Rivojlanayotgan davlatlar investorlari Afg‘onistondagi inqiroz oqibatlariga tayyorgarlik ko‘rishi ortidan dushanba kuni O‘zbekiston va Pokistonning xalqaro obligatsiyalari bosim ostida qoldi, deb yozdi Financial Times.
Fondlar boshqaruvchilarining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondan qochqinlarning ehtimoliy chiqib ketishi qo‘shni davlatlarda moliyaviy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, Pokistonga toliblar bilan hamkorlik sababli rasmiy va norasmiy sanksiyalar joriy etilishi xavfi tilga olinmoqda.
Pokistonning dollardagi obligatsiyalari narxi taxminan 1 foizga pastladi. Aprelda Pokiston 2,5 mlrd dollar nomilidagi 5, 10 va 30 yillik obligatsiyalar chiqargan edi. Iyul boshida mazkur mamlakat qarz bozori orqali yana 1 mlrd dollar jalb qildi. Ayni paytda Pokistonda 8,8 mlrd dollarlik to‘qqizta yevroobligatsiyalar paketi mavjud bo‘lib, ularning barchasi dollarda.
O‘zbekistonning 2030 yilda qaytariladigan dollar nominalidagi obligatsiyalari narxi taxminan 0,25 foizga arzonlashdi. Mamlakat 2020 yilning noyabrida 2030 yilda qaytarish muddati bilan 555 mln dollar nominalidagi yevrobondlarni chiqargan edi.
LGIM Rivojlanayotgan davlatlarning qarz majburiyatlari bo‘limi boshlig‘i Uday Patnaik fond yaqinda so‘nggi oylarda O‘zbekiston va Tojikiston chiqargan obligatsiyalar zaxirasini qisqartirganini ma’lum qildi.
«Xavotirlarni keltirib chiqaradigan bir qancha sabablar bor. Ulardan biri — qochqinlar inqirozi. Ko‘rinib turibdiki, Pokiston bundan jabr ko‘rmoqda va bu qimmatga tushadi», — dedi u.
FT bozor Afg‘oniston qo‘shnilariga diqqat qaratayotganini mazkur mamlakatning xalqaro bozorda qarz majburiyatlari yo‘qligi, yiqitilgan hukumat moliyaviy dastakni G‘arb davlatlari hukumatlari hamda Jahon banki va XVJ kabi donorlardan olgani bilan izohlamoqda.
Izoh qoldirish