2024 yilning 6 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi tomonidan “O‘zbekistonda norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash natijalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida Statistika agentligi rahbari va xodimlari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi eksperti, respublika vazirlik va idoralari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida Statistika agentligi direktori Bahodir Begalov “O‘zbekistonda norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash natijalari” mavzusida taqdimot qildi.
Unda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichida so‘nggi yillarda milliy statistika sohasini rivojlantirish va statistik ma’lumotlar qamrovini kengaytirish borasida tizimli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 30 oktyabridagi 6098-sonli Farmoni va 2020 yilning 3 avgustidagi 4796-sonli Qarorining qabul qilinishi O‘zbekistonda norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni takomillashtirish orqali statistik ma’lumotlar qamrovini kengaytirish, sifati va ishonchliligini oshirish uchun muhim poydevor bo‘ldi.
BMT, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Yevrostat kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan “Milliy hisoblar tizimi – 2008” xalqaro standartida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda ishlab chiqarish chegaralari doirasidagi barcha iqtisodiy faoliyat turlari, ularning ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi, qonuniy yoki noqonuniyligi, ma’lumotlar manbai mavjud yoki mavjud emasligidan qat’iy nazar, qamrab olinishi lozimligi belgilangan.
Bunda, statistika bo‘yicha xalqaro amaliyotda “yashirin iqtisodiyot” atamasi o‘rnida “kuzatilmaydigan iqtisodiyot” atamasi qo‘llaniladi hamda mazkur atama iqtisodchilar, siyosatchilar va hukumat vakillari tomonidan qo‘llaniladigan “xufiyona iqtisodiyot” yoki “yashirin iqtisodiyot” tushunchalariga mos keladi.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining “Kuzatilmaydigan iqtisodiyotni baholash bo‘yicha qo‘llanma”siga asosan “kuzatilmaydigan iqtisodiyot” tushunchasi doimiy statistik kuzatuvlarda to‘liq yoki qisman qamrab olinmagan, shuningdek, statistik ko‘rsatkichlarda aks ettirishda bilvosita usullar orqali baholanadigan iqtisodiy faoliyat sifatida ta’riflanadi. O‘z navbatida, kuzatilmaydigan iqtisodiyot norasmiy, yashirin va noqonuniy iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha guruhlarga ajratiladi.
Xususan, norasmiy iqtisodiyot jismoniy shaxslarning daromad olish maqsadida (bozor uchun) belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan holda tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hamda uy xo‘jaliklarining o‘z iste’moli uchun mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatlarini qamrab oladi.
Yashirin iqtisodiyot esa soliqqa tortilmaslik yoki qonunchilikda belgilangan talablarga (sanitariya-gigiyena, sertifikatlash va mehnat sharoitlari bo‘yicha talablar, kichik korxonalarga xodimlar soni bo‘yicha belgilangan me’yorlar va boshqalar) rioya qilmaslik maqsadida, statistika hisobotlarida faoliyat ko‘rsatkichlarini to‘liq yoki qisman yashirib ko‘rsatuvchi korxonalar va tashkilotlar faoliyatini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, yashirin iqtisodiyotga belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan holda faoliyat yurituvchi korxonalar faoliyati ham kiritiladi.
Noqonuniy iqtisodiyot qonun bilan ta’qiqlangan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, sotish va saqlash hamda tegishli ruxsatnomasiz amalga oshiriladigan ishlab chiqarish faoliyatini o‘z ichiga oladi. Ularga qurol-yarog‘ savdosi, giyohvand moddalar yetishtirish va sotish, fohishalik, kontrabanda hamda maxsus ruxsatnomasiz alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, brakonerlik va boshqa faoliyat turlari kiritiladi.
“Respubilkamizdagi yashirin iqtisodiyot faoliyatini baholash borasida jahon tajribasini Xalqaro valyuta jamg‘armasi eksperti bilan birgalikda o‘rganib chiqdik. Kuzatilmaydigan iqtisodiyotni uchta davlatlar turiga bo‘ldik. Birinchisi, bu MDH davlatlari. E’tibor bersak MDH davlatlarida kuzatilmaydigan iqtisodiyotgi ulushi YaIM mahsulotdagi Qirg‘iz Respublikasida 29% bo‘lib, Ozarbayjon Respublikasida 48,6%ni tashkil qilmoqda. Yevropa mamlakatlarida, masalan, Shvetsariya davlatida 5,4%ni tashkil qilgan bo‘lsa, Ispaniya davlatida 21,3%ga teng bo‘lmoqda. Boshqa rivojlangan mamlakatlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, AQShda 5,7%, Saudiya Arabistonida 15,1%ni tashkil qilmoqda.
Statistika agentligi tomonidan norasmiy iqtisodiyotni baholashni takomillashtirish va yashirin iqtisodiyotni tariximizda ilk bor statistik baholash bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi. Birinchidan, Statistika agentligi tarkibida yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni muvofiqlashtirish bo‘limi tashkil etildi. Norasmiy yashirin iqtisodiyotning hajmi va uning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholashni takomillashtirish maqsadida Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasining ekspertlari keng jalb qilindi. Ular bilan hamkorlikda va mas’ul vazirlik idoralarning fikr-mulohazasini e’tiborga olgan holda biz kuzatilmaydigan iqtisodiyotni statistik baholash uslubiyatini ishlab chiqdik. Ikkinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarning norasmiy-yashirin faoliyatini o‘rganish bo‘yicha statistik kuzatuvlarni olib bordik”, dedi Statistika agentligi direktori Bahodir Begalov.
Agentlik rahbari shu davrga qadar olib borgan hisob-kitoblarining asosiy natijalari bilan tanishtirdi.
“2023 yilning avgust oyida respublikamizning 165 ta tumanida 7 mingdan ortiq uy xo‘jaliklarida transport, yashash va ovqatlanish, madaniyat, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga ketgan xarajatlarni o‘rganish bo‘yicha maxsus statistik kuzatuvlarni amalga oshirdik.
Mazkur ikki kuzatuvlarning farqli tomoni shundan iboratki, 2020-2021 yillarda o‘tkazilgan kuzatuvlarda asosan yuridik va jismoniy shaxslarning ishlab chiqarish faoliyati kuzatilgan bo‘lsa, 2023 yilning avgust oyida o‘tkazilgan kuzatuvda esa faqat uy xo‘jaliklarining xarajatlari kuzatildi.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasidan soliq tekshiruvlari bo‘yicha va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan norasmiy bandlik bo‘yicha ma’muriy ma’lumotlar olindi va xorijiy tajribalar asosida ular ham tahlil qilindi.
Yig‘ilgan ma’lumotlar asosida 2017-2023 yillar uchun iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar kesimida norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmi va uning YaIMga ta’siri statistik baholandi.
Olib borilgan hisob-kitoblar asosiy natijalari bilan tanishtirib o‘tadigan bo‘lsak, amalga oshirilgan hisob-kitob natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot o‘zgarishi respublikamizda 2023 yil yakunlari bo‘yicha YaIMning 27,9%dan 35,5%ga o‘zgardi. Sanoat tarmog‘ida 3,7%dan 9,6%ga, qurilish sohasida 20,5%dan 41,4%ga, xizmatlar 27,2%dan 39,2%ga o‘zgarganini ko‘rish mumkin.
Hisob-kitoblar natijalariga ko‘ra, norasmiy va yashirin iqtisodiyotda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi 2023 yilda 26 trln so‘m qo‘shimcha aniqlik kiritgan holda baholandi hamda amaldagi 297,3 trln so‘mdan 422,9 trln so‘mga oshdi. Shundan, sanoat tarmog‘ida 9,7 trln so‘mdan 26,9 so‘mga, qurilishda 12,8 trln so‘mdan 35,2 trln so‘mga, xizmatlar sohasida 119,3 trln so‘mdan 205,3 trln so‘mga baholandi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, kuzatilmaydigan iqtisodiyotda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi norasmiy iqtisodiyot 26 trln so‘mga, yashirin iqtisodiyot hajmi 99,6 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan, sanoat tarmog‘ida norasmiy iqtisodiyot 4,9 trln so‘mni, yashirin iqtisodiyot 12,3 trln so‘mni, qurilishda norasmiy iqtisodiyot 14,3 trln so‘mni, yashirin iqtisodiyot 8,1 trln so‘mni, xizmatlar sohasida norasmiy iqtisodiyot 6,7 trln so‘mni, yashirin iqtisodiyot 79,3 trln so‘m tashkil etdi.
2023 yilda norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmining tarmoqlar bo‘yicha taqsimlanishiga e’tibor beradigan bo‘lsak, unda xizmatlar sohasi 48,5%ga to‘g‘ri kelmoqda, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 36,8%, qurilish 8,3%, sanoat 6,4% tashkil qilmoqda.
Amalga oshirilgan baholash yakuni bilan O‘zbekiston Respublikasi YaIM hajmi 2023 yilda qo‘shimcha 125,6 trln so‘mga oshdi va jami 1 192,2 trln so‘mni tashkil etdi. Shunga mos ravishda, aholi jon boshiga YaIM hajmi qo‘shimcha 3,4 mln so‘mga oshib, 32,7 mln so‘mga yetdi”, dedi Statistika agentligi direktori Bahodir Begalov.
Matbuot anjumanida OAVlari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ishtirokchilarga yuzlandi.
Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash bo‘yicha kelgusida qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilyapti, aytib o‘tilganidek norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash hisobiga YaIMga 125,6 trln so‘m qo‘shildi. Bu uni sun’iy oshib ketishiga olib kelmaydimi, deya berilgan OAV vakilining savolni Statistika agentligi direktori quyidagicha javobladi:
“Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda oxirgi 2-3 yilda amalga oshirilgan ishlarimizni har 5 yilda davom ettiramiz. Bu kuzatuvlarni olib borish, savolnomalarni, uslubiyatimizni takomillashtiramiz va umuman olganda kuzatuvlarimizni o‘tkazish jarayonini ham takomillashtiramiz. Chunki, bu jarayon ilk bor o‘tkazildi, ma’lum bir bo‘shliqlar bo‘lishi mumkin. YaIMga 125,6 trln so‘m qo‘shilishi bu hech qanday sun’iy o‘sishga olib kelmaydi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotni butunlay bartaraf etsa bo‘ladimi yoki bu doimiy ravishda ma’lum miqdorda qoladimi, degan savolga to‘xtaladigan bo‘lsam, norasmiy va yashirin iqtisodiyot MDH mamlakatlarida yuqoriligini kuzatdik. Bu kuzatilmaydigan iqtisodiyot hamma davlatlarda bor. Kuzatilmaydigan iqtisodiyotni yechimi raqamlashtirishda. Ko‘p sohani raqamlashtirsak, tarmoqlar va sohalardagi iqtisodiy munosabatlarni, oldi-sotdi jarayonlarini raqamlashtirsak kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi borgan sari kamayib boradi. Butunlay bartaraf qilish qiyin masala”.
Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholashda nima uchun aynan uy xo‘jaliklari xarajatlarini kuzatish usulidan foydalaniladi, deya berilgan savolga esa, quyidagi javob berildi:
“Xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalarda uy xo‘jaliklari xarajatlarini baholash eng optimal usul hisoblanadi. Ya’ni, aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan vaqtda ular xarajatlarini yashirmasikka harakat qiladi. Barcha xarajatlarini to‘liq ochib ko‘rsatib beradi. Shuning uchun mana shu xarjatlar bilan korxona-tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hisobotlardagi ishlab chiqarish hajmlari o‘zaro solishtirilganda, mana shunda norasmiy yashirin iqtisodiyot hajmlari kelib chiqadi. Shu usul birinchi navbatda xalqaro tavsiyalarga asoslanadi, ikkinchidan, xorijiy davlatlarda bu usul judayam yaxshi natija ko‘rsatgan. Shu sababli ushbu usuldan ko‘plab davlatlar foydalanib keladi va ko‘rsatkichlarning to‘g‘riroq chiqishigi, shaffofroq bo‘lishiga ushbu usul yordam beradi”.
Noqonuniy faoliyatning iqtisodiyotdagi ulushi, shu jumladan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar shakllanishiga ta’siri ahamiyatsiz darajada kichik bo‘lishi sababli, xalqaro tajribada, noqonuniy iqtisodiy faoliyatni statistik baholash amalga oshirilmaydi.
Bundan tashqari, xalqaro tajribada yashirin iqtisodiyotni baholashda ekonometrik modellashtirish usullaridan ham keng foydalaniladi. Ulardan eng keng tarqalgani MIMIC (Multiple Indicators Multiple Cases) modeli hisoblanadi.
Amaliyotda qo‘llaniladigan usullarning ko‘pligi, turlichaligi, o‘ziga xosligi yashirin iqtisodiyot hajmini baholashda yagona umumiy uslubiyat mavjud emasligidan dalolat beradi. Shu sababdan, mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, turli usullarni umumlashtirgan holda foydalanish samarali hisoblanadi.
Izoh qoldirish