9 oy uchun to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 5,3 mlrd dollarni tashkil qildi - Markaziy bank

9 oy uchun to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 5,3 mlrd dollarni tashkil qildi - Markaziy bank

Markaziy bank tomonidan 2021 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari tayyorlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 5,3 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Bunda, savdo balansi (tovarlar va xizmatlar) manfiy saldosi (10,1 mlrd. dollar), birlamchi va ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi (4,8 mlrd. dollar) hisobiga qisman qoplandi.

Tovarlar va xizmatlar eksporti

Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha jami tovarlar eksporti 8,1 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bunda, eksport (nomonetar oltin hisobga olinmagan holda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga yoki 1,8 mlrd. dollarga oshib 6,7 mlrd. dollarni tashkil etdi. Tovarlar eksportining asosiy qismini “tekstil va tekstil mahsulotlari” – 2,3 mlrd. dollar (o‘tgan yilning mos davrida 1,5 mlrd. dollar), “qimmatbaho metallar va toshlar” – 1,7 mlrd. dollar (o‘tgan yilning mos davrida 5,9 mlrd. dollar), “qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar” – 1,2 mlrd. dollar (o‘tgan yilning mos davrida 773,8 mln. dollar) tovar guruhlari tashkil etdi.

Xizmatlar eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki 322 mln. dollarga oshib 1,6 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bunda dunyoda pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar joriy yilda asta sekinlik bilan yumshatilishi xizmatlarning savdo aylanmasi ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Tovarlar va xizmatlar importi

Tovarlar importi 16,5 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foiz yoki 2,9 mlrd. dollarga oshdi. Tovarlar importining asosiy qismini “mashinalar, uskunalar, mexanizmlar” – 4,7 mlrd. dollar (o‘tgan yilning mos davrida 4,4 mlrd. dollar), “qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar” – 2,3 mlrd. dollar (o‘tgan yilning mos davrida 1,8 mlrd. dollar), “kimyo sanoati mahsulotlari” – 2,1 mlrd. dollar (o‘tgan yilning mos davrida 1,7 mlrd. dollar) va “yer usti, havo va suv transporti vositalari” – 2,1 mlrd. dollar (o‘tgan yilning mos davrida 1,6 mlrd. dollar) tovar guruhlari tashkil etdi.

Xizmatlar importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foiz yoki 794 mln. dollarga oshib 3,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bunda, xizmatlar importi tuzilmasida 2020 yilning 9 oyligiga nisbatan transport xizmatlari 435 mln. dollarga o‘sib, “safarlar” komponentida ham 276 mln. dollarga o‘sish kuzatildi.

Birlamchi va ikkilamchi daromadlar

Birlamchi daromadlarning saldosi 218 mln. dollar miqdorida ijobiy bo‘lib shakllandi. Bunda, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar yumshatilishi qisqa muddatli ishchilarning soni ko‘payishiga olib kelgan bo‘lsa, xarajatlar qismida esa jalb qilingan qarzlarga hisoblangan foizlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investorlar daromadlari o‘tgan yilga nisbatan o‘sishi kuzatilmoqda.

Ikkilamchi daromadlarning ijobiy sal’dosi 4,6 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 foiz yoki 949 mln. dollarga o‘sishi kuzatildi.

O‘zbekistonning 2021 yilning 9 oyi yakunlari uchun to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi ko‘rsatkichlarining hisoboti foydalanuvchilarga 2021 yilning dekabr oyida taqdim qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar