Markaziy bank 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 15% darajasida o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Iyul-avgust oylarida narxlarning yillik o‘sish sur’atlarini mo‘’tadillashishi kuzatilib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan baland shakllandi. Shuningdek, iqtisodiyotdagi inflyasion kutilmalar may oyida kuzatilgan yuqori darajasiga nisbatan pasayishiga qarmasdan, hamon 14−15 foizni tashkil etmoqda.
Kelgusi oylarda iqtisodiy faollikning yanada ortishi va qishloq xo‘jaligi sohalarida mavsumiy pul tushumlarining ko‘payishi hisobiga yalpi talabning o‘sishi, energiya ta’minoti va ichki bozorda ayrim mahsulotlar taklifi bilan bog‘liq inflyasion xatarlar saqlanib qolmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bu, o‘z navbatida, milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini saqlab qolib, jamg‘arish va kredit kanallari orqali monetar omillar ta’sirini yumshatishga xizmat qiladi.
Ichki iqtisodiy sharoitlar. Rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat, tashqi savdo operatsiyalari hajmining sezilarli o‘sishi va iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari hajmining ortib borishi fonida iqtisodiy faollikdagi barqarorlik saqlanib qolmoqda.
Xususan, iqtisodiyotning real sektori korxonalari o‘rtasida avgust oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faollik indeksi o‘tgan oylarga nisbatan yuqori darajada shakllanib 55 birlikni tashkil etdi.
2022 yilning yanvar-avgust oylarida banklar tomonidan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga, xususan, uy xo‘jaliklariga 50 foizga ko‘p kreditlar ajratildi.
Nafaqa va ish haqilarning oshirilishi hamda transchegarviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishi, o‘z navbatida, savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasida pul tushumlari hajmini o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga o‘sishiga omil bo‘ldi.
Tashqi iqtisodiy sharoitlardagi mavjud noaniqliklar mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, global logistika xizmatlari narxlari oshishi davom etayotgan bo‘lsa-da, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi sekinlashmoqda va ayrim turlari bo‘yicha pasaymoqda.
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha eksport tushumlarida ham, import uchun to‘lovlarda ham o‘suvchi tendensiyalar kuzatildi. Eksport tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga, import to‘lovlari esa 27 foizga va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2,1 barobarga oshdi.
Tashqi iqtisodiy aloqalarda kuzatilayotgan ushbu vaziyat, ichki valyuta bozorini muvozanatlashtirib, milliy valyuta almashuv kursi barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. Iste’mol bozorlarida talab va taklifga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki va tashqi iqtisodiy omillar hisobiga narxlarga bo‘lgan bosim yuqoriligicha qolmoqda. Avgust oyida yillik inflyasiya sur’ati 12,3 foizni tashkil etdi.
Yillik inflyasiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,3 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,9 va 7,1 foizga qimmatlashdi.
Avgust oyi natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyasion kutilmalari 15,3 foizgacha, tadbirkorlarning kutilmalari – 14,1 foizgacha pasaygan bo‘lsa-da, joriy inflyasiya sur’atlariga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda.
Shuningdek, joriy yil davomida shakllangan bazaviy inflyasiyaning o‘suvchi trendi ham iqtisodiyotda inflyasion xatarlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Yillik bazaviy inflyasiya avgustda 12,4 foizni tashkil etib, uning umumiy inflyasiyadagi hissasi 9,4 foiz bandgacha oshdi.
Pul-kredit sharoitlari. Joriy yilning iyun-iyul oylarida asosiy stavkaning 2 foiz bandga pasaytirilishi va yillik inflyasiyaning sezilarli o‘zgarishsiz prognozlar doirasida saqlanib qolayotganligi hisobiga iqtisodiyotda “nisbatan qat’iy” pul-kredit sharoitlari yuzaga kelmoqda.
Banklararo pul bozorida o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari avgustda 14,6 foizgacha pasaydi va UZONIA indeksi kichik tebranishlar bilan to‘liq foiz koridori doirasida shakllandi.
Asosiy stavka pasaytirilishi ta’sirida milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida ham biroz pasayish kuzatilib, iyul oyida jismoniy shaxslarniki bo‘yicha 20,8 foizga va yuridik shaxslarniki – 17,2 foizga teng bo‘ldi.
Depozitlar bozoridagi ijobiy real foiz stavkalarning saqlanib qolayotganligi milliy valyutadagi muddatli depozitlarining hajmining joriy yilning o‘tgan 8 oyida sezilarli darajada o‘sishiga (25,3 foiz) ta’sir ko‘rsatdi.
Milliy valyutadagi kreditlar foiz stavkalaridagi pasayish dinamikasi avgust oyida ham saqlanib qoldi.
Xatarlar va noaniqliklar. Ichki iqtisodiy sharoitlarda narxlar va yalpi ichki talabning shakllanishi bilan bog‘liq bir qator xatarlar saqlanib qolmoqda.
O‘tgan yillarda amalga oshirilgan va joriy yilda davom etayotgan fiskal rag‘batlantirishlarning ichki narxlarga oshiruvchi ta’sirlari davom etmoqda. Xususan, fundamental omillar hisobiga bazaviy inflyasiya o‘suvchi dinamikani hosil qilib, uning umumiy inflyasiyadagi hissasi oshib bormoqda.
Mahsulotlar taklifi bilan bog‘liq logistik muammolarning saqlanib qolayotganligi va asosiy import mahsulotlari narxlarini yuqori shakllanayotganligi (yilning qolgan qismida asosan nooziq-ovqat tovarlari bo‘yicha) kelgusi oylarda ham iste’mol bozorlaridagi narxlarga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birgalikda, kuz oylarida iqtisodiy faollikni yanada jonlanishi va qishloq xo‘jaligi sohasida daromadlarning mavsumiy oshishi ichki iste’mol bozorida yil so‘nggigacha qo‘shimcha talabni shakllantirib boradi. Kuz-qish mavsumida ayrim yoqilg‘i-energetika mahsulotlari va isitish vositalariga bo‘lgan talabning ortishi, tashish va yetkazib berish xizmatlari narxlarining o‘sishi bo‘yicha ham xavotirlarni yuzaga keltiradi.
Global iqtisodiyotdagi o‘zgaruvchan vaziyat, xalqaro moliya bozorlarida sharoitlarning qat’iylashtirilishi va inflyasion jarayonlar natijasida yuzaga kelayotgan noaniqliklar, makroiqtisodiy prognozlar va baholashlarni amalga oshirishni murakkablashtirmoqda.
Jahonda va savdo hamkorlarda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha kutilmalar avvalgi prognozlarga nisbatan yomonlashgan, shuningdek asosiy xomashyo tovarlari narxlarining ham pasayib borish trendi kuzatilmoqda. Bu, o‘z navbatida, kelgusida tashqi talab hajmiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mavjud inflyasion jarayonlar, pul-kredit sharoitlari, import inflyasiyasi ta’sirining saqlanib qolayotganligi va yuqori noaniqliklar sharoitida yil yakuni bo‘yicha inflyasiya darajasining 12-14 foizlik prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada shakllanishi borasidagi oxirgi prognozlar o‘zgarishsiz qoldirildi.
Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyasion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib boriladi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2022 yil 20 oktyabr kuniga belgilangan.
Izoh qoldirish