2025 yilga kelib bank investitsiyalarining yarmi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi

2025 yilga kelib bank investitsiyalarining yarmi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi

1 iyul kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilari Kengashining videokonferensiya shaklida yillik yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tadbirda bankning 71 aksiyadorlaridan, shu jumladan, 69 mamlakat, Yevropa Ittifoqi va Yevropa investitsiya bankidan Boshqaruvchilar va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, Bank rahbariyati va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga bankning 30 yillik faoliyati natijalari, pandemiya oqibatida ro‘y bergan global iqtisodiy inqirozni yumshatish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasi, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi moliyalashtirish vositalari va mexanizmlarini joriy etish istiqbollari, shuningdek, bir qator moliyaviy va institutsional masalalar muhokamasi kiritildi.

YeTTB Prezidenti yaqin kelajakda Bank faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini, jumladan, pandemiyadan kelib chiqadigan iqtisodiy oqibatlarni yumshatish, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishni kengaytirish, “yashil” investitsiyalar va aksiyador mamlakatlar iqtisodiyotini raqamlashtirishni e’lon qildi.

2025 yilga kelib bank investitsiyalarining yarmi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, koviddan keyingi davrda xalqaro savdo va investitsiyalardagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda buzilgan yetkazib berish zanjirlari va savdo aloqalarini tiklash chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan tadbirda Bankning O‘zbekiston tomonidan Boshqaruvchisi, YeTTB Boshqaruvchilari Kengashi raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ishtirok etdi.

U o‘z nutqi davomida O‘zbekistonning YeTTB bilan ko‘p qirrali hamkorligida erishilgan salmoqli natijalarini qayd etdi: bozor islohotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, kapital bozorini rivojlantirish, davlat ulushi bo‘lgan davlat korxonalari va tijorat banklarini xususiylashtirish, energetika, transport va boshqa tarmoqlarni isloh qilish.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston bilan hamkorlik boshlanganidan buyon YeTTB 97 ta loyihani amalga oshirish uchun mamlakat iqtisodiyotiga jami 2,4 milliard yevrodan ortiq investitsiya kiritgan. Shundan 48 ta loyiha xususiy sektorga tegishlidir.

O‘tgan uch yil mobaynida YeTTB bilan yillik bitimlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston uch marotaba birinchi 10 ta mamlakat ro‘yxatiga kirgani, joriy yilning besh oyi yakunlariga ko‘ra esa tuzilgan bitimlar bo‘yicha 40 ta mamlakat o‘rtasida birinchi o‘rinni egallagani alohida ta’kidlandi. 2021 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra bank tomonidan umumiy qiymati 382 mln dollar bo‘lgan 8 ta loyiha ma’qullandi.

O‘zbekiston tomonidan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish doirasida ko‘rilgan choralar qayd etildi:

- Davlat rahbarining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Qarori va qayta tiklanuvchi energiyani qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli qonun hujjatlari qabul qilindi.

- O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalarining umumiy quvvatini 8 GVga oshirishni rejalashtirgan 2030 yilgacha energetika sohasini rivojlantirishning Bosh rejasi tasdiqlandi.

- Shu bilan birga, O‘zbekiston energetika sektorini dekarbonlashtirish bo‘yicha uzoq muddatli “Yo‘l xaritasi” kelishib olindi, YeTTBning “Green Cities” dasturi va “Green economy” moliyalashtirish mexanizmi orqali hamkorlikni chuqurlashtirishning qo‘shimcha yo‘llari ko‘rib chiqilmoqda.

Koviddan keyingi davrda iqtisodiy tiklanish davomida YeTTBning a’zo-mamlakatlar bilan hamkorligini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar berildi.

O‘z nutqlari davomida boshqa mamlakatlardan YeTTB Boshqaruvchilari pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish, YeTTBga a’zo mamlakatlar iqtisodiyotini tiklash jarayonida Bankning rolini faollashtirish, shuningdek, Bank aksiyadorlarining ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorligini mustahkamlash uchun birgalikda harakat qilish zarurligini ta’kidlab, umumiy pozitsiyani bayon qildilar.

Yig‘ilish yakunida Bank faoliyatining kelgusi istiqbollarini belgilab beruvchi bir qator qarorlar qabul qilindi. Jumladan, 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan YeTTB strategiyasini amalga oshirish rejasi tasdiqlandi.

YeTTB faoliyatining geografiyasini Afrika va Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlarga kengaytirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, YeTTB Boshqaruvchilari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2022 yilda Marokashda bo‘lib o‘tishi va Bank Boshqaruvchilari Kengashining yangi raisi etib Bankning Portugaliyadan Boshqaruvchisi, ushbu mamlakat moliya vaziri Juan Leau saylanishi ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991 yil 28 martda tashkil etilgan. Qarorgohi London shahrida joylashgan. O‘zbekiston 1992 yil 30 apreldan YeTTB a’zosidir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar