Samarqand namunaviy hudud sifatida
18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Samarqand ishsizlik, kambag‘allik, investitsiya va eksport kabi barcha yo‘nalishlarda namunaviy viloyat bo‘lishi shartligi qayd etildi. Buning uchun viloyat mahallalari infratuzilmasini yaxshilashga 100 mln. dollar, Urgut tumaniga qo‘shimcha 50 mln. dollar ajratildi. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trln. so‘m yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlarga qo‘shimcha ravishda yana 18 trln. so‘m kredit resurslari berilayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Samarqand viloyati rahbariyati oldida kamida 9 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulot hajmini 144 trln. so‘mdan oshirish, 3 mlrd. dollar xorijiy investitsiya jalb etish va eksportni 1,2 mlrd. dollarga yetkazish vazifasi turibdi. Shuningdek, 100 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va viloyatni ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda jahondagi notinchliklar tufayli logistika zanjirlarining uzilishi, neft narxi va transport xarajatlarining oshib borayotgani oziq-ovqat narxlariga ta’sir qilishi tabiiy ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, dunyoda qariyb 100 mln. turist sayohat uchun tinch va xavfsiz mamlakatlarni qidirayotgani qayd etildi. Bunday sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, turizm va servis sohalaridagi mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish hokimlarning eng asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham bir qator qarorlar qabul qilindi. Yaylov yerlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali ijaraga berish tartibi yana bir yilga uzaytirilishi belgilandi. Viloyatning to‘rtta tumanida jamoat yaylovlari tashkil etilib, mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi. Laboratoriya uskunalari va naslli qoramol xaridi uchun 10 yilga 12 foizli kredit ajratiladi. Joriy yil 1 maydan boshlab baliqchilik xo‘jaliklariga quyosh panellarini o‘rnatish uchun 16 foizli kredit taqdim etiladi. Kartoshka yetishtirish masalalari ham alohida tilga olindi.
Prezidentimiz turizm sohasidagi vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonni xavfsiz turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha katta kampaniya boshlanishi qayd etildi. Apreldan iyungacha bo‘lgan davr uchun alohida dastur tayyorlanib, “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” e’lon qilinadi.
Ushbu muddatda aviakompaniyalarga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya beriladi. Shuningdek, ularga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim etiladi. 1 apreldan boshlab turoperatorlarga uch oy mobaynida jalb qilingan har ming nafar xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya beriladi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hisobiga Samarqandga yil yakuniga qadar 6 mln. sayyoh olib kelish maqsadi belgilab olindi.
Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalar
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. So‘nggi yillarda Namanganda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlik sohalarida katta o‘sish kuzatilib, viloyat ko‘plab yo‘nalishlarda boshqa hududlar uchun namunaga aylandi. Xususan, sakkiz yilda 40 mingdan ziyod yangi korxona ish boshlagan, ishlab chiqarish hajmi esa 6 baravarga oshib, 40 trln. so‘mga yetgan. 2025 yil yakunlari bo‘yicha viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trln. so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 8,2 foizga teng bo‘lgan. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trln. so‘mni, xizmatlar hajmi esa 56,3 trln. so‘mni tashkil qilgan. Viloyatga 3,3 mlrd. dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, eksport hajmi 916 mln. dollarga yetgan.
Davlat rahbari jahon bozoridagi beqaror vaziyat sharoitida Namanganda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va yangi “o‘sish nuqtalari”ni ishga solish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan 2026 yilda viloyat rahbariyati oldiga iqtisodiyotni 9,2 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlar sohasini 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish, turizm xizmatlari eksportini esa 1,7 baravar ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalar hajmini 5 mlrd. dollarga, eksportni 1,2 mlrd. dollarga olib chiqish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, yil yakunigacha ishsizlikni 3,5 foizga, kambag‘allik darajasini 2,5 foizga tushirish, Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Namangan, Kosonsoy, Norin va Uychi tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bugungi sharoitda eng dolzarb masalalardan biri ekani qayd etildi. Shu bois, viloyatda kam samarali 2,5 ming gektar bog‘lar o‘rnida zamonaviy intensiv bog‘lar tashkil qilish va 8 ming gektar yerni o‘zlashtirish vazifasi qo‘yildi. Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi qo‘shimcha daromad manbalari va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Yig‘ilishda yirik investitsiya loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining “Sabzazor” massivida umumiy qiymati 547 mln. dollarlik 15 ta loyihani to‘liq amalga oshirish uchun qo‘shimcha elektr podstansiyasi qurish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgacha bu yerda 215 mln. dollarlik 7 ta loyiha ishga tushirilgan.
