Infografika: O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan hamkorligi

Infografika: O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan hamkorligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 7-9 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Prezidentimiz “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.

Mazkur davlat tashrifi arafasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy materiallar turkumini tayyorladi.

So‘nggi 9 yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorligining asosiy ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sdi:

  • 2017–2025 yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 3,1 barobarga o‘sib, 8,3 mlrd dollarga yetdi. Eksport 2,1 barobarga o‘sib, 3,1 mlrd dollarni, import esa 4,2 barobarga o‘sib, 5,1 mlrd dollarni tashkil etdi;
  • Markaziy Osiyo mamlakatlari investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 7 barobardan ziyodga o‘sib, 2,3 mingdan oshdi;
  • Markaziy Osiyo mamlakatlaridan O‘zbekistonga jalb etilayotgan yillik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 600 barobardan ziyodga o‘sib, 2025 yilda 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi. 2017 yilda ushbu ko‘rsatkich atigi 2,1 mln dollar bo‘lgan.

2025 yilda o‘zaro savdo tarkibida Qozog‘iston eng yirik savdo hamkori bo‘lib qoldi. U bilan tovar ayirboshlash hajmi 5 mlrd dollarni yoki O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan umumiy savdosining 60,2 foizini tashkil etdi. Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi 1,2 mlrd dollarga (14,5%), Qirg‘iziston bilan ham 1,2 mlrd dollarga (14,5%) yetdi. Tojikiston bilan savdo hajmi 912,3 mln dollarni yoki 11 foizni tashkil etdi.

2025 yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti 3,2 mlrd dollarga yetdi. Mintaqa mamlakatlarining O‘zbekiston umumiy eksportidagi ulushi 9,8 foizni tashkil etdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan import hajmi 5,1 mlrd dollarni, ularning mamlakat umumiy importidagi ulushi esa 11,1 foizni tashkil etdi.

O‘zaro savdoni kengaytirish salohiyati

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo 1996–1997 yillarda imzolangan ikki tomonlama erkin savdo to‘g‘risidagi bitimlar asosida «erkin savdo» rejimida amalga oshiriladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan mahsulotlarni mintaqa davlatlarining o‘zaro eksport yetkazib berishlari hisobiga almashtirish orqali mintaqa ichki savdo hajmini qo‘shimcha 11,4 mlrd dollarga oshirish mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, ichki savdoni kengaytirish salohiyati yuqori. Uni ro‘yobga chiqarish uchun o‘zaro savdodagi tarif (istisnolar) va notarif to‘siqlarni bartaraf etish zarur.

Shuningdek, mintaqa mamlakatlari eksportchilari va importchilari Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy bozori doirasida tovarlarga bo‘lgan talab va taklif to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda olib borishi uchun zarur sharoitlarni yaratish lozim.

Investitsiyaviy hamkorlik

Shu bilan birga, investitsiyaviy hamkorlik ham rivojlanib bormoqda. 2017–2025 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning umumiy hajmi 2,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Faqat 2025 yilning o‘zida mintaqa mamlakatlaridan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar hajmi 1,3 mlrd dollarga yetdi.

2026 yil iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 2 384 ta korxona faoliyat yuritgan. Eng ko‘p korxona Qozog‘iston kapitali ishtirokida tashkil etilgan — 1 283 ta. Tojikiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 442 ta, Qirg‘iziston kapitali ishtirokida — 362 ta, Turkmaniston kapitali ishtirokida esa 297 tani tashkil etgan.

Ozarbayjon bilan o‘zaro savdo

So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashib, davlatlararo munosabatlarning eng yuqori darajasi — strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga yetdi.

Ikki davlat Prezidenti raisligida Oliy davlatlararo kengash tashkil etilgan bo‘lib, u O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylandi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro savdo erkin savdo rejimida amalga oshiriladi.

2017–2025 yillarda O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan tovar ayirboshlash hajmi 9,5 barobarga, ya’ni 32,5 mln dollardan 307,3 mln dollarga o‘sdi. Eksport 8,2 barobarga, 27,6 mln dollardan 227,3 mln dollarga, import esa 16,3 barobarga, 4,9 mln dollardan 80 mln dollarga oshdi.

2025 yilda O‘zbekistonning Ozarbayjonga eksporti va ushbu mamlakatdan importi tarkibi quyidagi tovar guruhlaridan iborat bo‘ldi:

– eksport — jami 227,3 mln dollar, jumladan: sanoat tovarlari — 63,4 mln dollar (eksportning 28%i), mashina va transport uskunalari — 49,3 mln dollar (22%), oziq-ovqat mahsulotlari — 36,3 mln dollar (16%), ichimliklar va tamaki — 34,3 mln dollar (15%), tayyor mahsulotlar — 11 mln dollar (5%), kimyo mahsulotlari — 5,1 mln dollar (2,2%), shuningdek, xizmatlar — 22,5 mln dollar (10%);

– import — jami 80 mln dollar, jumladan: oziq-ovqat mahsulotlari — 43,2 mln dollar (importning 54%i), sanoat tovarlari — 17,4 mln dollar (22%), mashina va transport uskunalari — 5,8 mln dollar (7,3%), kimyo mahsulotlari — 5,4 mln dollar (6,8%), nooziq-ovqat xomashyosi — 1,3 mln dollar (1,6%), mineral yoqilg‘i va moylash materiallari — 1,2 mln dollar (1,5%), shuningdek, xizmatlar — 4,3 mln dollar (5,4%).

Investitsiyaviy hamkorlik

Investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. 2023 yilda ustav kapitali 500 mln dollar bo‘lgan Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 460 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2017 yilda ularning soni 71 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 6,5 barobarga oshdi.

2025 yilda Ozarbayjondan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi 173,7 mln dollarni tashkil etdi (2017 yilda — 0,1 mln dollar). Ozarbayjondan O‘zbekistonga kiritilgan jami to‘plangan investitsiyalar hajmi 318,6 mln dollarga yetdi.

Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qurilish, qayta ishlash sanoati va qishloq xo‘jaligi hisoblanadi.

O‘zbekiston kapitali ham Ozarbayjon bozorida o‘z ishtirokini kengaytirmoqda. Xususan, avtomobillar va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etilgan.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri transport sohasi hisoblanadi. O‘zbekiston tovarlarni Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (O‘rta yo‘lak) orqali Yevropaga yetkazib berishda Ozarbayjonning transport-logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar