Jizzax viloyatining doimiy aholisi soni 2022 yil yanvar-dekabr holatiga ko‘ra, 1 475,6 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,2 ming kishiga yoki 102,2% ga ko‘paydi. Jumladan, shahar aholisi soni 692,3 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 46,9%), qishloq aholisi soni 783,3 ming kishi (53,1%)ni tashkil etdi.
Viloyat hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2022 yil yanvar-dekabr holatiga eng ko‘p aholi soni Sh.Rashidov tumanida 236,8 ming kishini (viloyat aholisi sonidagi ulushi 16%ni) va Jizzax shahrida 191,8 ming kishini (13%), aksincha eng kam aholi soni Yangiobod tumanida 29,5 ming kishini (2%) va Arnasoy 48,1 ming kishi (3,3%)ni tashkil etdi.
Qayd etilgan nikohlar soni 12,7 mingta, har 1000 aholiga nikoh koeffitsiyenti 8,7 promilleni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan minus 1,2 promillega kamaydi. Ajrimlar soni 1,7 mingta, har 1000 aholiga nikohdan ajralishlar koeffitsiyenti 1,2 promilleni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 0,3 promillega oshdi.
Eng ko‘p ajrimlar Jizzax shahrida 303 ta va Sh.Rashidov tumanida 248 ta, aksincha eng kam ajrimlar Yangiobod tumanida 29 ta va Arnasoy tumanida 52 tani tashkil etdi.
Har ming kishiga ajralishlar koeffitsiyenti bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Jizzax shahri va Paxtakor tumani (1,6), eng past ko‘rsatkichlar Forish hamda Baxmal (0,9) tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Tug‘ilgan chaqaloqlar soni 40 729 bola, shundan eng ko‘p tug‘ilishlar Sh.Rashidov tumanida 6 612 (har ming kishiga tug‘ilish koeffitsiyenti – 28,3 promille) va Jizzax shahrida 5 852 (30,9), aksincha eng kam tug‘ilishlar Yangiobod tumanida 661 (22,6) va Arnasoy tumanida 1 146 (24)ni tashkil etdi.
2022 yil yanvar-dekabr oylari holatiga ko‘ra, 6,8 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, har ming aholiga o‘lim koeffitsiyenti 4,6 promilleni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 0,4 ga oshdi.
O‘limning asosiy sabablari bo‘yicha: qon aylanishi tizimi kasalliklaridan-2 481, nafas olish a’zolari-1 763, o‘simtalardan-563, baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan-724, ovqat hazm qilish a’zolari-330, yuqumli va parazitar kasalliklardan-112, boshqa kasalliklardan-811.
2022 yil yanvar-dekabr oylarida viloyat bo‘yicha doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelganlar jami 6 631 kishi, har 1000 aholiga ko‘chib kelish koeffitsiyenti 4,5 promilleni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1,7 promillega kamaygan. Doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketganlar 8 417 kishi, har 1000 aholiga ko‘chib ketish koeffitsiyenti 5,8 promilleni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2,2 promillega kamaygan.
Izoh qoldirish