Shuningdek, qiymati 20 mln. dollar bo‘lgan zamonaviy IT-park binosini barpo etish taklifi bildirildi. Davlatobod tumanini “aqlli shahar”ga aylantirish, Namangan davlat texnika universitetiga qarashli bo‘sh ob’yektlar negizida sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi va startaplar klubini tashkil etish tashabbuslari ham muhokama qilindi. “Namangan – aqlli shahar” yagona raqamli platformasi orqali kommunal xizmatlar, chiqindilarni boshqarish, ekologik monitoring va transport infratuzilmasi tizimlarini bosqichma-bosqich integratsiya qilish rejalashtirilgani aytildi.
Viloyatni vodiy turizmi markaziga aylantirish maqsadida Pop tumanida “Arashan” ko‘llari atrofida zamonaviy va innovatsion turizm majmuasi, Qamchiq dovoni hududida Qamchiq Mountain Resort xalqaro ko‘p funksiyali tog‘ dam olish zonasi, Chodak qishlog‘i Guliston mahallasida turizm markazi, Kosonsoy tumani Olmazor mahallasida yirik turizm maskanini tashkil etish, Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay hududida sun’iy ko‘l loyihasini amalga oshirish taklif etildi.
Ijtimoiy sohada ham yirik tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Namangan shahrida 2026 yilda 15 ming o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil qilish, 21 ta ta’lim muassasasidagi bo‘sh turgan 42 ming kvadrat metr yer maydonlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurish uchun ajratish taklif qilindi.
Sog‘liqni saqlash sohasida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya markazining Namangan filialini tashkil etish, onkologiya va radiologiya markazini zamonaviy PET-tomograf apparati bilan jihozlash, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish va yuqori texnologiyali operatsiyalarni yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Buxoro viloyatining iqtisodiy salohiyati
2 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Buxoro viloyati sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida hech bir hududdan kam bo‘lmagan ulkan imkoniyatlarga ega. 2025 yilda hududiy yalpi mahsulot hajmi 7,2 foizga oshib, 86,6 trln. so‘mga yetdi, sanoatda 7,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,3 foiz, xizmatlar sohasida 14 foiz o‘sish qayd etilgan. Ishsizlik 2024 yilga nisbatan 4,7 foizgacha, kambag‘allik darajasi 6 foizgacha pasaygan.
Yig‘ilishda Buxoro viloyatini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trln. so‘mga yetkazib, 9,1 foiz o‘sishga erishish, sanoat hajmini 9,1 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,9 foizga, xizmatlar hajmini esa 20,1 foizga o‘stirish vazifalari belgilandi. Ishsizlik va kambag‘allik darajasini 2 foizgacha qisqartirish, 381,5 ming nafar aholini daromadli qilish nazarda tutilgan.
Investitsiya va eksport yo‘nalishida 2026 yilda 3,3 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, 1,5 mlrd. dollarlik eksportni ta’minlash, umumiy qiymati 9,2 mlrd. dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Sanoatni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat tarmoqlari kesimida 61 ta yirik loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 2,2 mlrd. dollarni tashkil qiladi. Natijada 18 ming ta yangi ish o‘rni yaratish, aholi jon boshiga sanoat hajmini 25,6 mln. so‘mdan 29,6 mln. so‘mga yetkazish mo‘ljallangan. Xususan, Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Qorovulbozor tumanida yiliga 100 ming tonna mineral o‘g‘it ishlab chiqarish, Kogon tumanida gipsokarton ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, 61 ta mavjud sanoat zonasidagi bo‘sh yer maydonlarida joylashtiriladigan yangi ishlab chiqarishlar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Jumladan, Buxoro shahri va Buxoro tumanida oziq-ovqat va mebelchilik, Vobkentda charm va yengil sanoat, Kogon va Qorovulbozorda neft-kimyo, Shofirkon va Peshkuda farmatsevtika hamda oziq-ovqat, G‘ijduvonda qurilish materiallari yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi.
Yig‘ilishda viloyatdagi 3 mln. gektar yaylov yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etish ham muhokama qilindi. Joriy yilda 59,2 ming gektar maydonga to‘liq ozuqabop ekinlar ekish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, umumiy qiymati 454 mlrd. so‘m bo‘lgan 82 ta chorvachilik loyihasini amalga oshirish, bu maqsadda chetdan 20 ming bosh naslli qoramol, 30 ming bosh qo‘y va 200 bosh ot olib kelish ko‘zda tutilgan.
Paxtachilik, g‘allachilik va suvdan oqilona foydalanish yo‘nalishlarida ham aniq vazifalar belgilandi. Xususan, 2026 yilda paxta hosildorligini 52 sentnerga, g‘alla hosildorligini 100 sentnerga yetkazish, 96,8 ming gektarda suv ta’minoti va meliorativ holatni yaxshilash, 453,5 mln. kub metr suvni iqtisod qilish, 742 ta qishloq xo‘jaligi texnikasini olib kelish rejalashtirilgan.
Xizmatlar va aholi bandligini ta’minlash sohasida mahallalar ixtisoslashuvi asosida 49 ta loyiha amalga oshirilishi, 33 ta savdo va servis ko‘chasi, 2 ta sohil bo‘yi hududi, 4 ta turizm mahallasi va 10 ta yo‘l bo‘yi loyihasi tashkil etilishi belgilandi. Buning uchun jami 12,5 trln. so‘m moliyaviy resurs, jumladan, 7,5 trln. so‘m kichik va o‘rta biznesga yo‘naltiriladi.
Turizm sohasi hozirda asosan Buxoro shahri hisobiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Jondor, G‘ijduvon, Buxoro, Qorako‘l va Vobkent tumanlarida aholi va sayyohlar uchun zamonaviy dam olish muhitini shakllantirish bo‘yicha katta imkoniyatlar bor. Shu munosabat bilan 2026 yilda 3,5 mln. xorijiy va 5,5 mln. mahalliy sayyohni jalb qilish, umumiy turistlar sonini 9 mln.ga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun 2026 yilda 73 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushiriladi, 15 ta yangi turoperator tashkil etiladi. Shuningdek, Kogon shahrida 6 ta tarixiy ob’yekt negizida turizm shaharchasini tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda aholi sonining o‘sishiga mos ravishda uy-joy va infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qator vazifalar belgilandi. Mahallalarda yo‘l, elektr, suv va sug‘orish tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshiriladi. Bu maqsadlarga jami 593 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2026 yilda jami 4 trln. 484 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, buning hisobiga maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari hamda kommunal va transport infratuzilmasi bo‘yicha yuzlab loyihalar amalga oshirilishi qayd etildi.
Toshkent viloyatida kelgusidagi ustuvor vazifalar
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. So‘nggi yillarda hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 2024-2025 yillarda Toshkent viloyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha 23 ta qaror qabul qilinib, ular doirasida uning rivojlanishiga byudjet mablag‘lari, bank kreditlari va xorijiy investitsiyalar hisobidan yirik resurslar yo‘naltirildi. Shu davrda 14 ta yangi sanoat zonasi tashkil etildi, 115 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, 237 ta yangi eksportchi paydo bo‘ldi va 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
O‘tgan bir yil ichida Parkent, Ohangaron va Olmaliqda elektrotexnika, metallurgiya, farmatsevtika, to‘qimachilik, mashinasozlik va tog‘-kon sohalaridagi yirik loyihalar ishga tushirildi. Poytaxt ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 87 ta korxona va yangi sanoat loyihalarini Toshkent viloyatiga ko‘chirish ishlari boshlandi, hozirgacha 15 dan ortiq to‘qimachilik korxonasi ko‘chib keldi va 4,7 ming nafar fuqaro o‘z yashash joyida ishli bo‘ldi.
Umuman, 2025 yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 7,1 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,2 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 15,2 foizga, qurilish ishlari hajmi 9,8 foizga o‘sdi.
2026 yilda viloyat iqtisodiyotini 9,1 foizga, sanoatni 8,8 foizga, xizmatlarni 17,2 foizga, qurilish ishlarini 15 foizga va qishloq xo‘jaligini 6,6 foizga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 6,2 mlrd. dollar investitsiya jalb etish va 2,8 mlrd. dollar eksportni ta’minlash mo‘ljallangan.
Viloyatda sanoatni boshqarish bo‘yicha yangi tizim joriy etilmoqda. Hokimning sanoat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari faoliyatini baholash mezonlariga investitsiya va eksportni ko‘paytirish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari kiritiladi.
Sanoatdagi qo‘shimcha o‘sish manbalari sifatida qator yangi loyihalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Angren shahrida keramik va farfor plitka, Nurafshon shahrida to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, Yangiyo‘l tumanida “Tinchlik” kichik sanoat zonasi, Parkent tumanida “Parkent Farma” erkin iqtisodiy zonasi, O‘rta Chirchiq tumanida mebelchilikka ixtisoslashgan klaster, qo‘ziqorin yetishtirish va shirin makkajo‘xori ishlab chiqarish, Yangiyo‘lda baliqchilik majmuasi loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish va ozuqa bazasini kengaytirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Umuman, 2026 yilda 2,1 trln. so‘mlik 78 ta chorvachilik loyihasi amalga oshirilib, 496 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Oqqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha qiymati 45 mln. dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Bo‘stonliqdagi “Amirsoy” qishki kurort majmuasi va “Beldersoy resort” maskani xalqaro darajadagi turizm markazlariga aylandi. Endilikda shunday loyihalarni Parkent, G‘azalkent, Ohangaron va Angrenning tog‘li hududlarida ham amalga oshirish mumkin. Masalan, Parkentda “Oltin bel” cho‘qqisi va unga tutash hududda tog‘-chang‘i kurort zonasi, Ohangaron tumanida esa “Moviy tog‘lar” dam olish oromgohi negizida zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi. Shuningdek, Lashkarak va Yangiobod hududlarida “turizm qishloqlari”, Bekobod tumanida ekologik va ov turizmi ob’yektlari, Parkent tumanida “Kumushkon” turizm majmuasi hamda Parkentsoyda oilaviy dam olish maskanlari va mehmon uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Viloyatda turizm xizmatlari eksportini 600 mln. dollarga, xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini esa 16,5 mln.ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda viloyatning “og‘ir” toifadagi va “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” tuman, shahar va mahallalaridagi 231 ta loyihaga 956 mlrd. so‘m ajratilgani qayd etildi. Mahallalarida uy-joy, elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘llarni yaxshilash ishlarini jadallashtirish topshirildi. Xususan, ichimlik suvi bormagan 39 ta mahalla markazlashgan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi, yana 81 ta mahalladagi 166,7 kilometr yaroqsiz suv tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi.
Yig‘ilishda joriy yilda 883 ta mahallani kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, 84,7 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 37 ming norasmiy ish o‘rnini legallashtirish va 13,3 ming ishsiz fuqaroni kasbga o‘qitish vazifasi qo‘yildi. Toshkent viloyatini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib, boshqa hududlar uchun namuna ko‘rsatish eng ustuvor vazifasi bo‘lishi belgilandi.
So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish
9 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Ta’kidlanganidek, avvallari So‘x yetib borish qiyin, transport va logistika imkoniyatlari cheklangan, iqtisodiy aloqalari zaif hududlardan biri edi. Bugungi So‘x asta-sekin mintaqaviy iqtisodiy tizimga qayta qo‘shilmoqda.
Bugungi kunda So‘xdagi 25 ta mahallada 88,6 ming aholi yashaydi. Hududda 29 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 33 ta maktab, 2 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasasi, 14 ta sog‘liqni saqlash muassasasi va 2 ta madaniyat ob’yekti faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 13 ming 921 ta ish o‘rni yaratildi, 1 667 ta oila kambag‘allikdan chiqarildi. Shu bilan birga, tumanda kambag‘allik darajasi 7,9 foiz, ishsizlik esa 5,5 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkichlar hali ham respublika o‘rtacha darajasidan yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda tumanning turizm salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida 60 mln. dollar investitsiya jalb qilish, qariyb 2 ming ish o‘rni yaratish, turizm xizmatlari hajmini 15 mlrd. so‘mga, eksportni esa 2 mln. dollarga oshirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Eng muhim vazifalardan biri sifatida aholi yashashi va mehnat qilishi uchun qulay infratuzilma yaratish, tadbirkorlikni kengaytirish va bandlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Har bir mahallada 10 tadan, jami 300 ta mikroloyiha ishga tushirilib, 8,6 ming aholi kasb-hunarga o‘qitiladi. Bu loyihalarga banklar tomonidan 64 mlrd. so‘m kredit resursi yo‘naltiriladi, ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlari uchun esa qo‘shimcha 74,5 mlrd. so‘m ajratiladi.
Aholi daromadining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq ekani inobatga olinib, ushbu sohada zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Mevali bog‘lar, za’faron plantatsiyalarini barpo qilish, shuningdek, 100 gektar maydonda kartoshka yetishtirish loyihalarini amalga oshirish taklif etildi. Shuningdek, Navobod mahallasida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha taqdim etildi.
Devayron va Tul-dasht hududlari oralig‘ida 8 kilometr uzunlikda o‘zi oqar sug‘orish tarmog‘i qurilishi hisobidan 500 gektar mevali bog‘ va qo‘shimcha 300 gektar ekin maydonini o‘zlashtirish imkoniyati mavjud.
Urbanizatsiya muammolari va vazifalari
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 aprel kuni uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. So‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatimizda qariyb 10 mingta yangi qurilish korxonasi ish boshladi. Aylanmasi 1 trln. so‘mdan oshgan 20 ta, 100 mlrd. so‘mdan yuqori ko‘rsatkichga chiqqan 365 ta yirik kompaniya shakllandi. Loyiha tashkilotlari soni 2 mingdan oshib, ularning 650 dan ziyodi xalqaro sertifikat oldi. Shu davrda qurilish sohasida ruxsat berish bosqichlari 3 karra, muddatlar esa 4 karra qisqartirildi. 420 ta shaharsozlik norma va qoidalari birlashtirilib, eskilari bekor qilindi va 140 ta yangi norma va qoida tasdiqlandi.
Natijada o‘tgan yillar mobaynida 210 mln. kvadrat metr bino-inshoot, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi. Qurilish ishlarining hajmi 2016 yildagi 30 trln. so‘mdan o‘tgan yili 314 trln. so‘mga yetdi. Bugun qurilish, qurilish materiallari ishlab chiqarish va ularga yondosh sohalarda 3,5 mln. aholi band.
Yig‘ilishda urbanizatsiya masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda yurtimiz aholisi 38 mln.dan oshib, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetgan, qariyb 20 mln. nafar aholi shaharlarda yashamoqda. Viloyat hokimlari hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasiga joriy yilning o‘zida byudjet mablag‘lari hisobidan 6 ta shahar va 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh rejalarni, 104 ta qishloq bo‘yicha master-rejalarni yakunlash, bundan tashqari, tashabbuskor tadbirkorlar bilan birga yana 50 ta aholi punkti uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.
Yer va ob’yektlarni iqtisodiy faoliyatga jalb etish bo‘yicha ham jiddiy kamchiliklar qayd etildi. So‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerning 3 ming gektarida qurilish boshlanmagan. Shuningdek, auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi va 122 ta davlat ob’yekti bir yildan beri sotilmay turgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda qurilish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish masalasi muhokama qilindi. O‘tgan yili qurilish bilan bog‘liq 2,6 mln.dan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgani, bu holat ortida ko‘p hollarda korrupsiya va ortiqcha byurokratik g‘ovlar turgani qayd etildi. Davlatimiz rahbari bunday muammolarga barham berishning eng samarali yo‘li raqamlashtirish va sun’iy intellektni keng joriy etish ekanini ta’kidladi.
Qurilishga ruxsat berishda sansalorlikning yana bir sababi sifatida joylarda shaharsozlik kengashiga a’zo 26 ta idora o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirish yo‘qligi ko‘rsatildi. Shu munosabat bilan shaharsozlik kengashiga Toshkent shahri va viloyat hokimlarining o‘zi boshchilik qilishi, tadbirkor masalasiga yakuniy yechim beradigan tizim joriy etilishi belgilandi.
Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini ta’minlash masalasi doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi ta’kidlandi. So‘nggi yillarda 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi infratuzilmasi uchun 4 trln. 100 mlrd. so‘m ajratilgan, joriy yilda esa ushbu maqsadlar uchun yana 1 trln. 400 mlrd. so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. Joriy yil hududlarda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish zarur. Bunda renovatsiyaga alohida e’tibor qaratish muhim.
Yig‘ilishda soha uchun kadrlar tayyorlash va kreativ muhitni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Arxitektor, loyihachi va urbanistika sohasi mutaxassislari uchun birinchi kreativ parkni Toshkent shahrida tashkil qilish, keyinchalik bunday parklarni hududlarda ham barpo etish ishlarini boshlash topshirildi.
"Iqtisodiy sharh" jurnali №4/2026
Izoh qoldirish