaatnoma nafaqat qilingan ishlar sarhisobi, balki qilinajak ishlar, ertangi kunimiz uchun muhim rejalarni belgilash, tanlagan yo‘limiz istiqbolini tahlil etuvchi juda katta manba, kelgusi faoliyatimiz uchun dasturilamal hisoblanadi. Bu tadbir xalqimizning turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Chunki har bir Murojaatnomada keyingi yillarga mo‘ljallangan ezgu maqsadlarimiz, rejalarimizni aniqlashtirib olinadi va yil boshidanoq ularning ijrosiga kirishiladi.
Yanada diqqatga sazovor jihati, undagi g‘oya va takliflar aynan odamlar kutayotgan, hayotimizni yanada yaxshilishga, mamlakatimizni bundan-da taraqqiy ettirishga qaratilgan masalalardir. Undan barcha tarmoq va yo‘nalishlarga oid savollarga javob topish mumkin.
Shunday. O‘zbekistonda bu tadbir an’naga aylangan. 2017 yildan buyon tugayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yanagi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar aynan Murojaatnoma orqali e’lon qilinadi. Shu jihatdan olganda, unga butun xalqimiz, jamoatchilik, xorij davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar katta qiziqish bilan qaraydi, desak aslo mubolag‘a emas.
Prezidentimizning joriy yilgi Murojaatnomasida ham avvalgilaridek, 2023 yilga rejalashtirilgan ulkan maqsad va rejalarimiz, maqsadlarimiz batafsil keltirib o‘tildi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston o‘z oldiga oldiga qo‘ygan vazifalarni chuqur tahlil qilib berdi.
Erkin va farovon yashash kafolati
Mamlakatimizda har bir insonning huquq va erkinliklari to‘liq kafolatlangan. “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” g‘oyasi asosida shakklangan ushbu tamoyil tufayli odamlarimiz doimiy himoyada. Ularning dardu tashvishini yengil qilishni mamlakat o‘zining eng ustuvor va dolzarb vazifalari sifatida o‘z zimmasiga olgan. Binobarin, ikki yil avval O‘zbekistonda Inson huquqlari milliy strategiyasi qabul qilinib, tarixda birinchi marta mamlakatimiz BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylanishi ana shu sa’y-harakatlar mevasidir.
Bu — bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar butun shakl-shamoyil-yu, amaliy ijrosi bilan odamlar uchun ekanligini va bu ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganinini anglatadi.
Bu — so‘nggi besh yilda yanada yuqori marralarni ko‘zlagan Yangi O‘zbekistonning yangicha siyosati samarasi. Hayotning o‘zi isbotlayotgan bugungi kun haqiqati.
Bu — odamlarni asosiy boylik sifatida qadrlaydigan, e’zozlaydigan mamlakat rivojining bosh mezoni. Zero, Prezidentimiz navbatdagi Murojaatnomasida so‘zni O‘zbekiston nufusidan boshlagani islohotlar bundan keyin ham aholi farovonligi yo‘lida qat’iy davom ettirilishini bildiradi.
Buni Prezidentimizning “Behisob shukur, bu yil aholimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlod qo‘shilmoqda.
Bizning eng katta boyligimiz bu — aholimiz. Ularni asrab-avaylashimiz zarur.
O‘zbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a’zosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish uchun tinimsiz izlanayapmiz”, degan so‘zlaridan ham anglash qiyin emas.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, ijtimoiy masalalar — ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosatiga ham alohida to‘xtaldi. Ya’ni bu yil O‘zbekiston tarixida ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Masalan, 2017 yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar esa, 7 baravar ko‘paytirilib, yiliga 11 trillion so‘mga yetgan.
Muhimi, bu jarayon to‘xtab qolmaydi, aksincha, izchil va faol ravishda davom ettiriladi. Nimaga asoslanib, bunday fikrlayapmiz? Buning javobi ham Murojaatnomada aniq va lo‘nda qilib aytildi. Aniqrog‘i, Prezidentimiz tomonidan 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berilishining o‘ziyoq, bundan buyog‘iga ham O‘zbekistonda o‘zgarish va yangilanishlar, islohotlar, olib borilayotgan siyosat markazida inson va uning manfaati ustuvor maqsad hamda vazifa bo‘lib qolishidan, bu davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, shu muqaddas zaminda, yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilinayotganidan dalolatdir.
Bunga yana bir dalil sifatida Prezidentimizning “...Biz Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilayapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak. Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir" degan fikrlarini ham keltirish mumkin.
Ilk bor erishilgan natijalar
Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, Murojaatnomada “ilk bor” degan jumla bir necha bor takrorlandi. Bu hozirgi pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy, siyosiy inqirozlar sharoitida ham O‘zbekistonda oqilona va odilona yuritilayotgani, buni xalqaro hamjamiyat keng e’tirof etayotganidan darak beradi. Jumladan, joriy yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlariga 8 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, eksport hajmi 19 milliard dollarga yetgan.
Bilamiz, O‘zbekiston azaldan dunyo savdogarlari, ishbilarmonu tadbirkorlarining e’tiborini o‘ziga tortib kelgan. Bunda qadimiy Buyuk ipak yo‘lining ahamiyati katta bo‘lgan.
Bugun ham O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuviga ko‘ra, Shimol va Janubni, G‘arb va Sharqni magistral tranzit koridorlari orqali bog‘lab turuvchi Markaziy Osiyo mintaqasining o‘zagi hisoblanadi. Hozir dunyoda kuzatilayotgan vaziyat transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish va tashqi savdo yuklari tashiluvchi marshrutlarni deversifikatsiya qilishda umumiy yondashuvlarni talab etmoqda. O‘zbekistonda muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan hamkorlikda xalqaro yuk tashuvlarni yanada yengillashtirish, raqamli texnologiyalarni joriy qilish hamda mintaqaning tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar shular sirasidan. Bunda Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2021 yilda O‘zbekistonning TDTga a’zo mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 8,3 milliard dollarni tashkil etdi, shundan eksport hajmi 3,1 milliard dollarni, import hajmi 5,3 milliard dollarni tashkil etdi.
O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan 2021 yilda yuk tashish hajmi 27,6 million tonnani tashkil etgan bo‘lib, shundan 80 foizdan ortig‘i temir yo‘l, 18 foizdan ortig‘i esa avtomobil transporti hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ta’kidlash kerakki, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa transkontinental yo‘nalishlar turkiy davlatlar orqali o‘tadi. Shuning uchun ularning birlashuvi va integratsiyalashuvi nafaqat tranzit yuk tashish hajmi oshishiga olib keladi, balki Yevroosiyo qit’asining barcha mamlakatlari rivojlanishiga faol hissa qo‘shadi.
O‘zbekistonda keyingi yillarda hududlarni bir-biriga bog‘lay oladigan yangi transport kommunikatsiyalarini barpo etish bo‘yicha faol harakatlar olib borilayotgani ham diqqatga sazovordir. “Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” hamda “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘llari qurilishi loyihalari shular jumlasidan.
Bundan tashqari, mintaqa davlatlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Afg‘oniston” hamda “Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya - Yevropa” yangi multimodal transport yo‘nalishlari ishlab chiqildi. Yaqinda, ya’ni shu yilning 16 dekabr kuni ana kelishuvlar natijasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yuklari ortilgan birinchi konteyner blok poyezdi Bolgariyaning Burgas portiga yuborildi. Bu fikr va raqamlarni nimaga keltiryapmiz? Mamlakatning xalqaro doiradagi aloqalari, jahon bozor bilan integratsiyalashuvi ana shunday hamkorliklarga bevosita bog‘liq.
Bundan tashqari, oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar barpo etilgan. Gap bunyodkorlik haqida ketar ekan, loyihalari aholi bilan maslahatlashgan holda ishlab chiqilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarni alohida ta’kidlash zarur. Binobarin, hozirgi kunda respublikamizning 29 ta “Yangi O‘zbekiston” massivida 21 ming 312 xonadonga mo‘ljallangan 619 ta zamonaviy uy-joylar qad rostlayapti. Ko‘p qavatli uylar hamda muhandislik-transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari bilan bir butun kompleks tarzda qurilyapti. Kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod oila zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan uy-joylar bilan ta’minlanadi. Bu ham O‘zbekiston siyosati insonparvarlik tamoyillariga yo‘g‘rilganiga yana bir misol bo‘la oladi.
Respublikamizda kelgusi besh yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmini esa 30 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Agar, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 52 milliard dollarni tashkil etganini, joriy yilda 80 milliard dollardan oshganini inobatga olsak, biz ko‘zlangan marrani zabt etishimizga shak-shubha yo‘q.
2030 yilgacha ko‘zlangan yana bir maqsadimiz bor: O‘zbekistonning aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishi. Bugungi harakatlar shijoati, islohotlar izchilligi va faolligi ushbu maqsadlarga erishishimizga puxta zamin yaratadi.
Inson kapitaliga e’tibor — doim dolzarb va muhim
“Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot yo halokat,yo saodat yo falokat masalasidir”. Ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniyning bu so‘zlari asrimiz boshida qanchalik muhim va dolzarb ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugun ham undan kam emas. Chunki inson kamoli uchun kapital, avvalo, ta’lim va tarbiya yo‘li bilan yo‘naltiriladi. So‘nggi besh yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilib, ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalarimiz qamrovi avvalgi 27 foizdan 67 foizga ko‘tarildi.
Bundan tashqari, 200 ga yaqin yangi maktablar barpo etildi, 3 mingdan ortiq mavjud maktablar esa rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi.
Shu o‘tgan qisqa davrda 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliygoh tashkil etilib, oliy ta’lim dargohlarining umumiy soni 159 taga yetdi. Natijada maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi va bu yo‘nalishdagi ishlarimiz davom ettirilmoqda.
2023 yilning Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili sifatida belgilanishi bu boradagi ishlar yanada yangi bosqichda kengayishida katta yana bir katta qadam bo‘ladi. Binobarni, Murojaatnomada, birinchi navbatda, e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi ta’kidlandi.
O‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, kelgusi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
“Xalqimizda “ta’lim va tarbiya beshikdan boshlanadi” degan hikmatli bir so‘z bor. Faqat ma’rifat insonni kamolga, jamiyatni taraqqiyotga yetaklaydi. Shu sababli, ta’lim sohasidagi davlat siyosati uzluksiz ta’lim tizimi prinsipiga asoslanishi, ya’ni, ta’lim bog‘chadan boshlanishi va butun umr davom etishi lozim, deya ta’kilagandi davlatimiz rahbari 2018 yilgi Murojaatnomasida. 2023 yilning aynan sifatli ta’lim inson kamoliga atalgani bu boradagi ishlar izchilligini, Yangi O‘zbekiston siyosati bugungi ruhi va ahamiyatini yana bir karra isbotladi.
Prezident ta’kidlaganidek, bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim.
O‘quvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarur. Shu bois, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanadi. Ya’ni Kelayotgan yilda joylarda 70 ta yangi maktab quriladi, 460 tasi kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelasi besh yilda ularning soni 1 mingtaga yetkaziladi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti kelasi o‘quv yilidan barcha hududlarda joriy etiladi.
Shuningdek, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish maqsadida ularda yangi dastur amalga oshiriladi. Har bir viloyatda bittadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi.
Kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu tufayli Prezident ta’biri bilan aytganda, yangi zamon injenerlari tayyorlanadi.
Keyingi besh yilda bog‘chalar soni ko‘paytirilib, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash uchun dastur qabul qilinadi. Bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Pirovardida, maktabgacha ta’lim sohasida 7 mingdan ziyod yangi muassasalar tashkil etilib, qamrov darajasi hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkaziladi. Maktab ta’limi tizimi uchun o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘liq qayta ishlanadi va qo‘shimcha 1 million 200 ming o‘quvchi uchun yangi maktablar barpo etiladi, oliy ta’lim sohasidagi qamrov darajasi 50 foizga yetkaziladi.
Professional ta’lim tizimini ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni zamon talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyot ehtiyojlari uchun IT va muhandislik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan.
Har qanday jamiyat taraqqiyoti va istiqbolm belgilab olingan vazifalarga bog‘liq. Shu ma’noda, keng dunyoqarashli barkamol avlod hamda zamonaviy fikrlovchi, chuqur bilim va salohiyatga ega bo‘lgan kadrlar rivojlanish garovidir. Bunda esa ta’lim-tarbiya jarayonining o‘rni beqiyos.
O‘zbekiston o‘z oldiga Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan. Murojaatnomada keltirilgan vazifalar, taklif va tashubbuslar milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qilishiga shubha yo‘q. Zero, unda ko‘rsatilgan vazifa maqsadlar juda ko‘p. Maqolada ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdik, xolos.
Qalandar Abdurahmonov, akademik
Izoh qoldirish