2021 yilda aholi Xalq qabulxonalariga eng ko‘p qanday masalalar bilan murojaat qildi?

2021 yilda aholi Xalq qabulxonalariga eng ko‘p qanday masalalar bilan murojaat qildi?

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, hayotimizga tatbiq etilayotgan yangiliklar xalqimizning tinchligi va farovonligi, yurt taraqqiyotini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgan ilk palladayoq: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan elparvar tamoyilni ustuvor vazifa sifatida belgilagan edi.

Bu haqda gap ketganda maxsus farmon bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasini eslash kifoya. Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Xalq qabulxonalari tom ma’noda xalq ovozini, jamoatchilik fikrini ifoda etadigan tuzilmaga aylanishi kerak. Buning uchun zarur huquqiy asoslar yaratilmoqda.

Keling, mavzuni murojaatlar tahlili bilan davom ettirsak: 2021 yilning 12 oyi davomida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1 mln. 600 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu bir oyda o‘rtacha 133 ming, kuniga o‘rtacha 4,4 mingdan ziyod murojaat degani. Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning 53 foizi yoki 865 mingtasi ijobiy hal etilgan.

Shuncha odamning dardi davlatning tegishli idoralari tomonidan tinglangan, muammosi o‘rganilgan va hal etish chora-tadbirlari belgilangan. Bu – shuncha odamning quvonchi, roziligi, bugungi hayotidan minnatdorligini anglatadi. Qisqacha aytganda, muammolarga davlat yelka burmadi, odamlarni rad etish emas, balki qo‘llab-quvvatlash yo‘lidan bordi.

Ish tizimli tashkil etilsa, albatta ko‘zlangan natijaga erishish mumkin. Masalan, joriy yilning faqatgina noyabr oyida Virtual qabulxona tizimiga 133 mingta murojaat kelib tushgan. Demak, ularning barchasini nazoratga olish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganib chiqish va ijobiy hal etish o‘ziga yarasha qiyinchilik tug‘diradi. Lekin xalq roziligiga erishish maqsad qilingan joyda muammolar xaspo‘shlanmaydi, aksincha, har bir murojaatni o‘rganish orqali shu turdagi barcha masalalarni bir yo‘la hal etish choralari ko‘riladi. Zotan, bu tizimning afzalligi shundaki, istalgan hudud va istalgan sohadagi real vaziyatni ko‘zgu misol o‘zida aks ettirib turadi.

Keling, shu o‘rinda murojaatlarning mundarijasiga e’tibor qaratamiz. Xo‘sh, bugun odamlarni qanday yo‘nalishdagi muammolar ko‘proq bezovta qilmoqda? Masalan, 2021 yilda kelib tushgan murojaatlar orasida ijtimoiy nafaqalar masalasi yetakchilik qilgan – 190 mingta murojaat. Ish bilan ta’minlash yo‘nalishida 96 mingta, majburiy ijro faoliyati, aliment va qarz summalarini undirish – 94 mingta, bank kreditlari – 77 mingta, uy-joy bilan ta’minlash – 68 mingta murojaat tushgan. Shuningdek, gaz, elektr energiyasi ta’minoti, ichimlik suvi ta’minoti va mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq masalalar yetakchi mavzular bo‘lgan.

Kezi kelganda shuni ham ta’kidlash joizki, murojaatlar bilan ishlash borasida qo‘llanilayotgan tizim dolzarb masalalarni hududlar kesimida tahlil qilish imkoniyatini ham beradi. Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi – 197 mingta. Surxondaryo viloyatidan 181 mingta murojaat kelib tushgan. Toshkent shahridan esa 165 mingta murojaat qabul qilingan. Shuningdek, Toshkent (155 ming), Samarqand (150 ming) va Farg‘ona (145 ming) viloyatlaridan ham ko‘plab murojaatlar yo‘llangan.

Masalan, urgutlik bir guruh fuqarolarningXalq qabulxonasiga murojaatidan so‘ngtumandagi Kamongaron va Vag‘ashti qishloqlari aholisi o‘rtasida chashma suvidan foydalanish borasidagi ko‘p yillik muammoga to‘liq barham berildi. Gap shundaki, bu ikki hudud aholisi o‘rtasidachashma suvidan foydalanish 1960 yillardan biri bahsli bo‘lib kelayotgan edi.Ushbu muammoga barham toptirish maqsadida, Samarqand viloyati Xalq qabulxonasi hamda viloyat hokimligi rahbarligida ishchi guruhi tuzildi, hamda mazkur masala bevosita joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Urgut tog‘ tizmalaridagi beshta tabiiy chashmalar tozalanib, “Kamongaron” va “Vag‘ashti” aholisini uzluksiz suv bilan ta’minlash maqsadida, qiymati 3 mlrd 100 million so‘mlik yangi ichimlik suvi tarmog‘i barpo etildi. “Kamongaron” mahallasi uchun 1,6 km va “Vag‘ashti” mahallasi uchun 2,2 km tarmoq tortilib, bugungi kunda ushbu ikkala mahallaga ham ichimlik suvi va ekinlarni sug‘oradigan ariq suvlari taqsimlangan holda yetkazib berilmoqda.

Surxondaryo viloyati Denov tumanining “Minora” mahallasida yashovchi Sh.Abdullayev chetdan naslli qoramol olib kelish maqsadida kredit olish uchun barcha hujjatlar hamda garov ta’minotini 2020 yilning fevral oyida Xalq bankining Denov filialiga taqdim etadi. Ammo oradan bir yil o‘tsa hamki, uning murojaati taqdiri mavhumligicha qolib ketadi. Hatto hujjatlar asossiz ravishda yo‘q qilib yuborilgani aniqlanadi. 2021 yil 9 fevralda hujjatlarini tiklab, qayta murojaat qiladi. Ammo bu safar ham bank tomonidan hech qanday chora ko‘rilmaydi. Oqibatda u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Ana shundan so‘nggina uning ishlari oldinga siljib, so‘ragan 1 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i to‘liq ajratib beriladi.

