21 yanvar kuni Markaziy bank Boshqaruvining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda inflyasiya darajasi, Oziq-ovqat inflyasiyasiga bosim, illik bazaviy inflyasiya darajasi haqida aytib o‘tildi.
2020 yilning II yarmidan boshlab, tartibga solinadigan narxlarning nisbatan barqarorligi, iste’mol talabining sustligi va umuman, o‘zgaruvchan makroiqtisodiy sharoitlar narxlarning yillik o‘sish sur’atlari sekinlashishiga xizmat qildi. 2020 yil yakunlari bo‘yicha inflyasiya darajasi 2019 yildagi 15,2 foizga nisbatan sekinlashib, 11,1 foizni tashkil etdi.
Inflyasiyaga oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi nisbatan yuqori – 6,5 foiz band hissa qo‘shdi. Mazkur tovarlar guruhi bo‘yicha inflyasiya umumiy inflyasiya darajasidan ancha yuqori bo‘ldi va yil yakuni bo‘yicha 15,3 foizni tashkil qildi.
Oziq-ovqat inflyasiyasiga bosim, asosan mavsumiy omillar, barqaror talab, jahon va asosiy savdo-hamkor davlatlar oziq-ovqat bozorlaridagi narxlarning o‘suvchi dinamikasi ta’sirida yuzaga keldi. Bunda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori darajada o‘sdi. Xususan, kartoshka narxi – 42 foizga, tuxum – 38 foizga, o‘simlik yog‘i – 27 foizga, shakar – 21 foizga, go‘sht mahsulotlari – 18,1 foizga va non mahsulotlari – 15,2 foizga qimmatlashdi.
2020 yilda nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlarining o‘sish sur’atlari umumiy inflyasiyadan sezilarli darajada past bo‘lib, mos ravishda 8,8 foiz va 7,1 foizni tashkil etdi.
Dekabr oyida yillik bazaviy inflyasiya darajasi narxlarning umumiy o‘sishiga nisbatan yuqoriroq shakllandi va 11,7 foizni tashkil qildi. Bu oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sish tendensiyasi va tartibga solinadigan narxlarning nisbatan barqaror bo‘lganligi bilan izohlanadi.
2020 yilda noaniqliklarning kuchayishi ta’sirida aholi va tadbirkorlik sub’yektlari inflyasion kutilmalarining nisbatan yuqori o‘sishi kuzatildi. Bu aprel va iyul oylariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, avgust oyida kutilmalar pasaya boshladi va aholi uchun 17-18 foiz hamda tadbirkorlik sub’yektlari uchun 18-19 foiz darajasida qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, inflyasion kutilmalarning jilovlanmaganligini ifodalaydi.
Asosiy savdo-hamkor davlatlarda ham inflyasion kutilmalarning o‘sishi va joriy inflyasiyadan yuqori farqlanishi kuzatilib, bu jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgaruvchanligini va iqtisodiy agentlarning kelajakdagi tendensiyalar bo‘yicha noaniqliklarning mavjudligi bilan izohlanadi.
Izoh qoldirish