Dolzarb kun tartibi (2026 yil iyun-iyul)

Dolzarb kun tartibi (2026 yil iyun-iyul)

Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga oid joriy masalalar to‘g‘risida

O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng dolzarb masalalari ishchanlik ruhida hal etilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishlar chog‘ida qabul qilingan eng muhim qarorlar haqida.

Namangan viloyatini rivojlantirish

23 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining vaziyatlar markazida mutasaddilarning hududni rivojlantirish yuzasidan axborotlarini tingladi. Namanganda “aqlli” vaziyatlar markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi shahar va tumanlardagi jarayonlarni yagona raqamli tizim orqali tahlil qilish, boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishdan iborat. Mazkur markaz orqali 8 ta mahallada istiqomat qiluvchi 27 ming nafardan ortiq aholiga 980 turdagi xizmat mahallaning o‘zida, “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Shu yerda Prezidentimizga Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan axborot berildi.

So‘nggi yillarda Namanganda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,6 trln. so‘mdan 40 trln. so‘mga yetgani qayd etildi. Joriy yilda Namanganda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foiz, sanoatni 9 foiz, xizmatlarni 17 foiz, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish vazifasi belgilangan. Endilikda mashinasozlik, metallurgiya, yengil sanoat, xizmatlar sohasi va “yangi iqtisodiyot” yo‘nalishlarini viloyatning asosiy drayverlariga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda Namangan viloyatiga byudjetdan 4,5 trln. so‘m ajratilgan. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 6,5 trln. so‘m resurs yo‘naltirilmoqda. Viloyatda yil yakuniga qadar 80 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 314 ming nafar fuqaroning daromadini oshirish, 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.

Besh oyda 23,5 ming aholi doimiy ishli bo‘ldi, 8 mingdan ziyod oila kambag‘allikdan chiqarildi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda ishsizlik va kambag‘allik ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolayotgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga bandlik, tadbirkorlik rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar natijadorligini oshirish topshirildi.

Qishloq xo‘jaligida ham yangi imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Pop tumanida adir yerlardan samarali foydalanib, sanoatlashgan organik bog‘lar tashkil etish tajribasini kengaytirish topshirildi. Yil yakunigacha yana 400 gektar adirda sanoatlashgan bog‘ tashkil etish, bir oy muddatda esa qo‘shimcha 2,8 ming gektar maydonda amaliy ishlarni boshlash rejalashtirilgan.

Investitsiya va eksport masalalari ham muhokama qilindi. Joriy yilda Namangan viloyatiga 5 mlrd. dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksportni 1,2 mlrd. dollarga yetkazish maqsad qilingan. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha 3 mlrd. dollarlik 43 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Joriy yil viloyatda 130 kilometr ichimlik suvi va 2,5 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i tortish hamda 9 ta yangi suv inshootini qurish uchun 703 mlrd. so‘m ajratilgan. Bu orqali 34 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 25 ming aholi esa kanalizatsiya tarmog‘iga ulanadi.

Sog‘liqni saqlash sohasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining yangi modelini Kosonsoy va Uychi tumanlarida ham joriy etish belgilandi. Bundan tashqari, infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi oktyabr oyidan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 iyun kuni qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. So‘nggi o‘n yilda sohaga 12 mlrd. dollar investitsiya kiritilib, 4 mingdan ziyod zamonaviy korxona ishga tushirildi. Natijada sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok, quruq qorishmalar kabi asosiy turdagi 20 dan ortiq mahsulotga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi.

Bugungi kunda yangi uy-joylar va sanoat binolari qurilishi uchun zarur materiallarning 98 foizi mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda. Natijada o‘tgan davrda sohada ishlab chiqarish hajmi 7 trln. so‘mdan 53 trln. so‘mga oshdi, eksport esa o‘tgan yili 1,2 mlrd. dollarni tashkil etdi. Eng muhimi, tarmoq import o‘rnini bosishning muhim bosqichidan o‘tdi.

2040 yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, yiliga 280 mingtaga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirish reja qilingan. Uy-joy va tijorat binolarining o‘zi yiliga kamida 10 mlrd. dollarlik qurilish materiallariga talab yaratmoqda. Toshkent xalqaro investitsiya forumida xorijiy hamkorlarga yana 27 mlrd. dollarlik infratuzilma loyihalari taklif qilindi. Ushbu barcha yirik loyihalarda, birinchi navbatda, qurilish materiallari talab qilinadi. Bunday yirik loyihalarda foydalaniladigan materiallarga standart, sifat va sertifikat bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilishi tabiiy. Shu bois, yirik loyihalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import va mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoitni ta’minlash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Yig‘ilishda hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan ikki yillik dastur ijrosiga ham e’tibor qaratildi. Dastur doirasida 34 ta yirik turizm ob’yekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, jumladan, 200 ta mehmonxona qurish reja qilingan. Hokimlar hududlarida barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazishi zarurligi qayd etildi.

Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangi loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilmoqda. Mazkur loyiha doirasida to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx 20 foizga arzon tushadi, uyni isitish va sovitish xarajatlari esa 25-30 foizga qisqaradi. Joriy yilda Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shaharda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi faqat shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.

Eksport masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Qo‘shni davlatlar yiliga 13 mlrd. dollarlik qurilish materiallarini import qilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining o‘ziga eksportni qo‘shimcha 440 mln. dollarga oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi. Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda uy-joy va tijorat ob’yektlari qurish bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Agar O‘zbekiston uy-joy qurish bo‘yicha ushbu davlatlarning ishonchli hamkoriga aylansa, bu yangi eksport imkoniyatlarini ochadi. Shu bois, mas’ullarga Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda 3-4 tadan namunaviy, energiya tejamkor uy modelini qurib, road-shou o‘tkazish topshirildi.

Sohada energiya samaradorligini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. So‘nggi o‘n yilda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar foydalanadigan shartli yoqilg‘i hajmi 2 karra kamaydi. Lekin bu hali yetarli emasligi qayd etildi. Viloyat hokimlariga qurilish materiallari korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish orqali energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha katta dasturni boshlash topshirildi.

Qurilish materiallari korxonalariga sertifikat olish bilan bog‘liq barcha xarajatni to‘liq qoplab beruvchi tizim yo‘lga qo‘yilgan. Mutasaddilarga mahalliy va xorijiy sertifikati bor qurilish materiallarining elektron platformasini ishga tushirish, viloyat hokimlari bilan birga shu yilning o‘zida yana kamida 50 ta qurilish materiallari korxonasiga xalqaro sifat sertifikati olishda ko‘maklashish topshirildi.

Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish

4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Sergeli tumanida katta o‘zgarishlar amalga oshganini ta’kidladi. Yaqin-yaqingacha Sergeli tumani poytaxtning chekka hududi hisoblangan, bugun esa muhit va odamlarning yashash tarzi tubdan o‘zgardi. So‘nggi o‘n yilda bu yerda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 mln. kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis ob’yektlari barpo qilindi. Tadbirkorlar soni 2,5 mingtadan 6 ming 200 taga ko‘paydi. Tumanda shakllangan byudjet tushumlari 382 mlrd. so‘mdan 2 trln. 200 mlrd. so‘mga, ya’ni 5,5 baravar oshdi. Aholi uchun 5 ta yirik dam olish maskani va istirohat bog‘lari ishga tushirildi.

Toshkent viloyatidan o‘tgan 13 ta mahalla hisobidan Sergeli tumani hududi 1 ming 800 gektarga kengayib, jami 5,6 ming gektarga yetdi. Maktab o‘rinlari 25 mingdan 38,5 mingga, bog‘cha o‘rinlari 7,5 mingdan 15,5 mingga ko‘paydi. 50 ta davlat va xususiy klinika ochildi. Ilgari Sergeli tumani aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan bo‘lsa, xatlov natijasiga ko‘ra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani ma’lum bo‘ldi. (Ilgari Sergeli tumani aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan bo‘lsa, xatlov natijasiga ko‘ra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani ma’lum bo‘ldi) Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda. Shu bois, rahbarlarda uy-joy, bog‘cha, maktab, poliklinika va ish o‘rinlarini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha hozirdan aniq reja va dastur bo‘lishi zarurligi bildirildi.

Bu yil Sergelini rivojlantirish uchun byudjetdan 173 mlrd. so‘m, banklar orqali esa 2 trln. 200 mlrd. so‘m resurs ajratilgan. Joriy yilda poytaxt tumanlari jami 9 mlrd. dollarlik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishi belgilangan. Sergelining o‘ziga o‘tgan besh oyda 236 mln. dollar investitsiya kiritildi. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana 750 mln. dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda yer ustidan o‘tgan metro yo‘nalishi ostida savdo va servis ob’yektlarini tashkil etish tajribasi ham ko‘rib chiqildi. Bunda davlat yerdan foydalanish huquqini auksionga chiqarib, loyiha va infratuzilmasini tayyorlab beradi, qolgan ishni esa tadbirkorlar amalga oshiradi. Umuman, yer usti metro liniyasining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 23 kilometr hududida bunday loyihalar amalga oshirilsa, yana 400 ta tadbirkor biznes boshlab, 3 mingta ish o‘rni yaratishi mumkin.

Yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 mln. xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Lekin poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun hojatxonalar yetishmasligi qayd etildi. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning o‘zida har bir tumanda 15-20 ta zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Sergelidagi ayrim maktablar quvvatidan 1,5-2 karra yuqori yuklamada ishlamoqda. Yig‘ilishda maktablarda o‘quvchi o‘rnini 2 karra ko‘paytirish imkonini beradigan yangi tipdagi maktablar qurish loyihasi taklif qilindi. Yangi loyihaga ko‘ra, sport zali, oshxona va ustaxona yerto‘lada joylashadi, yuqori qavatlardan esa sinfxonalar sifatida foydalaniladi. Bu yil Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktab va bog‘chada ushbu yondashuvni joriy etib, “poytaxt tajribasi”ni yaratish topshirildi.

Poytaxtda aholi va turistlar uchun salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish ishlari boshlanmoqda. Shundan 3 tasi Sergelida – Qo‘shqo‘rg‘on, Sultonobod va Farog‘atli mahallalarida jami 22 gektar maydonda tashkil etiladi. Ushbu ko‘llarni poytaxt iqlimini mo‘’tadil saqlashga, odamlar piyoda sayr qilib, hordiq chiqarishiga xizmat qiladigan maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, “Jo‘n” kanalining Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 5 kilometr qismini betonlashtirish boshlangani qayd etildi. Ushbu tumanlar hokimlariga yil yakunigacha kanal bo‘yida sayilgoh va salomatlik yo‘lagini tashkil etish topshirildi.

Yig‘ilishda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha poytaxt namunasini yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Poytaxt tumanlariga respublika rahbarlari biriktirilgani o‘z natijasini berayotgani ta’kidlandi. Olti oyda 230 ta mahallada jinoyat sodir etilmadi, 332 ta mahallada jinoyat keskin qisqardi. Kriminogen vaziyati tashvishli mahallalar soni 60 tadan 23 taga tushdi. Bu shaharda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar samara berayotganini ko‘rsatmoqda.

Cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish, shuningdek, “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Mamlakatimiz hududining qariyb 80 foizi cho‘l va yarim cho‘l maydonlaridan iborat. Yerlarning sho‘rlanishi, qum ko‘chishi, chang bo‘ronlari va garmsellar, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Orol dengizining qurishi mazkur jarayonni yanada kuchaytirgan. Shu bois, Orolbo‘yida yashil qoplamalar barpo etish, saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini ekish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 2 mln. gektardan ortiq yangi o‘rmonzorlar tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat bo‘ylab 1 milliarddan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekildi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi 2020 yildagi 8 foizdan 2025 yilda 14,3 foizga yetdi.

Taqdimotda 2026-2030 yillarda cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, 1,27 mln. gektarda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlari yaratish rejalashtirilgan. Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yashil qoplamalar tashkil etish, Sirdaryo viloyatining chegaradosh hududlarida 84 kilometrlik “yashil devor” barpo qilish, tog‘ va tog‘oldi hududlarida “terrasa” usulida daraxt va butalar ekish, degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari cho‘l hududlariga faqat ekologik muammo sifatida emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida qarash zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda “cho‘l iqtisodiyoti” yondashuvini rivojlantirish, qo‘riq va sho‘rlangan yerlarda barqaror daromad manbalarini yaratish, cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, galofit o‘simliklar yetishtirish, yaylovlar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada Qoraqalpog‘istonda cho‘l o‘simliklari ko‘chatxonalarini tashkil etish, Orolning qurigan tubida ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazish, Bobotog‘ hududida zamonaviy usullar asosida pista plantatsiyalarini rivojlantirish, galofit bog‘lar tarmog‘ini kengaytirish taklif etildi. Shuningdek, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar va urug‘lar bo‘yicha mintaqaviy bank yaratish, xalqaro fondlar va xususiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Taqdimotda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ekologik hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish, “Yashil qalqon” mintaqaviy dasturi doirasida amaliy loyihalarni ko‘paytirish, 2040 yilgacha cho‘llanishga qarshi kurashish strategiyasini ishlab chiqish tashabbuslari ilgari surildi.

Samarqand shahrining tarixiy-madaniy merosi, Buyuk ipak yo‘lidagi o‘rni, xalqaro turizm markazi sifatidagi salohiyati, strategik geografik joylashuvi hamda mavjud suv va transport infratuzilmasini inobatga olgan holda uni Markaziy Osiyoda ekologik barqaror, iqlimga moslashgan va zamonaviy “Yashil shahar” namunasiga aylantirish nazarda tutilmoqda. Shunga muvofiq, taqdimotda shaharlar ekologik barqarorligini ta’minlash bo‘yicha “Green Samarkand” modeli ko‘rib chiqildi.

