Chust, Namangan va Pop tumanlarining 170 mingdan ziyod aholisi toza ichimlik suvi, Samarqand shahri esa elektrobuslar bilan ta’minlanadi

Chust, Namangan va Pop tumanlarining 170 mingdan ziyod aholisi toza ichimlik suvi, Samarqand shahri esa elektrobuslar bilan ta’minlanadi

7 iyun kuni O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun YeTTB birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Muhokama doirasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar qo‘shma loyiha va kelishuvlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash hamda munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida doimiy hamkorlikning tezkor mexanizmini joriy etishga kelishib oldilar.

Shuningdek, “Namangan viloyatining Chust, Pop va Namangan tumanlarida suv ta’minotini hamda Chust va Mingbuloq tumanlarida oqova tizimlarini yaxshilash” loyihasini joriy etish uchun 70 mln dollar miqdorida qarz bitimi imzolandi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga Namangan viloyatining Chust, Namangan va Pop tumanlarida istiqomat qilayotgan 170 mingdan ziyod aholi toza ichimlik suvidan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mablag‘lar viloyatdagi yettita qishloq aholi punkti (Chortog‘, Chust, Jo‘masho‘y, Qizil-Rovot, Pop, Toshbuloq va Uyg‘ur)ga xizmat ko‘rsatuvchi suv olish va tarqatish stansiyalari va tarmoqlari, magistral quvurlar va suv tozalash inshootlarini, shuningdek, Chust va Jo‘masho‘y qishloqlarida suv tozalash inshootlari, oqova suv stansiyalari va tarmoqlarini qurish va ta’mirlash uchun sarflanadi.

Investitsiyalar qariyb 115 ming yangi foydalanuvchilarga suv ta’minoti tarmoqlariga ulanish imkonini beradi. Yangi infratuzilma tufayli suv yo‘qotishlari yiliga 0,6 mln kubometrga kamayadi.

Loyiha aholiga xavfsiz ichimlik suvi yetkazib berish, iste’molchilarining shaxsiy gigiyenasini yaxshilash va mavjud suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga yordam beradigan suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilishni moliyalashtirish orqali qishloq aholisini markazlashgan suv ta’minoti tizimiga ulash bo‘yicha O‘zbekiston milliy dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qiymati 20 mln dollarga teng bo‘lgan “Yashil shaharlar” dasturi doirasida “Samarqand shahriga elektr avtobuslarni sotib olish” loyihasini amalga oshirish borasida mandat xati va Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Memorandumga ko‘ra, Samarqand shahar YeTTBning “Yashil shaharlar” flagman dasturining 48-hamkor shahriga aylanadi. Dastur infratuzilmani barqaror rivojlantirish va shahar aholisining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Ma’lumot uchun: “Yashil shaharlar” dasturi doirasida YeTTB ekologik muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va shahar infratuzilmasini rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashadi. Dasturda ishtirok etuvchi har bir shahar atrof-muhitni yaxshilash uchun pilot loyihani amalga oshiradi, so‘ngra Bank mutaxassislari ishtirokida joriy ekologik muammolarga qarshi choralar ko‘rish va investitsiyalarni jalb qilish uchun ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash, jumladan, uy-joy va kommunal infratuzilmasini yaxshilash, havo sifatini oshirish, yer va suv resurslarining tozaligi va ommabopligini ta’minlash, qattiq va maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish, “yashil zonalar” yaratish va atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar hajmini kamaytirish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqadi. “Yashil shaharlar” dasturi doirasida hozirgi vaqtgacha ajratilgan umumiy mablag‘ miqdori 1,5 mlrd yevroni tashkil etadi va unda 30 mamlakatdan 47 shahar ishtirok etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar