O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaat qildi. 2 soat 25 daqiqa davom etgan tadbirda davlat rahbari ko‘plab sohalar bo‘yicha tashabbuslarini bildirdi.
Prezident bugungi dunyoda insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirayotganini ta’kidladi. Yer yuzidagi iqlimning keskin o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslar kamayishi bilan bog‘liq muammolar katta xatarlarga aylanmoqda. Xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 2023 yilga O‘zbekistonda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb nom berishni taklif qildi. Yig‘ilganlar bu tashabbusni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Davlat rahbari 2023 yili qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etilishini ma’lum qildi. Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi yangi moddalarni kiritish lozimligini ta’kidladi.
Murojaatdan so‘ng Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga qilgan Murojaatidan ko‘zlangan maqsadlari haqida "O‘zbekiston24" telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miramanovich Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston parlamenti va xalqiga bo‘lgan Murojaatnomasini tingladik.
Bu Murojaatnoma mamlakatimiz tarixida katta va keskin burilish qiladigan murojaatnomalardan biridir desam xato bo‘lmaydi.
Birinchidan, aytadigan bo‘lsak, oxirigi besh yilda respublikamizning iqtisodiyoti umumiy 52 mlrd dollardan 80 mlrd dollarga yetdi. Dunyoda mana shunday beqarorlik bo‘lib turgan bir davrda iqtisodiyotning bunday barqaror o‘sishining eng asosiy omili respublikamizda kuchli iqtisodiy siyosatni olib borilayotgandan dalolat beradi.
Ijtimoiy himoya uchun ham juda katta ishlar qilindi. Ijtimoiy himoyani qamrovi 4 baravardan ortib ketdi.
Bundan tashqari konstitutsiyamizga katta yangi o‘zgarishlar kiritilyapti. Bunda aholimiz sharoitini, turar joyini, ijtimoiy himoyasini yaxshilash bo‘yicha davlat o‘ziga katta katta vazifalar olyapti. Shulardan biri, eng katta tashabbuslardan Prezidentimiz aytib o‘tgan yangi ijtimoiy uylar qurish bo‘yicha “mening birinchi uyim” dasturi hisoblanadi. Bu dastur doirasida (asosida) sifatli va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun yangi ipoteka dasturlari e’lon qilinadi. Birinchi bo‘lib 2023 yildan boshlab buni pilot loyihasi tariqasida Toshkent viloyatida amalga oshiriladi. Mazkur ipoteka dasturi rivojlangan mamlakatlarning ijtimoiy himoya borasida olib borilayotgan eng yetuk, eng oldi ilg‘or g‘oyalarini majmuasidan tashkil topgan yangi dastur desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari o‘z murojaatnomasida hozirgi taranglashgan global holatda keyingi yilda biz o‘zimizni iqtisodiyotimizni yanada o‘sishini mana shunday barqaror darajada saqlab qolish uchun asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdilar. Birinchi o‘rinda, iqtisodiyotni o‘sishi uchun muhim bo‘lgan investitsiyalar. Bu borada biz keyingi yilning o‘zida 30 mlrd dollarga yaqin investitsiyalar kiritishni mo‘ljallayapmiz. Buning 25 mlrd dollari xususiy investitsiyalar bo‘ladi.
Bundan tashqari, raqobatbardoshligimizni dunyoda ushlab turishimiz uchun eng muhim bo‘lgan omil bu eksportimiz. Eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar davlat tomonidan kuchaytiriladi. Xususan, Yevropaga bo‘ladigan tekstil, charm-poyabzal, elektrotexnika mahsulotlarini eksporti ikki barobarga oshiriladi.
Muhim iqtisodiy siyosatimizda katta burilish qiladigan qism, bu keyingi yildan boshlab O‘zbekistonda birinchi marotaba har bir tuman va shaharning iqtisodiy va infrastruktura rivojlanishining darajasidan kelib chiqqan holda soliqlar, kreditlar, subsidiyalar va boshqa davlat tomonidan beriladigan ko‘mak tabaqalashgan darajada joriy etiladi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotida birinchi marotaba qo‘llanilayotgan chora-tadbir. Demak, biz har bitta hududda, uning kompleks rivojlanishiga qarab soliqlarni, kredit kafolatlarini yoki kompensatsiya foizlarini, subsidiyalar miqdorini belgilaymiz.
Yana bir xalqimiz uchun muhim bo‘lgan va qulay masala bu tashabbusli byudjet loyihalari masalasi. 2022 yilda 3,5 mingta mahallada 4,5 mingta 3 trln so‘mdan ortiq miqdorga teng loyihalar amalga oshirildi. Bu mablag‘lar xalqimizni qiynab kelayotgan eng dolbzarb muammolarni tezda hal qilishga yo‘naltirildi. Xuddi shu yo‘sinda 2023 yilda mana shunday tashabbusli byudjet loyihalariga 8 trln so‘m ajratiladi va yshnaltiriladi. Ikki barobar ko‘p mablag‘lar xalqni fikrini inobatga olgan holda uning uchun eng muhim bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi”, dedi Obid Hakimov.
Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidagi nutqining lingvistik kontent-tahlilini o‘tkazdi. Tasviriy ifodalovchi so‘zlardan foydalanib, tahlilchilar davlat rahbari nimalarga ko‘proq e’tibor qaratayotganini aniqlashdi.
Izoh qoldirish