Buyuk Temur tomonidan asos solingan imperiya dunyoning yirik imperiyalari orasida alohida o‘rin tutadi. Temur tarixda ulkan meros qoldirgan buyuk shaxslar toifasiga mansub. Shu sababli uning shaxsiyati va jahon tarixidagi xizmatlari o‘g‘risida juda ko‘p bahs-munozara va tortishuvlar bo‘lgan, bo‘layapti va bundan keyin ham davom etadi. Shunga mos tarzda son-sanoqsiz asar va risolalar bitilgan. Ushbu manbalarda AmirTemur buyuk sarkarda, lashkarboshi, tengi yo‘q siyosatdon, donishmand, olamga mashhur davlat arbobi, mahoratli notiq kabi noyob shaxsiy fazilatlar sohibi ekanligi e’tirof etilgan. Ayni paytda, Sohibqironning serqirra faoliyatida uning iqtisodiy jihatlari tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelmoqda.
Darhaqiqat, Sohibqironnning asosiy fikrlari va intilishlari ulug‘vor imperiyani kengaytirish hamda mustahkamlash, davlatni boshqarish, keng hududlarda osoyishtalikni saqlash, isyonkor va bo‘ysunmas qo‘zg‘olonchilarni tinchlantirish, mazmunli va dono nutqlar bilan ommani o‘ziga rom etish, tashqi dunyo bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatish va mustahkamlashgga yo‘naltirilgan edi. Lekin masalaga aql ko‘zi bilan chuqurroq yondashsak, ushbu hatti-harakat va intilishlarning barchasi oxir-oqibatda bir maqsadga, ya’ni saltanatning mustahkam iqitisodiy poydevorini yaratishga xizmat qilgan.
Biznincha, Amir Temurning barakali faoliyatida aynan iqtisodiy masalalar markaziy o‘rinni egallagan. Fikrimizning isboti sifatida ikkita dalil keltirmoqchimiz. Birinchidan, tarqoq feodal davlatlarni birlashtirish, ularni mustakamlakachi mo‘g‘ullar ustidan g‘alaba qozonib, mustaqillikka erishishini ta’minlash, yaroqsiz ahvolga kelgan suv inshootlarini tiklash, mamldakatda tartib-intizom va tinchlik-osoyishtalik o‘rnatish, uni saqlash, qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, mustaqillikka erishgan Movorounnahrning tashqi dushman tajovuzlardan himoya qilish, ushbu maqsadda qudratli armiyani shakllantirish, ta’sirli nutqlar va unga monand tadbirlar o‘tqazish yo‘li bilan ommaning hurmatiga sazovor bo‘lish va boshqalarga bag‘oyat katta sarf-xarajatlar evazigagina erishish mumkin edi. Tabiiyki, bunday sarf-xarajatlarning manbaini izlab topish Sohibqirondan juda katta mehnat va iqtisodiy muammolarning to‘g‘ri yechimlarini topa bilish mahoratini talab qilgan. Ikkinchidan, xalqning azob-uqubatlariga, iqtisodiy tanqislikdan chekayotgan qiyinchiliklariga befarq bo‘lmagan Amir Temur elning hayoti va turmush tarzini yaxshilashga intilgan, ushbu muammo ustida ko‘p bosh qotirgan.
Bizning nazarimizda, Sohibqironning qaramlik zulmidan ozod bo‘lgan mustaqil davlat iqtisodiyotini yuksaltirishda va elning turmush farovonligini yaxshilashdagi eng yuuyuk xizmatlaridan biri – bu mamlakatda ishlab chiqarish kuchlarining jadal rivojlanishi va gulkirab yashnashi uchun katta imkoniyatlar yaratib berganligida. Chunki davlat rahbarining iqtisodiy tafakkuri, birinchi galda, ishlab chiqarish kuchlarini, minglab, millionlab mehnatga yaroqli kishilarni harakatga keltira olish qobiliyati orqali namoyon bo‘ladi. Ana shu muhim vazifani Amir Timur o‘sha davrning talablaridan kelib chiqqan holda, mamlakatda qishloq xo‘jaligini, hunarmandchilikni, savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berish, ahlolining ulkan mehnat salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uni bir maqsad sari yo‘naltirish orqali bajarishga erishdi.
