2020 yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining savdo tizimlari orqali 97,4 mln AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar eksport qilingan

2020 yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining savdo tizimlari orqali 97,4 mln AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar eksport qilingan
O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi so‘nggi yillarda birja savdolari va elektron tijorat mexanizmlarini qo‘llagan holda tashqi savdo operatsiyalari hajmini oshirib bormoqda.
Xususan, birjaning xorijiy savdo maydonchalari soni ortmoqda, chet ellik hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar kengaytirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar, eng avvalo qo‘shni davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni va tovar aylanmasi hajmining yanada oshishiga xizmat qiladi. Bu haqda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi axborot xizmati xabar qildi.
Xorijiy savdo maydonchalari bu elektron birja savdolarining yagona tizimiga ulangan birjaning masofadagi savdo markazlaridir. Ular tadbirkorlarga “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ ning birja savdolarida erkin qatnashish huquqini va birja bitimlarni mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini beradi. Birjaning xorijdagi savdo maydonchalarining afzalligi shundaki, ular birja savdolariga bevosita tovar ishlab chiqaruvchilarni hamda iste’molchilarni baravar jalb qilishlari mumkin. Birja savdolarining yagona tarmog‘i hujjatlarning operativ almashinuvi va ortiqcha ovoragarchiliklarsiz bo‘lgani uchun vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Ayni vaqtda Xitoy, Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining 14 ta xorijiy savdo maydonchalari faoliyat yuritib kelmoqda. Akkreditatsiyadan o‘tgan brokerlik idoralari “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ birja savdolarida ishtirok etish uchun chet ellik mijozlarining buyurtmalarini olishmoqda. Savdo maydonchalarining mutaxassislari birja savdolariga mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish maqsadida muntazam ravishda marketing tadbirlarini olib borishmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy savdo maydonchalari tarmog‘ining kengayishi nafaqat mahalliy tovarlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga, balki talab yuqori bo‘lgan tovarlarni mamlakatimizga olib kirish orqali ham ichki bozor narxlarning barqarorlashishiga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash yuzasidan bir qator vazifalar belgilangan edi.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida birjada xorijiy kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni soddalashtirildi, bundan tashqari ular garov mablag‘larini kiritish va komission yig‘imlarni to‘lashdan ozod etildi.
Natijada bugungi kunda Qozog‘iston, Ukraina, Belorussiya va Rossiyada ishlab chiqarilgan bug‘doy, o‘simlik yog‘i, soya shroti, shakar, mol go‘shti zavod narxlarida birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolariga qo‘yilmoqda. Olma-ota shahrida joylashgan savdo maydonchasining faoliyatini alohida ta’kidlash lozim. “DEN” qo‘shma korxonasi mazkur savdo maydonchasi orqali bug‘doy mahsulotlarini birja savdolariga qo‘ygan. So‘ng O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining Surxondaryo filiali orqali un ishlab chiqaruvchi “DOSTLIK COOPERATION” QK MChJ ga birinchi bosqichda 700 tonna, keyin yana 3150 tonna 3-sinfdagi bug‘doy sotildi. Bunda import qilingan mahsulotning birja narxi bug‘doyning 1 kilogrammi uchun 2 481,7 so‘mga teng bo‘ldi. Ta’kidlash joyizki, birjada sotiladigan mahalliy bug‘doyning amaldagi ichki narxi, ya’ni kotirovkasi mahsulotning 1 kilogrammi uchun 2 773,2 so‘mni tashkil qiladi.
Umuman olganda 2020 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining savdo tizimlari orqali 97,4 mln AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar eksport qilindi. Eksport bo‘yicha yirik bitimlar polietilen (52%), neft mahsulotlari (13%) va paxta tolasi (12%) bo‘yicha amalga oshirildi. Sotuvlarning qolgan qismini polipropilen, suyultirilgan gaz va boshqa mahsulotlar egallashdi.
O‘tgan yili birjaning xorijiy savdo maydonchalari yordamida 24,8 mln AQSh dollarik oziq-ovqat mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va neft mahsulotlari import qilingan.
Ma’lumot uchun: “DEN” Qo‘shma korxonasi 1993 yilda Qozog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining maxsus qarori bilan tashkil etilgan don mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi korxonadir. Kompaniyaning infrastrukturasiga ko‘ra, don mahsulotlarini dunyoning istalgan nuqtasiga eksport qilish imkoniyatiga ega.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar