16 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi xuddi shu masalaga bag‘ishlandi. Davlatimiz rahbari ushbu yig‘ilishda 2024 yilda mamlakat iqtisodiyotini 100 mlrd dollarga (2016 yilda 67 mlrd. dollardan ortiq) yetkazish uchun tan narxni qisqartirish, xaridlar va logistikani maqbullashtirish, energiya resurslarini tejash, raqamlashtirish yo‘li bilan xarajatlarni kamaytirishgacha bo‘lgan jihatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Shuningdek, Prezidentimiz moliyaviy intizom masalasiga e’tibor qaratib, soliq tizimiga oid yangi yo‘nalishlarni belgilab berdi. Byudjet tushumi uchun yana katta zaxiralar bu xususiylashtirish va yerlarni auksion orqali sotish ekanligi ko‘rsatib o‘tildi va mutasaddilarga joriy yilda 20 trln so‘m tushumni ta’minlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash vazifasi topshirildi.
Makroiqtisodiyot mamlakatning iqtisodiy holati va rivojlanishini ifodalovchi umumlashgan ko‘rsatkichlar tizimi. Jamiyatning har qanday islohoti iqtisodiyotga tayanadi. Shunday ekan, uning barqarorligi va rivojlanishi kun tartibidagi eng asosiy masala.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” ko‘rsatuviga ushbu videoselektor yig‘ilishida o‘rtaga tashlangan muhim vazifalar hamda ularning ijrosini amalga oshirish chora-tadbirlari xususida gapirib berdi.
– Bu yil mamlakatimiz iqtisodiyoti 100 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Bu katta marra bo‘lib, asosan ishlab chiqarish, energiya samaradorligini oshirish orqali erishish ko‘zda tutilyapti. Prezidentimiz tomonidan bitta narsa aytib o‘tildiki, “...bundan keyin biz rivojlanishda ilmni asosiy rolga qo‘yishimiz lozim. Ilmiy tadqiqotlar, ilmiy izlanishlari va iqtisodiyot, siyosat borasida qilinayotgan har bitta qadam ilmga va ilmiy izlanmalarga asoslangan bo‘lishi kerak”, dedilar.
Iqtisodiyotni rivojlantirish borasida qaraydigan bo‘lsak, bu intensiv, ikstinsiv usullar bor. Masalan, kapital yoki ishchi kuchini ko‘paytirish orqali ham iqtisodiy o‘sishga erishsa bo‘ladi. Lekin biz bu yo‘ldan bormasdan, samaradorlik orqali iqtisodiy o‘sishni kelajakda uzoq muddatli davom etishini ta’minlashimiz lozim. Iqtisodiyotimiz katta resurslarni sotish evaziga shakllanayotgani yo‘q. Yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali bu marralarga erishishimiz uchun mana shu maqsadlar aytib o‘tildi, dedi Obid Xakimov.
Joriy yilda iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha ulkan marralar belgilangan ekan, tadqiqot markazlari oldiga ham aniq vazifalar qo‘yildi. Masalan, endi aql markazlari har oyda kamida ikkitadan tarmoqni tahlil qilib, tannarxni kamaytirish, qo‘shilgan qiymat hamda mehnat unimdorligini oshirish yangi imkoniyatlarni ishga solish mumkinligini ko‘rsatib beradi.
– Birgina soha hisobida oladigan bo‘lsak, elektrotexnika sohasida muayyan mahsulotlar ishlab chiqilyapti. Tekstil, yengil sanoat sohalarining samaradorligini, mehnat unumdorligini chuqur tahlil qilishimiz kerak. Bundan yangi rezervlarni topishimiz shart. Bu sohalarni chuqur tadqiqotlar asosida tahlil qilib, bularni samaradorligini yanada oshirmas ekanmiz, dunyoda borayotgan keskin raqobatga dosh bera olmasligi mumkin. Shu sababli bu sohalarni 2024 yil davomida chuqur tahlil qilib, qanday qilib bularni raqobatbardoshligini oshirish, mahsulotlarini keyingi bosqichlarga olib chiqish borasidagi tadqiqotlar qilishimiz lozim. Bundan tashqari hozir mahsulotlarimizning bozorlari cheklangan, biz bu bozorlarni diversifikatsiya qilishimiz, yangi bozorlar uchun yangi mahsulotlar ishlab chiqarishimiz, yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borishimiz kerak. Mana shunday sohalarimiz uchun muhim bo‘lgan tadqiqotlar juda muhim, deydi Markaz direktori.
Tan narxni tushirish va qo‘shilgan qiymatni oshirish bo‘yicha ham mas’ullar oldiga aniq raqamlar qo‘yilgan. Misol uchun 2024 yilda qo‘shilgan qiymatni 45%dan oshirish, tannarxni 15%ga kamaytirish, sanoatda 7%ga o‘sishni ta’minlash bo‘yicha korxonabay chora-tadbirlar tasdiqlanib, amalga oshiriladi. Buning uchun aniq mexanizmlar ishlab chiqiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish