O‘zbekiston Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash va rivojlantirishga, afg‘on xalqining turmushini yaxshilashga katta hissa qo‘shmoqda

O‘zbekiston Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash va rivojlantirishga, afg‘on xalqining turmushini yaxshilashga katta hissa qo‘shmoqda

Afg‘oniston bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv va o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim vazifalaridan biridir.

O‘zbekiston har doim Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni tezroq qaror toptirish tarafdori bo‘lib, o‘zaro savdo ayirboshlash hajmini oshirish hamda yirik infratuzilmaviy va gumanitar loyihalarni amalga oshirish orqali Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash va rivojlantirishga, afg‘on xalqining turmushini yaxshilashga katta hissa qo‘shmoqda. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik katta istiqbollarga ega va so‘nggi uch yil ichida jadal rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston va Afg‘oniston mamlakatlarining o‘zaro munosabatlarida Sh.Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganlaridan so‘ng yangi sahifa ochildi. 2017 yilning yanvarida O‘zbekistonning hukumat delegatsiyasi Afg‘onistonga bo‘lib qaytishdi. So‘nggi uch yil ichida Afg‘oniston Prezidenti rasmiy va ishchi tashriflar bilan Toshkentga ikki marta tashrif buyurgan. Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari muntazam ravishda telefon orqali muloqotlar olib boradilar, so‘nggisi shu yilning 2 avgustida bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda Afg‘onistonning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilish maqsadida ustuvor infratuzilma va investitsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishga katta e’tibor qaratildi.

Epidemiologik vaziyatning og‘irlashishi ko‘plab mamlakatlarda, shu jumladan, Afg‘onistonda ham kuzatildi. Mazkur davrda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan joriy yilning aprel oyida Afg‘onistonga 600 tonnalik insonparvarlik yordami, shu jumladan, himoya kombinezonlari, natriy gipoxlorit, respiratorlar, qo‘lqoplar, pirometrlar, bolalar uchun kiyim-kechak, hamda oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natildi. Ta’kidlash joizki, bu birinchi gumanitar yuki emas, 2018 yilning yanvar oyida Afg‘onistonga O‘zbekiston Prezidenti nomidan 25 ta avtobus va qishloq xo‘jaligi texnikasi beg‘araz yuborilgan. Iyun oyida esa qurg‘oqchilik oqibatida Afg‘onistonda ekinlar yetishmasligi munosabati bilan ushbu mamlakatga gumanitar yordam sifatida 3 ming tonna oziq-ovqat bug‘doy yuborildi.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari

Afg‘oniston tashqi savdosida O‘zbekistonning ulushi 7,4 foizni, umumiy Afg‘oniston importida esa 8,3 foizni tashkil etadi. O‘z navbatida, Afg‘onistonning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 1,5 foizni, eksportning umumiy hajmida esa 3,4 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan savdo-sotiqda sezilarli ijobiy balansga ega va so‘nggi uch yil ichida ushbu mamlakatga eksport deyarli 20 foizga o‘sdi.

2020 yil birinchi yarmida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 24,1 foizga o‘sdi va 332,9 million dollarni tashkil etdi, shu jumladan eksport - 331,7 million dollar, import - 1,22 million dollar. 2019 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi 2,2 foizga o‘sdi va 617,6 million dollarni tashkil etdi, shu jumladan eksport - 614,7 million dollar, import - 2,9 million dollar.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash dinamikasi (million dollarda)

2013y.

2014y.

2015y.

2016y.

2017y.

2018y.

2019y.

Savdo aylanmasi

673,7

601,8

445,1

519,7

617,1

604,6

617,6

Eksport

669,3

601,0

444,4

517,3

614,9

602,5

614,7

Import

4,4

0,8

0,6

2,4

2,2

2,0

2,9

Balans

664,9

600,2

443,8

514,9

612,7

600,4

611,7

Manba: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining ma’lumotlari.

Afg‘onistonga eksport qilinadigan asosiy mahsulotlar quyidagilar kiradi: don va un mahsulotlari, asosan bug‘doy uni - umumiy hajmning 19,1 %i; elektr energiyasi - 16,3 %; neft va neft mahsulotlari, tabiiy gaz - 10,1 %; oziq-ovqat mahsulotlari, asosan dukkaklilar va sabzavotlar - 11,0%; qora metal va undan ishlab chiqarilgan mahsulotlar - 7,0%, transport vositalari va ular uchun ehtiyot qismlar - 1,5%, shuningdek xizmatlar, asosan transport xizmatlari - 26,0%.

Afg‘onistondan quyidagi mahuslotlar import qilinadi: oziq-ovqat mahsulotlari (asosan saxaroza, mineral suvlar) - umumiy importning 21,5%; tirik o‘simliklar (ularning ildizlarini hisobga olgan holda) - 11,4%; uskunalar va mexanik qurilmalar - 8,8%; hayvonlar (echki va qo‘ylar) - 6,7%, shuningdek transport xizmatlari - 29,9%.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda afg‘on kapitali ishtirokidagi 658 korxona, shu jumladan 195 qo‘shma korxona va 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi 463 korxona faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, Surxondaryo viloyati hududida afg‘on kapitali ishtirokidagi 234 ta korxona (35%) tashkil etildi.

Energetik hamkorlik

Afg‘oniston elektr energiyasining tanqisligi bilan yaqqol ajralib turadi, chunki o‘zining ishlab chiqarish quvvatlari elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq qoplay olmaydi va elektr energiyasini import qilish hajmi tashqi tomondan ajratiladigan moliyaviy yordam miqdoriga bog‘liq. 2018 yilda Afg‘oniston 1,1 milliard kVt / soat elektr energiyasini ishlab chiqargan bo‘lsa 4,6 milliard kVt / soatni import qilgan, ya’ni o‘zi ishlab chiqargan hajmdan 4 marotaba ko‘p degani.

Ishlab chiqarish va import hajmining yetarli emasligi, elektr uzatish liniyalarining tarmog‘ining keng darajada mavjud emasligi iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga imkon bermaydi. Afg‘onistonda aholining atigi 30 foizigina elektr tarmog‘iga ulangan. Afg‘oniston umumiy aholisining 75 foizini tashkil etadigan qishloq aholisining aksariyati elektrsiz qolmoqda. Afg‘onistondagi energetika sohasidagi muammolarni hal qilish uchun 2032 yilgacha energetikani rivojlantirishning Bosh rejasini o‘z ichiga olgan Milliy energiya ta’minoti dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda aholi va mamlakat iqtisodiyotini elektr energiyasi bilan ta’minlashni 30% dan 83% gacha, qishloq aholisini 28% dan 65% gacha va shaharlarni 100% gacha oshirishni nazarda tutilgan.

Surxondaryo viloyatidan Afg‘onistonning Bog‘lon viloyati Puli-Xumri shahrigacha 260 km uzunlikdagi "Surxon - Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini amalga oshirish ham Afg‘onistonning energiya ta’minotini rivojlantirishning uzoq muddatli rejalariga mos va u yerda sanoatni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi. Bundan tashqari, ushbu elektr uzatish liniyasi Afg‘oniston energetika tizimini O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yagona energiya tizimiga ulash imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 2002 yildan buyon Afg‘onistonga elektr energiyasini muntazam yetkazib bermoqda. Afg‘oniston elektr energiyasining 52 foizini O‘zbekistondan, 18 foizini Tojikistondan, Eron va Turkmaniston 15 foizini yetkazib beradi. 2002 yildan 2019 yilgacha O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmi 62 million kVt / s dan qariyb 2,6 milliard kVt / s gacha, ya’ni 40 martaga oshdi. 2018 yilda Afg‘onistonga 166 million dollar evaziga 2,5 milliard kVt / soat elektr energiyasi yetkazib berildi, yetkazib berilayotgan elektr energiyasining narxi esa 35 %ga pasaytirildi.

Elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar har yili tuzilishini hisobga olsak, 2019 yil oxirida Afg‘oniston energetika kompaniyalari bilan ular uchun maqbul bo‘lgan shartlarda, 4,2 milliard dollarlik 10 yillik shartnoma imzolandi.

Transport sohasidagi hamkorlik

Mozori Sharif - Hirot temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha qo‘shma loyihasi Xayraton - Mozori Sharif temir yo‘l liniyasining kengaytirilgan qismi bo‘lib yangi transafg‘on transport koridorini tashkil etadi. Bundan tashqari, Mozori-Sharif-Peshovar temir yo‘l liniyasini qurish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish nafaqat o‘zaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar, balki har ikki davlatning tranzit salohiyatini oshirishga, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini bir-biriga bog‘lashga hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning Gvadar va Karachi portlariga kirish imkoniyatini ochishga yordam beradi.

Transport sohasidagi faol hamkorlikning boshlanishi bilan 2017 yilda Afg‘onistonning O‘zbekiston hududi orqali olib o‘tilgan yuklar hajmi 2016 yilga nisbatan 70 foizga o‘sdi. 2019 yilda Afg‘onistonga qarab va undan biz tomonga xalqaro temir yo‘l yuk tashish hajmi 5,15 million tonnani tashkil etdi. Xuddi shu yili "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan Qozog‘istondan Afg‘onistonga don va unni tashishda 20% chegirma belgilandi, shuningdek, Afg‘onistondan eksport qilinadigan tijorat tovarlari uchun qo‘shimcha to‘lovlar bekor qilindi. Bu esa ikki mamlakat uchunam temir yo‘l transporti orqali yuk tashish hajmining oshishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

2020 yilda Afg‘oniston uchun temir yo‘l yuklarini tashish bo‘yicha bir qator imtiyoz va preferensiyalar o‘rnatildi. Xususan, O‘zbekistondan Afg‘onistonga un olib o‘tishda oldindan belgilangan tariflarga nisbatan 45% dan 65% gacha chegirmalar joriy etildi. Bundan tashqari, un va neft mahsulotlarini tranzit orqali tashishda chegirma 20% dan 50% gacha chegirmalar mavjud. Afg‘onistondan eksport qilinadigan tovarlar uchun hujjatlarini rasmiylashtirish to‘lovlaridan tashqari barcha qo‘shimcha to‘lovlar bekor qilindi. Barcha turdagi tovarlarni rasmiylashtirish uchun 50% chegirma joriy etildi.

Koronavirus pandemiyasi davrida ham Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashish dinamikasi barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida Afg‘onistondan temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 2,2 million tonnani tashkil etdi, bu 2019 yilning shu davriga nisbatan 50,7 foizga ko‘pdir.

Ikki mamlakat o‘rtasida eksport-import va tranzit yuk oqimlarini yengillashtirish maqsadida Termiz bojxona terminalida "Termiz Kargo" xalqaro logistika markazi tashkil etildi. Mazkur logistika markazi Afg‘onistondan uchinchi mamlakatlarga meva va sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish uchun yangi saralash va qadoqlash liniyalari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda terminal bir vaqtning o‘zida 300 tagacha yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega, shuningdek, temir yo‘l yo‘laklari va konteynerlarni saqlash uchun omborlar tashkil qilingan.

Afg‘on yoshlari uchun Termiz shahridagi o‘quv markazi

Afg‘onistonda talab yuqori bo‘lgan kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish maqsadida Termiz shahrida o‘zbek-afg‘on "ta’lim markazi" tashkil etilib, unda o‘zbek filologiyasi, temir yo‘l transporti, qishloq xo‘jaligi va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha 200 nafarga yaqin afg‘on yoshlari tahsil olmoqda. Shu bilan birga, ta’lim xarajatlarining yarmini afg‘on tomoni to‘laydi, qolgan qismini O‘zbekiston tomon qoplaydi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari o‘qitish uchun ta’lim grantlarini oladigan afg‘on ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan transchegaraviy tashabbusni e’lon qilishdi. Yevropa Ittifoqi ushbu tashabbusni moliyalashtirish uchun 2 million yevro miqdorida grant ajratdi. Ushbu grant 2025 yilgacha BMTTD tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur grant doirasida afg‘onistonlik yosh ayollar Toshkent agrar universiteti ko‘magida qishloq xo‘jaligi sohasida bilim olishadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistonda maxsus Xalqaro ta’limni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Jamg‘armaning asosiy maqsadi yoshlarni zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish, iqtidorli talabalar va yosh olimlarga stipendiya va grantlar berishdir.

Ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor va nafaqat savdo sohasida, balki sarmoyaviy sohada ham iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlashga intilmoqda.

Transport va energetika hamkorlikning strategik yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonlik mutaxassislar va investitsiyalar ishtirokida Afg‘onistondagi 5 ta to‘qimachilik va 3 ta yog‘-moy korxonalarini tiklash bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi sifatida O‘zbekiston korxonalarining Afg‘oniston Islom Respublikasi hududida yo‘llarni rekonstruksiya qilish va suv inshootlarini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarda ishtirok etishi ham bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, "Termiz-Kargo" logistika markazining vazifalarini, masalan, uning bazasida zarur infratuzilmaga ega bo‘lgan ulgurji-tarqatish markazini, shu jumladan, omborxonalar tashkil etish, shuningdek, u yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun soliq va bojxona preferensiyalarini taqdim etish orqali takomillashtirish va kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Afg‘oniston bilan chegaradosh hududda qo‘shma korxonalar (un, non mahsulotlari, o‘simlik moyi, qurilish materiallari, to‘qimachilik, poyabzal va boshqa mahsulotlar) yaratish bo‘yicha chegara savdosini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sharoitlarni yaxshilashni davom ettirish zarur. Shuningdek, Afg‘oniston marmarini, ularni qayta ishlash va boshqa mamlakatlarga tayyor mahsulotlarni eksport qilish uchun turli xil yarim tayyor mahsulotlarni O‘zbekistonga yetkazib berish masalasini o‘rganish qiziq.

Qishloq xo‘jaligi ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, ko‘plab tovar turlari bo‘yicha o‘zbeklarga o‘xshash. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilganligini hisobga olsak, bu kooperatsiya aloqalari, qo‘shma korxonalar va ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun imkoniyatlar ochadi. O‘z navbatida, afg‘on mutaxassislari Surxondaryo viloyatida dorivor o‘tlar (15 gektar) va do‘lana (yiliga 100 tonna) yetishtirish bo‘yicha loyihalarga sarmoya kiritishga qiziqish bildirishgan.

Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning hozirgi rivojlanish darajasini hisobga olgan holda, savdo-iqtisodiy aloqalarni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy bazani kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Xususan, o‘zbek mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish uchun Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo to‘g‘risida shartnoma tuzish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalarini Afg‘onistonda tan olish to‘g‘risida kelishuvlarga erishish Afg‘onistonga mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirar edi, unga bo‘lgan talab koronavirus pandemiyasi sharoitida faqat oshib boradi.

O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan hamkorligi nafaqat ikki tomonlama, balki "bir makon-bir yo‘l", "CASA-1000" elektr uzatish liniyasi, TAPI gaz quvuri ("Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston–Hindiston" magistral gaz quvuri) kabi xalqaro loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish doirasida ham rivojlanishi mumkin.

Xulosa qilib aytgandi, Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki butun jahon hamjamiyati ham manfaatdor bo‘lgan hududda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun katta istiqbolga ega va mazkur yo‘nalishda uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni oshirish biz uchun yuqori ustuvorlik kasb etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar