Viloyatda 2021 yilda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 10 387,2 mlrd.so‘mni tashkil qilgan va 2020 yilga nisbatan 120,1%ga oshgan. Xizmatlar hajmining Respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 4%ni tashkil qilgan.
2021 yilda viloyatda yaratilgan YaHM ning 36,0 foizi (2020 yilda ham 36,0% ) xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri kelgan.
2021 yilda xizmatlar tarkibida savdo (36,8%), moliya (19,5%) va transport (16,1%) xizmatlarining ulushi yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Shaxsiy xizmatlar, yashash va ovqatlanish (2,7%), kompyuterlar, shaxsiy foydalanish buyumlari va maishiy tovarlarni ta’mirlash, ko‘chmas mulk (2,6%), ijara va lizing (2,4%), sog‘liqni saqlash (1,7%), me’morchilik, muhandislik va texnik (1,3%) xizmatlarning ulushi past tendensiyani tashkil kilgan.
Shuningdek, 2021 yilda viloyatda barcha turdagi xizmat ko‘rsatish sohalari o‘sish ko‘rsatkichiga erishgan. Sog‘liqni saqlash (167,3%), ta’lim (142%), moliya (127,2%), kompyuterlar va maishiy buyumlarni ta’mirlash (125,4%) ijara va lizing (122,9%) xizmatlari viloyat bo‘yicha eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichiga erishgan.
2021 yilda alohida xizmat turlari bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlari va ularning jami xizmatlardagi ulushi (%da)
Viloyatda hududlar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining ulushini olib qaraydigan bo‘lsak, Termiz shahri (26,4%) va Denov tumani (12,5%)ning ulushi yuqori bo‘lgan. Qumqo‘rg‘on (6,3%), Jarqo‘rg‘on (6,2%), Sariosiyo (6,1%), Sherobod (5,5%), Sho‘rchi (5,3%), Muzrabot, Angor (4,6%), Termiz (4,5%), Uzun (4,3%), Oltinsoy (4,1%), Qiziriq (4%), Boysun (3,2%), Bandixon (2,3%) tumanlarining xizmat ko‘rsatish sohasidagi ulushi past bo‘lgan.
2021 yilda Surxondaryo viloyati xizmat ko‘rsatish sohasida tuman (shahar)lar ulushi
2021 yilda viloyatning barcha hududlari ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichiga erishgan. Eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi Sho‘rchi (122,1%), Sherobod (121,4%), Denov (121,2%) tumanlarida qayd etilgan.
Viloyatda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 3 830,1 ming so‘m (2020 yilga nisbatan 117,6% o‘sish)ni tashkil qilgan.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha Termiz shahri (14 725,1 ming so‘m), va Termiz tumani (5 883,4 ming so‘m)ning ko‘rsatkichi viloyatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan.
Sho‘rchi (viloyat ko‘rsatkichidan 33,2% ga past), Uzun (34% ga past), Oltinsoy (39% ga past) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi viloyatning o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan pastdir.
2021 yilda Surxondaryo viloyat tuman (shahar)larida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi.
2021 yilda aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining o‘sish sur’atini hududlar miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, barcha tumanlarda o‘sish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq:
- Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida mehmonxona (joylashtirish), savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi;
- viloyat tuman (shahar)laridagi 24 ta markaziy ko‘chalar maxsus xizmat ko‘rsatish ko‘chalariga aylantiriladi;
- Angor tumanidagi “Sharq guli” MFY, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Qorayantoq” MFY, Sariosiyo tumanidagi “Lutfukor” MFY, Boysun tumanidagi “Mustaqillik” MFY dagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 158 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi;
- Denov tumanidagi “Namozgoh” MFY (18 ga yer maydoni), Termiz shahridagi “Bog‘i shamol” MFY (0,38 ga yer maydoni) hududlarida yirik savdo komplekslari va hududiy savdo-logistika markazlari tashkil etiladi;
- Termiz shahrida nodavlat umumtalim muassasalarini qurish uchun 2 ga, Bandixon, Denov, Muzrabot, Sherobod, Qumqo‘rg‘on tumanlari va Termiz shahrida jami 6 ga yer maydoni nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish uchun elektron onlayn auksionga chiqariladi;
- 2022 yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida viloyat uchun 45,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Ushbu vazifalarni bajarish orqali 2022 yilda viloyatda xizmat ko‘rsatish hajmi 15 533,3 mlrd.so‘mga yetadi va o‘sish ko‘rsatkichi 149,7%ni tashkil qiladi. Yangidan tashkil etilishi ko‘zda tutilayotgan 3 893 ta xizmat ko‘rsatish ob’yektlari orqali 48 ming nafar fuqarolarning bandligi taminlanadi.
Furqat Islomov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qashqadaryo filiali yetakchi ilmiy xodim
Izoh qoldirish