Muhimi, bu tizimda murojaatlarni vazirlik va idoralar kesimida ham tahlil qilish va shundan kelib chiqqan holda islohotlarni ushbu vazirlik va idoralarga tomon yo‘naltirish imkoniyati ham mavjud. Masalan, 2021 yilda eng ko‘p murojaatlar Moliya vazirligiga oid bo‘lgan. 173 ming fuqaro shu yo‘nalishda murojaat qilgan.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga tegishli 122 mingta, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taalluqli 105 mingta murojaat kelib tushganligi fikrlarimizning ro‘y-rost tasdig‘i hisoblanadi. Bundan tashqari, xuddi shu davrda Majburiy ijro byurosi, Bosh prokuratura, Oliy sud hamda Markaziy bank va tijorat banklari tizimiga taalluqli murojaatlar soni ham ancha katta bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga murojaat yo‘llagan fuqarolardan biri Nodir Umarov edi. Uning murojaati ham e’tibordan chetda qolmadi. Endilikda ushbu fuqaro Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani “Mirzakalon Ismoiliy” mahalla fuqarolar yig‘ini binosining 2-qavatida dasturlash bo‘yicha o‘quv kurslarini ochgan. Yangi ish o‘rinlari yaratib, mamlakatimizda Ay-Ti yo‘nalishini yanada rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Toshkent shahar Mirobod tumanida yashovchi Mavjuda Navro‘zova nogiron o‘g‘li bilan bir necha yildan buyon uysiz sarson-sargardon bo‘lib yurgan. Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, muammosi hal etilgan qo‘ni-qo‘shnilari uning qalbida umid uchqunlarini alangalatdi. Shundan so‘ng u ham Xalq qabulxonasiga murojaat qildi va orzusidagi natijaga erishdi – unga ikki xonali uy ajratildi. Shu tariqa Yurtidan, Vatanidan rozi bo‘lgan fuqarolar soni yana bittaga ko‘paydi.

Sergeli tumanida yashovchi yana bir fuqaro – Mashrabjon Yusupov ham o‘zi istiqomat qiladigan ko‘p qavatli uy yo‘lagidagi liftning o‘rnatilganiga 30 yildan oshgani, eskirib, mexanizmlari yaroqsiz holga kelganligi tufayli uni “Respublika bo‘yicha 1000 dan ortiq liftlarni yangilash rejasi”ga kiritishni so‘rab murojaat qilgan. Ushbu murojaat ham o‘z vaqtida ijobiy hal etildi. Endi u yashaydigan yo‘lakda lift bilan bog‘liq muammo qolmadi.

Xuddi shunday, Sergeli tumanida yashovchi Afzal To‘rayev o‘zi yashab turagan ko‘p qavatli uydagi liftni almashtirish bo‘yicha Xalq qabulxonasiga murojaat qilgach, necha yillardan buyon ishlab-ishlamay kelayotgan eski lift zamonaviysiga almashtirildi. Ushbu muammoning barham etilishi bilan naqafat Afzal To‘rayev, balki u bilan bir yo‘lakda istiqomat qiladigan barcha fuqarolarning ham istaklari ijobat bo‘ldi.

Murojaatlar bilan ishlash tizimida sayyor qabullarning tashkil etilishi, mutasaddi idora va tashkilotlarning keng xalq ommasi bilan yuzma-yuz uchrashgan holda ularning muammolarini bartaraf etish tajribasi ham bugun yaxshi samara bermoqda. 2021 yilda viloyat, tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari tomonidan Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda 31 927 ta sayyor ommaviy qabullar o‘tkazildi. Ularda 223 412 nafar fuqaroning murojaati bo‘yicha 230 446 ta masalalari tinglandi. Shundan 130 533 ta, ya’ni 56,6 foiz masalalar qanoatlantirildi.

Joriy yilning 23 iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi va sohada ko‘plab yangi mexanizmlarga start berildi. Ya’ni Prezidentimiz ushbu yig‘ilishda odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan ko‘plab muammolarni mahalla kesimida bartaraf etish taklifini ilgari surdi. Oddiygina qilib aytganda, viloyat, tuman va shahar hokimlarining ayni yo‘nalishdagi mas’uliyati kuchaytirildi, aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tunu kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantirishi belgilandi. Xullas, tizim yanada takomillashtirildi.

Va eng asosiysi – ushbu yig‘ilishdan so‘ng shu kungacha hal etilmagan aholi murojaatlarini qayta o‘rganish ishlariga kirishildi. Shu tariqa, qisqa vaqt ichida 651 mingdan ziyod murojaat qayta ko‘rib chiqilib, ularning 78 foizi yoki 506 ming 536 tasini ijobiy hal etishga erishildi.

Murojaatlar bilan ishlash borasida yo‘lga qo‘yilgan tizim, xalq dardini tinglash va ko‘tarilgan masalalarni kompleks hal qilish – bugun o‘z samarasini bermoqda. Yana ham ochiqroq aytganda, Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar jamiyatimizda tub islohotlarni amalga oshirish uchun asos vazifasini o‘tamoqda. Va bu – xalq roziligiga erishishning mukammal yo‘li ekanligi amaliyotda o‘z isbotini topdi.

So‘zimiz ibtidosida qayd etganimizdek, bugun Yangi O‘zbekistonda muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda tegishli choralarni belgilash mexanizmi mavjud va bu o‘z samarasini bermoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar