OIIB: O‘zbekistonda maqsadlar, tamoyillar, moliyaviy mexanizmlar va loyihalar (+infografika)

OIIB: O‘zbekistonda maqsadlar, tamoyillar, moliyaviy mexanizmlar va loyihalar (+infografika)

2015 yilda 50 dan ortiq davlatlar tomonidan tashkil etilgan va rasmiy ravishda 2016 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) XXRning dunyo bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha eng yirik xalqaro loyihalaridan biri bo‘lgan yangi xalqaro moliya tashkilotiga aylandi.

OIIB - Osiyoda va umuman dunyoda iqtisodiy rivojlanishga intilayotgan barcha mamlakatlar va iqtisodiy sub’yektlar kirishi mumkin bo‘lgan ochiq tuzilma.

Ayni paytda OIIBga 109 ta davlat a’zo bo‘lib, ulardan hozirgi vaqtda 37 mamlakatda loyihalar moliyalashtirilmoqda.

Bitimdagi OIIBning maqsadlari Osiyoda barqaror rivojlanish, farovonlik va infratuzilmani rivojlantirishga ko‘maklashish hamda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlar doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Ham davlat, ham xususiy investitsiyalarga faol ko‘maklashishi ko‘zda tutilgan.

Tashkilot a’zolik uchun ochiq, ammo Osiyo va Osiyodan tashqari mamlakatlar soni bo‘yicha Bitimda belgilangan nisbatlarga rioya qilish lozim. "Mintaqaviy a’zolar" har qanday sharoitda aksiyalar va ustav kapitalidagi ulush bo‘yicha ustunlikni (75%) saqlab qoladilar. OIIBga "suverenitetga ega bo‘lmagan yoki tashqi siyosatini mustaqil ravishda amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lmagan arizachilarni” qabul qilish imkoniyati mavjud.

OIIB quyidagi sohalarda loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatadi:

  • energetika (qayta tiklanadigan energiya manbalari, elektr tarmoqlari, gaz quvurlari);
  • transport (yo‘llar, temir yo‘llar, portlar, aeroportlar);
  • suv ta’minoti va kanalizatsiya;
  • shaharsozlik;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalari;
  • ta’lim va sog‘liqni saqlash.

OIIB va Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda boshqa ko‘p tomonlama rivojlanish banklari bir-birini to‘ldiradi. Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki asosan kambag‘allikni kamaytirishga e’tibor qaratadi, OIIB esa asosan kambag‘allikni bartaraf etishga bilvosita hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan infratuzilmani rivojlantirishga e’tibor qaratadi.

Bankning asosiy valyutasi dollar hisoblanadi, ammo Bitim moddalarida boshqa valyutalardan foydalanishga ruxsat beriladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar badallarni bo‘lib-bo‘lib va o‘z milliy valyutasida to‘lashlari mumkin, ammo valyuta kursi tushib qolsa, ular farqni o‘rtacha vaqt ichida to‘lashlari kerak bo‘ladi.

"Bank resurslari" nafaqat ustav kapitali va operatsiyalardan olingan mablag‘larni, balki hujjatda ko‘rsatilmagan zayom va fondlardan olingan daromadlarni, shuningdek, Bitimning 17-moddasiga muvofiq Maxsus resurslar ro‘yxatiga kiritilmagan boshqa fondlar va daromadlarni ham qamrab oladi. Ushbu qoida bank yoki ma’lum bir loyiha uchun muhim harakatlar erkinligini ta’minlaydi.

OIIBning O‘zbekistondagi investitsiyalari

O‘zbekiston 2016 yil noyabr oyida OIIBga a’zo bo‘lgan. So‘nggi yillarda mamlakatimiz bankning eng yirik benefitsiarlaridan biriga aylandi. Amalga oshirilgan va joriy loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshib, "yashil" energetika, yo‘l-transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan.

2023 yilning o‘zida jalb qilingan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarga yetdi. Keyingi 3 yil ichida bank respublikadagi loyihalarni yana 2,6 milliard dollarga moliyalashtiradi. Umuman olganda, OIIBning O‘zbekistondagi investitsiyalari 5,6 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Ushbu loyihalar transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, energetika sohasini rivojlantirish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yaxshilash, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

Bugungi kunga qadar OIIB tomonidan umumiy qiymati 55 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 200 dan ortiq loyihalarni moliyalashtirish ma’qullangan. Loyihalar Osiyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Pokiston, Bangladesh, Vetnam va boshqa mamlakatlarda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda OIIB loyihalari

Hozirga qadar OIIB O‘zbekistondagi 13 ta loyihani, jumladan “yashil” energiya, chiqindilarni boshqarish va kanalizatsiya, barqaror moliyalashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 2 mlrd. dollardan ortiq loyihalarni moliyalashtirdi, xususan:

  • O‘zbekistonning 670 mln. dollarlik inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish loyihasi (2023 y.)
  • Surxondaryo viloyatida 250 mln. dollarlik 1590 MVt quvvatga ega bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish loyihasi (2023)
  • Samarqand, Jizzax va Sherobodda (2023 y.) 145 mln. dollarlik 897 MVt quvvatga ega uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasi
  • Buxoro viloyatida 248 mln. dollarlik xafvsiz suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga kirish, II faza (2022 y.) loyihasi

OIIB Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, jumladan, O‘zbekiston infratuzilmasini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bank aholining iqtisodiy o‘sishi va turmush sifatini yaxshilashga yordam beradigan loyihalarni amalga oshirish uchun katta moliyaviy resurslar va texnik tajribalarni taqdim etadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar