2020 yilda banklar orqali naqd pul aylanmalari dinamikasi mamlakatimizdagi iqtisodiy-ijtimoiy holatdan kelib chiqib, jumladan, pandemiya sharoitida joriy etilgan karantin davrida iqtisodiy faollikning pasayishi va karantindan so‘ng qayta jonlanishi ta’sirida shakllandi.
2020 yilda banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 360,1 trln. so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan 25,4 foizga oshdi.
Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 179,9 trln. so‘mni, o‘z navbatida, chiqim qilingan naqd pullar 180,2 trln. so‘mni tashkil etdi.
Banklar kassalariga naqd pul tushumlarini 2020 yilning choraklari kesimida ko‘radigan bo‘lsak, koronavirus pandemiyasi sharoitida yilning II choragida sezilarli pasayish kuzatildi.
Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari I chorakka nisbatan 26 foizga kamaygan bo‘lsa, karantin talablarining yumshatilishi ortidan iqtisodiy faollikning ortishi natijasida IV chorakda II chorakka nisbatan 76 foizga ko‘paydi.
Naqd pul tushumlarining IV chorakda II chorakka nisbatan o‘sish hajmining qariyb 12,4 trln. so‘mi savdo va pullik xizmatlardan, 6,2 trln. so‘mi bank xizmatlari bo‘yicha tushumlar hissasiga to‘g‘ri keldi.
2020 yilda banklar kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali chiqim qilingan naqd pullar 2019 yilga nisbatan qariyb 25 foizga oshishi kuzatilgan bo‘lsa, mazkur holat asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 25,6 trln. so‘mga (1,7 barobar) o‘sishi hisobiga yuzaga keldi.
Natijada banklardan berilgan naqd pullar tarkibidan bank kartalaridan yechib olingan naqd mablag‘lar ulushi 25 foizdan 34 foizga yetdi. Bunga pandemiya sharoitida ish haqi va ijtimoiy to‘lovlarning bank kartalari orqali to‘lash hajmi ortganligi sabab bo‘ldi.
Xususan, 2020 yil yanvar oyida pensiya to‘lovlarining 17 foizi, ish haqi to‘lovlarining 66 foizi bank kartalari orqali to‘langan bo‘lsa, yilning oxirgi dekabr oyida esa pensiya to‘lovlarining 31 foizi hamda ish haqi to‘lovlarining 83 foizi bank kartalariga o‘tkazildi.
Umuman olganda, 2020 yilda bank kartalariga jami 180,5 trln. so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 62,2 trln. so‘mlik (34,4 foiz) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.
Muomaladagi naqd pullarning nominal qiymati bo‘yicha tarkibi
Muomaladagi naqd pullar tarkibida asosan yirik nominaldagi banknotlar salmog‘ining oshishi hisobiga banknotlar umumiy soni sezilarli darajada kamaydi.
Jumladan, 2020 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida ularning so‘mdagi miqdori bo‘yicha 100 000 so‘mlik banknotlar ulushi – 12,5 foizdan 27,3 foizga yetgan bo‘lsa, 50 000 so‘mlikning ulushi – 40,1 foizdan 38,8 foizga, 10 000 so‘mlikning ulushi – 20,3 foizdan 15,7 foizga, 5000 so‘mlik – 22,6 foizdan 16,1 foizga, 1000 so‘mgacha – 4,5 foizdan 2,1 foizga tushdi.
Buning natijasida muomalaga chiqarilgan banknotlar soni 1,1 mlrd. donaga yoki 30,1 foizga kamaydi.
Muomalada banknotlar sonining kamayishi aholi uchun naqd puldagi to‘lovlarda qulayliklar yaratishga, banklar uchun esa naqd pullar bilan ishlashni, jumladan, ularni sanash, saralash va o‘rab-bog‘lash jarayonlarini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar sohasidagi hisob-kitoblarda qaytim pullari (mayda pullar) sifatida foydalanish uchun 2020 yil davomida qo‘shimcha 17,1 mlrd. so‘mlik yangi tangalar muomalaga chiqarilib, ularning muomalada bo‘lgan jami naqd pullar tarkibidagi miqdoriy salmog‘i 0,08 foizdan 0,13 foizga (37,4 mlrd. so‘mga) yetdi.
Eslatma sifatida: 2019 yil 1 iyuldan eski namunadagi 50 so‘m va 100 so‘m qiymatidagi banknotlar va tangalar;
2020 yil 1 iyuldan 200 so‘m va 500 so‘m qiymatidagi banknotlar qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholi qo‘lida qolib ketayotgan ushbu pul belgilarini 2022 yil 1 yanvarga qadar Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlarida amaldagi pul belgilari (banknotlar va tangalar)ga almashtirib olishlari mumkin.
Izoh qoldirish