Loyihani amalga oshirish uchun Samarqand viloyati hokimligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ishtirokida “Yashil Samarqand” loyiha ofisi tashkil etiladi. Ushbu ofis shaharsozlik, ekologiya, transport, qurilish, turizm, sanoat va kommunal xizmatlar sohalarida belgilangan tadbirlarni yagona tizimda muvofiqlashtiradi.

Iqlim siyosati yo‘nalishida Samarqand shahri uchun 2030 va 2035 yillarga mo‘ljallangan uglerod chiqindilarini qisqartirish maqsadli ko‘rsatkichlari hamda “Carbon Neutral Samarkand” “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Shuningdek, yashil va iqlim loyihalarini moliyalashtirish uchun “Green Samarkand Climate Finance Facility” platformasi, natijalarni ochiq e’lon qilish va monitoringini yuritish uchun “Green Samarkand Dashboard” raqamli platformasi ishga tushiriladi.

Turizm va bioxilma-xillik yo‘nalishida “Yashil Samarqand” brendi, “Green Hotels Samarkand” reyting tizimi, “Samarkand City Biodiversity Index” metodologiyasi, “Urban Biodiversity Samarkand” pilot loyihasi va “Bioxilma-xillikni asraymiz” ko‘ngillilar dasturi amalga oshiriladi. Shu orqali Samarqand shahri ekologik turizm, yashil investitsiyalar va barqaror shaharsozlik yechimlari markaziga aylantiriladi.

Umuman, loyiha doirasida Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” sifatida shakllantirish uchun tashkiliy, moliyaviy va amaliy asoslar yaratiladi.

Qora metallurgiyani yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqish

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston metallurgiya kombinatida qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda metall mahsulotlariga ehtiyoj 3 karra ortib, 5,5 mln. tonnaga yetdi, 2030 yilgacha esa metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 1,5 barobar ko‘payib, 8 mln. tonnadan oshadi.

Bugungi kunda Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatning 40 foizini ikkilamchi metalldan, 60 foizini import hisobidan ishlab chiqarmoqda. Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonna metallolom yashirin aylanmada qolmoqda. Shu bois, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi. 1 avgustdan “Ye-lom” elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.

Mamlakatimizda 1,5 mlrd. tonna temir ruda zaxirasi mavjudligi qayd etildi. “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan. Shuningdek, “Tebinbuloq” konini ishga tushirish orqali yiliga 1 mln. tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratilishi, Tojikiston metallurgiya kombinatidan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini olib kelish bo‘yicha shartnomani rasmiylashtirishni tezlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Ularni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 mln. dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.

Yig‘ilishda metall mahsulotlari assortimentini kengaytirish, yirik kombinatlar va xususiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bugun ishga tushirilgan Quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari sohalarida 1,5 mlrd. dollarlik mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

Bekobod metallurgiya kombinatidagi 90 gektar maydonda tayyor infratuzilmaga ega “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” tashkil etiladi. U yerda qora metallar bo‘yicha R&D ilmiy-tadqiqot markazi va xalqaro sertifikat beradigan zamonaviy laboratoriya ishga tushiriladi. Shuningdek, Samarqand, Jizzax, Namangan va Sirdaryodagi yirik metallurgiya korxonalari atrofida jami 100 mln. dollarlik kooperatsiya loyihalari dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu hududlarda qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish va yangi mahsulotlarni mahalliylashtirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda metallurgiya sanoatida raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish masalasi ham muhokama qilindi. Olmaliq kombinatida sun’iy intellekt orqali operatsion xarajatlar, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha natijalar borligi qayd etildi.

Metallurgiya sanoatiga “aql markazi” sifatida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi belgilandi. Bundan tashqari, sohaga Navoiy va Olmaliq kombinatlarining ilmiy markazlari, Texnologik metallar kombinatining “O‘zbekiston – Koreya” ilmiy-texnologik markazi, Toshkent texnika universiteti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq texnika instituti hamda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti”ning Olmaliq filiali biriktirildi.

Ushbu ilmiy muassasalar va oliygohlar yangi turdagi materiallarga talabni, uni qoplash uchun qaysi hududda qanday loyiha qilish va qanday texnologiyadan foydalanish zarurligini, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi. Har bir hudud kesimida bir yillik, uch yillik va besh yillik dasturlar ishlab chiqiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga metallurgiya sohasidagi muammolarni bir joyga jamlaydigan raqamli platformani ishga tushirish topshirildi. Ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha venchur fond tashkil etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar