Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bolalarni himoya qilish
17 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirish hamda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi.
Kambag‘al hamda kambag‘allikka tushish xavfi bo‘lgan oilalarni aniqlash, ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarni yagona tizim asosida, aholining real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etish yo‘nalishidagi ishlar ko‘rib chiqildi.
O‘tgan davrda Ijtimoiy himoya yagona reyestri doirasida 1,8 mln. oilaning ijtimoiy holati baholanib, 739 ming oila, shu jumladan, kambag‘al hamda kambag‘allik chegarasidagi oilalar reyestrga kiritildi. Ularga nafaqa va moddiy yordamlar tayinlandi. Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestri negizida Ijtimoiy reyestrni shakllantirish ko‘zda tutilgan. Unda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib alohida toifalarga – davlat ta’minotidagi oilalar, kambag‘al oilalar hamda kambag‘allik chegarasidagi oilalarga ajratiladi. Har bir toifaga mos yordam va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari aholining daromad darajasi va bandlik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda differensial yondashuv asosida amalga oshiriladi. Xususan, ayrim toifadagi imkoniyati cheklangan oilalar uchun bandlik talab etmagan holda ijtimoiy yordamlar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, “mahalla yettiligi”ga mehnat qilish imkoniyati cheklangan va og‘ir hayotiy vaziyatdagi oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish huquqi beriladi. Shuningdek, reyestrga kiritilgan oilalarning daromadini oshirish, sog‘liqni saqlash, bandlik, uy-joy va boshqa yo‘nalishlarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, mehnatga layoqatli a’zolarni bandlikka jalb qilish hamda tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish choralari ko‘riladi.
Hududlarda ehtiyojmand aholiga kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. 2026-2027 yillarda 20 ta shunday markazni tashkil etish rejalashtirilgan. Markazlarda qarab turish, parvarishlash, abilitatsiya, reabilitatsiya va ta’lim bilan bog‘liq kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi. Markazlar faoliyati orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar hamda yolg‘iz shaxslarni qamrab olish, kunduzgi xizmatlar hisobiga ularning ijtimoiy muassasalarga doimiy joylashtirilishini qisqartirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xizmatlardan foydalanish jarayonlarini raqamlashtirish, elektron yo‘llanmalarni joriy etish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar doimiy monitoringini ta’minlash belgilangan.
Prezidentimizga 2026–2030 yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya to‘g‘risida ham axborot berildi. Strategiya doirasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlik xavfi ostidagi oilalar va bolalar bilan erta bosqichda ishlash, bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy, psixologik, ta’lim va huquqiy xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Mazkur hujjatda bolalar bilan ishlashda kichik hajmli, ochiq formatdagi markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, har bir bola bo‘yicha individual ish rejalarini ishlab chiqish hamda bolaning ta’lim olishi va jamiyatga integratsiya qilinishiga qaratilgan choralar nazarda tutilgan. Shu bilan birga, bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ma’lumotlarni yagona elektron platforma asosida yuritish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha yagona hisob va monitoring tizimini joriy etish strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Prezidentimiz belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ijtimoiy himoya va bolalarni himoya qilish sohalarida tizimli yondashuvni ta’minlash, ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar ijrosini doimiy nazoratda ushlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
To‘qimachilik sanoatida ustuvor vazifalar
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni to‘qimachilik sanoatida 2025 yil yakunlari hamda kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, 2025 yilda to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 134 trln. so‘mni tashkil etgan. Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish 2,1 mlrd. dollarga yetgan. Eksport hajmi esa 2,5 mlrd. dollarni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan o‘sish ta’minlangan. Ushbu tarmoqda band aholi soni 623 ming nafarga yetdi. 2026 yilda ushbu ko‘rsatkichni 650 ming nafargacha oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.
2026 yilda paxta xomashyosini qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish hamda gazlama, trikotaj va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish rejalashtirilgan. Mahsulot ishlab chiqarish hajmini 147 trln. so‘mga, eksportni esa 3,3 mlrd. dollarga yetkazish maqsad qilingan. Tarmoqqa 2,2 mlrd. dollar xorijiy investitsiya jalb qilish reja qilingan. Buning evaziga 207 ming tonnalik sintetik, aralash ip, 397 mln. kvadrat metrlik gazlama, 224 mln. dona tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda 108 mln. kvadrat metr mato bo‘yash bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlar barpo etiladi.
Shu bilan birga, tarmoqni barqaror rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim omillar ham qayd etildi. Xususan, paxta tolasiga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanayotgani, moliyaviy resurslar qiymatining yuqoriligi, tashqi bozorlarda logistika xarajatlari ortishi va ayrim yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar yetishmasligi soha oldida turgan dolzarb vazifalar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu muammolarni hal etish maqsadida 2026 yil uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, korxonalarga aylanma mablag‘ uchun 200 mln. dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish, 138 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish, 100 ta yangi korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi. Bundan tashqari, tayyor mahsulotlar sifati bo‘yicha 24 turdagi tahlilni o‘tkazuvchi zamonaviy to‘qimachilik laboratoriyasi tashkil etiladi. Tarmoqda ERP-tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali raqamlashtirishni jadallashtirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonga 40 ta korxona jalb etiladi.
Davlatimiz rahbari taklif etilgan yondashuvlarni ma’qullab, tarmoqda tayyor mahsulot ulushini izchil oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, investitsiya va eksport salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha mas’ullar oldiga aniq vazifalarni qo‘ydi. Barcha chora-tadbirlar tarmoqni barqaror, raqobatbardosh va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan tizimga aylantirishga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Surxondaryo viloyatini rivojlantirish
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yaratilgan shart-sharoitlar va berilgan imtiyozlar hisobiga so‘nggi sakkiz yilda viloyatga 3 mlrd. dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan, 4 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilgan. 2025 yilda sanoat hajmi ikki barobarga oshib, 17,2 trln. so‘mga yetishi kutilgan. Charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari va farmatsevtika kabi yangi tarmoqlar shakllangan.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ham yaxshi natijalarga erishildi. Prognozlarga ko‘ra, 2025 yilda 126 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 9,3 foizdan 5,6 foizgacha kamayishi kerak. “To‘palang” suv omboridan quvur tortish orqali Sherobod, Boysun, Bandixon, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Jarqo‘rg‘on va Denov tumanlarida yashovchi 2 mln. aholining ichimlik suv muammosi to‘liq hal etilgan.
Shunga qaramay, boy tabiiy resurslari va rivojlangan infratuzilmasi bo‘la turib, Surxondaryo viloyati sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida qator hududlardan ortda qolmoqda. Xususan, viloyatda sanoat ishlab chiqarish hajmi Sirdaryo viloyatiga nisbatan 1,5 baravar, Jizzax viloyatidan 1,8 baravar va Xorazm viloyatidan 2 baravar kam. Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti ham Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari ko‘rsatkichlaridan past. Viloyatdagi qazilma boyliklar 600 mlrd. dollarga baholangani, biroq bu salohiyatning hatto 10 foizi ham ishga solinmagani qayd etildi.
Shu munosabat bilan viloyatni investitsiya, ish o‘rni, aholi daromadi va eksport sur’atlari eng tez o‘sadigan hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi. 2026 yilda viloyatda aniqlangan 114 ta qazilma koni zaxirasi asosida yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. 2026 yilda ushbu konlarda 3,2 mlrd. dollarlik 91 ta loyihani boshlash, shundan 2 mlrd. dollarlik qismini ishga tushirish rejalari belgilandi. Bundan tashqari, drayver tashabbuslar infratuzilmasiga 175 mlrd. so‘m ajratiladi. Buning hisobiga 1 trln. 200 mlrd. so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 9 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Turizm sohasi muhokama qilinar ekan, Boysun, Sangardak va Omonxona kabi yuqori turistik salohiyatga ega hududlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, yangi turizm yo‘nalishlari va ob’yektlarini tashkil etish zarurligi qayd etildi. Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot ishlab chiqarishning 60 foizi Denov, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Sariosiyo tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Angor, Qiziriq, Termiz, Uzun hamda ixtisoslashgan boshqa tumanlarda ham eksportni ko‘paytirish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Energetik xavfsizlikni mustahkamlash uchun
12 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Energetik xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, gaz sohasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining eng asosiy vazifasi tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirishdan iborat. Shuning uchun kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 mln. kub metrdan 70 mln. kub metrga ko‘paytirish, bu yil kamida 25,4 mlrd. kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rishi zarur. Gaz zaxiralarini o‘stirish uchun yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda esa ishlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish lozim.
Nafta ishlab chiqarish hozirda quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani, mahsulot esa 50 foiz arzon narxlarda eksport qilinayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Naftadan polimer mahsulotlari ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymatni 6 baravar oshirish imkoniyati borligini hisobga olib, mavjud quvvatlarni to‘liq ishlatish choralarini ko‘rish topshirildi. Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz”ning moliyaviy holatini yaxshilash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda neft-gaz sohasida o‘g‘rilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Korrupsion xavflarning oldini olish uchun kompaniya tuzilmasida raisning alohida o‘rinbosari lavozimi kiritilib, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etildi. Tarmoqda har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Prezidentimiz neft-gaz sohasida transformatsiyani chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olish hajmlarini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidagi ustuvor vazifalar
13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yillarda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ruhiy tayyorgarlik darajasi izchil oshirib borilmoqda, mudofaa sanoatining salohiyati mustahkamlanmoqda. Armiyani raqamlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlar natijasida axborot xavfsizligi, boshqaruv va ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligi sezilarli darajada oshdi.
Yig‘ilishda mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Turli mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi avj olayotgani, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va xalqaro diplomatiya zaiflashib borayotgani qayd etildi. Shu bois, tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligi ta’kidlandi. Bu boylikni asrab-avaylash uchun esa har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish bo‘yicha “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi zarur.
Oliy Bosh Qo‘mondon kelgusi istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga ustuvor e’tibor qaratiladi. Muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etildi. Jumladan, armiyada yoshlar xizmatni o‘tab bo‘lgandan so‘ng kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi. Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.
Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatining 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi. “Muddatli harbiy xizmatni o‘tash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘li”ga aylanishi kerak”, dedi Prezidentimiz.
Muhandislik-texnika, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurashish sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash eng muhim masala ekani ta’kidlandi. Shu bois, muhandislik-texnik yo‘nalishdagi harbiy-ilmiy bazani mustahkamlash va joylarda harbiy texnoparklar tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Endi joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi. Yig‘ilishda qayd etilganidek, qo‘shinlarni sun’iy intellekt asosidagi robotlashgan majmualar va uchuvchisiz tizimlar, yengil harbiy texnika, zamonaviy qurol-aslaha, razvedka vositalari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratish kerak.
Prezidentimiz mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirish sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlash va milliy raqamli infratuzilmaning barqarorligini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mutasaddilarga shaxsga doir ma’lumotlar va raqamli tizimlar himoyasini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.
Zamonaviy xavf va tahdidlarning mazmuni ham, ko‘lami ham kundan-kunga o‘zgarib borayotgani, mudofaa va xavfsizlik sohasi oldiga katta vazifalar qo‘yilayotganini inobatga olib, davlatimiz rahbari sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi. Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatimizning hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishini, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etishini, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlashi lozimligi ta’kidlandi.
Samaradorlikni oshirish
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni energiya samaradorligini oshirish hamda elektr energiyasi ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
O‘zbekiston eng ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Shu bois, o‘tgan yilda energiya samaradorligi sohasidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida alohida agentlik tashkil etildi. Ushbu tuzilmaga 2030 yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy ob’yektlarda esa energiya iste’molini 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan. Taqdimotda agentlikning 2026 yildagi faoliyati rejalari ko‘rib chiqildi.
Ijtimoiy ob’yektlar va aholi turar joylarini energiya samarador ob’yektlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Joriy yilda bunga 150 mlrd. so‘m subsidiya va kompensatsiya mablag‘lari yo‘naltiriladi. Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy ob’yekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan 264 mln. dollar mablag‘ jalb etiladi.
Sanoat sohasida ham energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellarini o‘rnatish mo‘ljallangan. Bu korxonalarga 722 mln. kilovatt-soat elektr energiyasi va 693 mlrd. so‘m mablag‘ tejash imkonini beradi. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti tizimida 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.
Taqdimotda elektr energiyasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Xususan, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahriga kengaytirilishi reja qilingan. Bu orqali tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yo‘qotishlarni keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berildi. Hozirgi kunga qadar yiliga 10 mln. kilovatt-soatdan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan ulgurji iste’molchilar ro‘yxati tuzildi. Ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy qilish taklif etildi. Bugungi kunda energetika va kommunal sohalar bo‘yicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu borada yagona regulyatorni tashkil etish taklifi bildirildi.
"Iqtisodiy sharh" jurnali №1/2026
Izoh qoldirish