2021 yil 30 mart kuni Jahon Banki “Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy sharhlar”ning navbatdagi sonini e’lon qildi.
Hisobotda aytilishicha, bu yil mintaqadagi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning 3,6 foizga o‘sishi kutilmoqda, chunki eksportning tiklanishi va sanoat tovarlariga narxlarning barqarorlashuvi 2020 yil oxirida boshlangan pandemiyaning navbatdagi to‘lqini va yaqinda yangi koronavirus holatlari ko‘payganligining ta’sirini yumshatadi.
2020 yilda COVID-19 pandemiyasi oqibatlari sababli kuzatilgan 2 foizlik iqtisodiy pasayish ortidan 2021 yilda mo‘’tadil o‘sish prognoz qilinmoqda. Mintaqadagi eng yirik ikki iqtisodiyot hisoblangan Turkiyadagi iqtisodiy tiklanish prognozdan ko‘ra kuchliroq bo‘lganligi va Rossiya iqtisodiyotining barqarorligi tufayli pasayish kutilganidan ko‘ra kamroq bo‘ldi. Ushbu natijaga erishishda sanoat ishlab chiqarishi o‘sishining tiklanishi, eksportga talabning oshishi, xomashyo narxlarining o‘sishi, shuningdek, soliq-byudjet va pul-kredit siyosati choralari yordam berdi. Iqtisodiyoti servis va turizm sohalariga juda bog‘liq bo‘lgan mamlakatlar eng ko‘p zarar ko‘rdi, chunki ijtimoiy masofani saqlash choralari va sayohatlarni cheklash ushbu mamlakatlarda iqtisodiy faollikning uzoq vaqtga pasayishiga olib keldi.
Pandemiya ta’siri asta-sekin susayib, mintaqada savdo va sarmoyalar dinamikasi yaxshilanayotganligi sababli 2022 yilda iqtisodiy o‘sish 3,8 foizgacha yetishi kutilmoqda. Lekin, prognoz juda noaniq bo‘lib qolmoqda va agar pandemiya ko‘proqqa cho‘zilsa, aholini emlash kechiktirilsa, jahon foiz stavkalarining oshishi tufayli tashqi moliya bozorlaridagi sharoit yomonlashsa, investorlarning kayfiyati yomonlashsa yoki geosiyosiy ziddiyatlar ko‘paysa, o‘sish sur’atlari pastroq bo‘lishi mumkin.
Prognozlarga ko‘ra, pandemiya mintaqadagi qator mamlakatlarda aholi jon boshiga daromadlar hajmining so‘nggi besh yil ichidagi o‘sish sur’atlarini yo‘qqa chiqaradi va asosan, ish joylarining qisqarishi hisobiga, kambag‘al odamlar sonining ko‘payishiga olib keladi. Umuman olganda, o‘sish sur’atlarining tiklanganiga qaramasdan, YeMO mintaqasida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning tiklanish sur’atlari past bo‘lib qolmoqda va pandemiya boshlanishidan oldingi darajasiga qaytgani yo‘q.
"Pandemiya Yevropa va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Biroq, hukumatlar inqirozning sog‘liqni saqlash, ta’lim va iqtisodiyotga qisqa muddatli ta’sirini yengishga urinib, mahsuldorlikni oshirish, yanada dinamik xususiy sektorni yaratish, davlat institutlari faoliyatini takomillashtirish va kam uglerodli, ekologik barqaror va inklyuziv iqtisodiyotga o‘tish kabi uzoq muddatli vazifalarni hal qilish imkoniyatini boy bermasliklari kerak", - dedi Anna Berde, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti.
Ushbu uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun samarali davlat boshqaruvi muhim ahamiyatga ega. Pandemiya davrida butun dunyo bo‘ylab hukumatlar pandemiyaning sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga ta’sirini yumshatishda muhim rol o‘ynaganligini hisobga olib, buning zarurligi yana bir marta o‘z isbotini topdi. Qabul qilingan chora-tadbirlar orasida infeksiya tarqalishini to‘xtatish uchun sayohatlarga cheklovlar joriy etish, aholini emlash dasturlari, fuqarolar va korxonalarni pandemiyaning salbiy iqtisodiy ta’siridan himoya qilish uchun inqirozga qarshi choralar va millionlab maktab o‘quvchilari uchun masofaviy ta’lim kabi yechimlar bor edi.
Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasida hukumatlarning iqtisodiyotni shakllantirishdagi an’anaviy muhim rolini hisobga olgan holda, samarali davlat boshqaruvi yanada muhimroq ahamiyatga ega. Ushbu mintaqada davlat xarajatlari YaIMning qariyb 40 foizini tashkil qiladi, davlat sektorida esa eng o‘qimishli va samarali ishchilarning to‘rtdan biridan ko‘prog‘i ishlaydi, bunda barcha davlat sektori ishchilarining 57 foizini ayollar tashkil etadi.
Yaqin kelajakda YeMO mintaqasidagi mamlakatlarda hukumatlarning roli yanada oshishi mumkin. Bu asosan keksayib qolgan aholiga xizmat ko‘rsatish uchun uzoq muddatli parvarishlash va sog‘liqni saqlash tizimlarini hamda pandemiya sharoitida hukumatning tengsizlik masalalarini hal qilish va sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan faoliyatiga oid chora-tadbirlarni kengaytirish zarurati bilan bog‘liq.
Markaziy Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy vaziyat
Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa qismi bilan taqqoslaganda, COVID-19 bilan kasallanganlar soni Markaziy Osiyo sub-mintaqasiua nisbatan pastroq bo‘lib qolmoqda. Biroq, 2021 yilning boshida ushbu ko‘rsatkichlarning o‘sishi sababli, ba’zi davlatlarning hukumatlari sog‘liqni saqlash tizimiga bosimni kamaytirish uchun turli cheklovlarni kengaytirishga majbur bo‘ldi.
Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 2021 yilda 3,7 foizga va 2022 yilda 4,1 foizgacha tiklanishi kutilmoqda. Bu tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha past. Shu bilan birga, 2022 yilga kelib aholi jon boshiga daromad hajmi pandemiyadan oldin e’lon qilingan prognozlardan 6,4 foizga past bo‘lishi kutilmoqda.
Xomashyo tovarlari narxlarining mo‘’tadil o‘sishi, OPEK+ ga a’zo davlatlar (Qozog‘iston) tomonidan neft qazib olish hajmini qisqartirishning kamayishi hamda sub-mintaqa mamlakatlari orasida va sub-mintaqaning butun dunyo bilan iqtisodiy integratsiyasining chuqurlashuvi sharoitida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning ko‘payishi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlaydi.
Pandemiyaning og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga qaramasdan, 2020 yilda amalga oshirilishda davom etgan islohotlar dasturi tufayli O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish mustahkamlanib boradi.
Biroq, sub-mintaqaning ko‘tarilishi Markaziy Osiyoda, ayniqsa, Qirg‘iziston Respublikasida siyosiy keskinliklar va ijtimoiy notinchliklar sababli kuchayib borayotgan siyosiy noaniqlik oqibatida cheklanib qolmoqda. Inflyasion bosimlar sub-mintaqadagi ayrim mamlakatlarda ko‘proq cheklovchi pul-kredit siyosatini keltirib chiqardi, Qirg‘iziston va Tojikiston esa asosiy foiz stavkalarini oshirdilar.
Izoh qoldirish