Amir Temur keng xalq ommasini ijtimoiy foydali mehnat faoliyatiga jalb etishda va uni jamiyat hamda saltanat manfaatlariga mos tarzda harakat qilishga undash maqsadidada samarali mehnatni moddiy rag‘batlantirish tamoyiilaridan unumli foydalanishga jiddiy e’tibor qaratdi. Sohibqironning aholini ortiqcha bemahal soliqlardan va ayrim noinsof soliqchilarning tajovuzidan himoya qilishga, vayronaga aylantirilgan yo‘l va kanallarni tiklash va yangilarini qurishga davlat xazinasi mablag‘larini sarflash, mehnatkash elga nisbatan g‘amxo‘rlik qilish, keng qamrovli qurilish va obodonlashtirish ishlariga axolini jalb etish orqali uni ish va daromad bilan ta’minlash kabi sa’y harakatlari ana shu moddiy rag‘batlantirishning turli ko‘rinishlari edi. Ushbu dono siyosat natijasida jamiyat, davlat iqtisodiy manfaatlari bilan zahmatkash el iqtisodiy manfaatlari o‘rtasida o‘zaro uyg‘unlik yuazaga keldi, ushbu manfaatlar bosh maqsadga, ya’ni iqtisodiy poydevori metindek mustahkam buyuk davlat barpo qilishga yo‘naltirildi. Pirovard natijada keng xalq ommasi harakatga keldi, kishilar foydali mehnatga jalb qilindi, ularning samarali mehnat qilishga qiziqishi ortdi, aholining daromadlari ko‘payib, ijtimoiy ishlab chiqarish hajmi kengaydi. Shu bilan birga, ushbu tadbirlar saltanat xazinasini to‘ldirish, mamlakat iqtisodiy qudratini yuksaltirishning ishonchli manbaiga aylandi.
Amir Temur o‘sha davrlarda amalda qo‘llagan va saltanat iqtisodiy kuch-qudratini yuksatirish siyosatining muhim bo‘g‘iniga aylangan mehnatni moddiy rag‘batlantirish siyosati oradan uch yuz yildan ziyodroq vaqt o‘tgandan keyin iqtisodiyot fanining asoschisi, buyuk nazariyotchi Adam Smitning ta’limotida o‘zining nazariy talqinini topdi. Uning fikricha, o‘zining shaxsiy manfaatlari yo‘lida harakat qiluvchi kishilarning xulq-atvori oxir-oqibatda ijtimoiy farovonlikni imkon qadar yuqori bo‘lishini ta’minlaydi. Amir Temur ham o‘zining iqtisodiy siyosatida iqtisodiy rag‘batlantirishning turli usullurini qo‘llash asosida keng xalq ommasini saltanat iqtisodiy qudratini yuksatirishga yo‘naltirishga erishdi.
Buyuk Amir Temurning davlat boshqaruvida aynan iqtisodiy muammolarga juda katta e’tibor qaratganligi uning nodir va noyob aqlu-zakovat hamda iqtisodiy tafakkur sohibi ekanligidan dalolat beradi. U zamonaviy makroiqtisodiy siyosat nazariyalaridan tamoman bexabar bo‘lsa-da, o‘z imperiyasining rivojlanishi va kelajagining avvalo iqtisodiy taraqqiyot bilan chambarchas bog‘liqligini yaxshi tushungan holda ish tutdi. Bu kishi aqlini hayratga soladi. Chunki Amir Timur iqtisodiy taraqqiyotning jiddiy masalalarini o‘z faoliyatida o‘z saltanati doirasida hal qilgan zamonlarda hali siyosiy iqtisod fani ham, uni shakllantirish uchun yetarli nazariy bilimlar ham yaratilmagan edi. Eramizdan oldingi asrlarda (e.o. 445-355 yy.) yashab, ijod etgan Antiq davr faylasufi ixtiro etgan “Iqtisod” tushunchasi, keyinchalik bu xususda fikr yuritgan ayrim donishmandlarning(Platon, Aristotel, Abu Ali Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy va bashqalar) asarlarida o‘z aksini topgan nazariy fikr-mulohazalar bor edi, xolos. Faqat Amir Timur yashab, iqtisodiy faoliyat yuritib boshlaganidan keyin qariyb ikki asrcha vaqt o‘tgandan keyin “Siyosiy iqtisod” fani yuzaga keldi. Ushbu fan nomining ixtirochisi fransuz yozuvchisi Antuan Monkreten edi. Maxsus nazariy bilimlarga ega bo‘lmagan holda iqtisodiyotning o‘ta murakkab va ziddiyatli muammolarining to‘g‘ri yechimlarini topa bilish qobiliyati Yaratganning Sohibqironga in’om etgan buyuk iqtisodiy tafakkurning amaliy hosilasidir. Uning ibratga loyiq, puxta o‘ylangan, mukammal va dono iqtisoiy siyosati qudratli Imperiyani barpo etishning va mustahkamlashning poydevori bo‘lib xizmat qildi.
Amir Timurning "Temur tuzuklari" – bu katta donishmandlik mevasi. Sohibqiron qalamiga mansub ushbu kitobda uning serqirra faoliyatining mazmun-mohiyati mujassam. Mazkur asarning mazmunini sinchkovlik bilan tahlil qilar ekanmiz, buyuk sarkardaning fikru-faoliyatida iqtisodiy masalalar alohida o‘rin tutganligiga amin bo‘lamiz. Asarning har bir satri chuqur ma’no bilan to‘yingan va har bir sahifasida haqiqat sado beradi. U o‘zining ushbu asarida “Davlatu saltanat uch narsa bilan – mulk, xazina va lashkar bilan tirikdir”, deb ta’kidlaydi. Demak, u mulk va xazinani o‘z saltanatining yashash sharti sifatida qaragan va uni butun umri davomida ko‘paytirishga intilgan. Bundan olti yuz yil muqaddam bitilgan bu bitiklar bugungi kunda mamlakatimizda demokratik respublika va fuqarolik jamiyatining tamoyillarini inkor etmaydi va zamonaviy tamaddun sharoitida samarali faoliyat yuritadigan davlat organini barpo etishda ulardan foydalanishni taqazo etadi. Chunki mulk iqtisodiy taraqqiyoning o‘zagi, har qanday faoliyatni amalga oshirishning asosiy sharti va vositasi hisoblanadi. Ishlab chiqarish munosabatlari tizimida mulkiy munosatlar birinchi o‘rinda turadi. Mikrodarajada va makrodarajada iqtisodiyotga daxldor barcha nizo va ziddiyatlarning zaminida mulkiy munosabatlar yotadi. Mulkiy munosabatlar jamiyat taraqqiyotining g‘ildiragini oldga tomon harakatga keltiruvchi qudratli qurol hisoblanadi.
Ulkan imperiyaning asoschisi Temur qattiqqo‘l, ammo juda aqlli va tahliliy fikrlash qobiliyatiga ega edi. Ushbu fazilatlari tufayli u eng qiyin, o‘ta murakkab iqtisodiy vaziyatlarda ham yagona to‘g‘ri, oqilona qaror qabul qila olish qobiliyat sohibiga aylandi. Bizningcha, uning ana shu noyob shaxsiy fazilatlari saltanat iqtisodiy qudratini yuksaltirishda muhim rol o‘ynadi. Birinchidan, uning qattiqqo‘lligi davlat mulkini, xazinani ochko‘z, xiyonatkor kimsalar tajovuzidan asradi. Ikkinchidan, uning har qanday og‘ir vaziyatda katta aql bilan muammoning yagona to‘g‘ri yechimini topa bilish qobiliyati esa mulkni uzluksiz ko‘paytirish imkononini berdi. Temur saltanat mulkini ko‘paytirishga yordam beradigan barcha usullardan mohirlik bilan foydalandi: harbiy kuch, diplomatiya, kuchli nazorat va rag‘batlantirish choralari.
Agar Buyuk Temur hayotini va bosib o‘tgan tarixiy yo‘lini diqqat bilan tahlil qilsak, Movorounnahrni mo‘g‘ullar istibdodidan xolos etishga qaratilgan barcha harakatlari ham, uni kengaytirish uchun boshqa yurtlarga yurishlari ham mafkuraviy maqsadlarni nazarda tutmagan. Ularning barchasi moddiy manfaatni ko‘zlagan va faqat bitta maqsadga – saltanatni boyitish, uning mulkini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan edi. Boshqacha so‘zlar bilan ifodalaganda, ularning barchasining zamirida iqtisodiy manfaatlar, ya’ni, mulkni ko‘paytirish, yurt xazinasini boyitish uchun resurslarga egalik qilish ishtiyoqi yotgan. Amir Temurning mulkka, xazina boyligiga bu qadar e’tiborli bo‘lishi, hattoki ularni saltanat hayotining tayanchi, uning tirikligini ta’minlovchi vosita ekanligi to‘g‘risidagi aqidalarini keng va chuqur yoritish orqali biz bag‘oyat ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lib kelayotgan muhim tarixiy jumboqni yechishga urinib ko‘rmoqchimiz.
Amir Temur to‘g‘risida yozilgan asarlarni va ularni yaratgan mualliflarni shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi Amir Temurni Movorounnahr xalqining xoloskori, yaratuvchi, bunyodkor shaxs sifatida ko‘klarga ko‘taradi, uning jamiyat oldidagi xizmatlarini yuksak baholaydi. Ikkinchisi uning jamiyat rivojlanishidagi rolini kamsitib, zabt etuvchi, tajovuzkor, vayronkor shaxs sifatida tasvirlashga urg‘u beradi. Masalaning qiziq tomoni shundaki, har ikkala tomon ham o‘z nuqtai nazarlarini rad etib bo‘lmaydigan tarixiy faktlar bilan dalillaydi. Shu bois asli haqiqat kim tomonda, degan savolga javob topish muhim ahamiyat kasb etadi. Bizningcha, ushbu savolga adolatli javobning ildizini iqtisodiy manfaatlar tugunida axtarish kerak.
Fikrimizcha, AmirTemurni boshqa mamlakatlar hududlarini egallab olishga undagan shart-sharoitlarni va uning asl sabablarni aniqlashtirish juda muhimdir. Sohibqironing Movorounnahrni istilochilar istibdodidan ozod qilishga qadar bo‘lgan barcha harakatlarini iqtisodiy mustaqillikka erishish, yurtda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan buyuk xizmat sifatida baholash adolatdan. Lekin apponentlar mamlakat mustaqillikka erishgandan keyin bo‘lgan boshqa mamlakatlarga yurishlarni qoralaydilar.
Amir Temurning boshqa yurtlarga nisbatan tajovuzkor harakatlarining asosiy sababi nimada edi: bosib olingan hududlarning aholisini tushkunlikka mahkum etish, shunchaki siyosiy iroda va shon-sharafga intilish yoki boshqa bizga malum bo‘lmagan har qanday istak va rag‘batlarmi? Bizningcha, Buyuk Temurni Morounnahr mustaqillikka erishgach, bunday harakatlarga undagan asosiy rag‘bat – bu mamlakatning iqtisodiy manfaatlari edi. Aynan ana shu manfaatlar yo‘lida Amir Temur iqtisodiyotda ko‘lam samarasini yuzaga keltirishi shart edi. Ko‘lam samarasiga erishish Movorounnahr hududini kengaytirishni taqazo etdi. Shu sababli Amir Temur Eron, Iroq, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston, Kavkazorti, Misr, Turkiya, Oltin O‘rda hududlariga g‘alabali yurishlarni amalga oshirdi. Ko‘plab amalga oshirilgan harbiy yurishlar natijasida u Osiyoning katta hududi va Kavkazning bir qismini o‘z ichiga olgan ulkan saltanatni barpo qildi. Bularning barchasi Movarounnahrdagi feodal tarqoqlikka barham berdi, hududda ishlab chiqaruvchi kuchlarning, tovar-pul munosabatlari, savdo, hunarmandchilik va umuman iqtisodiyotni rivojlanishi, ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va mehnat taqsimotini takomillashtirish uchun eng yaxshi sharoitlar mavjud bo‘lgan yirik markazlashgan davlat yaratildi. Shu zaylda Amir Temur saltanatida ko‘lam samarasi yuzaga keldi va undan iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida unumli foydalanish uchun real shart-sharoit vujudga keldi. Amir Temur Imperiyasiga birlashgan mamlakatlarda yaratilgan tovar va xizmatlarning yalpi umumiy hajmi, ushbu mamlakatlar alohida mustaqil davlat sifatida yakka harakat qilganda yaratishi mumkin bo‘lgan umumiy mahsulot hajmidan sezilarli darajada ko‘p edi. Bizning ushbu mantiqiy xulosamizni tasdiqlovchi aniq raqamlar yo‘q, albatta. Lekin saltanat hududida ko‘lam samarasining ta’siri ostida savdo-sotiq ishlarining rivojlanib ketgganligini, mahsulot turlarining ko‘payganligini va hajmining oshganligini, raqobat muhitining kuchayganligini, tashqi aloqalarning kengayligini dalillovchi ma’lumotlar bor.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temurning yirik markazlashgan davlatni bunyod etishga qaratilgan tinimsiz mehnatlari saltanat tarkibiga qo‘shimcha ravishda kiritilgan mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Tarixda ukmdorning yanada kengroq mulohazalari ma’lum bo‘lib, bu uni doimiy harbiy yurishlarga undagan bo‘lishi ham mumkin: "Butun yer yuzida ikkita shoh bo‘lishi mumkin emas". Qanday bo‘lmasin, Temur falsafasining mohiyati dunyoda iqtisodiy resurslarga egalik qilish maqsadida bir-biri bilan raqobatlashuvchi ikki shoh bo‘lmasligi kerak. O‘shanda yer yuzida tinchlik va osoyishtalik hukm suradi, insoniyatni bir necha marta yo‘q qilib yuborishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘ poygasi ham butkul barham topadi.
Amir Temurning ko‘lam samarasini yuzaga keltirishga qaratilgan ushbu o‘ylari va intilishlari o‘zining yakunini topganda, ehtimol insoniyat dunyo miqyosidagi yagona markazlashgan davlat ostida birlashishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lar edi. Tasavvurimizga erkinlik berib, faraz qilaylik, dunyo bo‘yicha bitta davlat, bitta poytaxt va bitta demokratiya yo‘li bilan saylangan hukmdor bo‘lsa, dunyoning barcha mamlakatlari xalqlarining farovonligi uchun teng darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatilsa, yadro halokati xavfidan xolos bo‘lgan dunyoning barcha mamlakatlari xalqlari qanchalik baxtli bo‘lishini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Afsuski, Sohibqiron qalbining sirlari biz uchun jumboq bo‘lib qoldi, uning istaklari oxirigacha amalga oshmadi va insoniyat bunday noyob tajribani sinab ko‘rish baxtidan mahrum bo‘ldi.
Yuqorida boshlagan fikrimizning mantig‘ini davom ettirsak, Amir Timurning saltanatni kengaytirish yo‘lida boshqa mamlakatlarga harbiy yurishlarini vayronkorlikka yo‘nish, uni tajovuzkorlikda ayblash adolat tarozisining buzilishiga sabab bo‘ladi. Bar’aks, o‘zining iqtisodiy tafakkuri bilan butun dunyo miqyosida ko‘lam samarasini vujudga keltirish, kishilik jamiyatini qirg‘inbarot urush va behuda qon to‘kish azob-uqubatlaridan batamom qutqarish payida bo‘lgan Amir Temurni mamlakatlar o‘rtasidagi nizo va ziddiyatlarni batamom bartaraf etish, dunyoda tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish g‘oyasining bunyodkori sifatida talqin etishga barcha asoslarimiz bor. Tezisimizning to‘g‘riligini bitta tarixiy fakt bilan izohlamoqchimiz. Manbalarning guvohlik berishicha, Amir Temur harbiy yurish qilib borgan yurt ahli Imperiya tarkibiga qo‘shilishni tinch yo‘l bilan ixtiyor qilsa, hukmdor ushbu yurt xalqiga nisbatan juda yaxshi munosabatda bo‘lgan, yurtni obodonlashtirish va tinchlik-osoyishtalik ishlariga yordam ko‘rsatgan. Xulosa qilib aytganda, Sohibqiron saltanatni kengaytirish muammolarini hal qilganda, o‘zga mamlakatlarni vayron qilish maqsadida emas, balki Imperiyaning iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutgan.
Boshqa bosqinchilardan farqli ravishda, Amir Temur fath qilingan hududlardagi xalqlarning turmush sharoitini yaxshilashga doimiy e’tibor berib kelgan. Shu yerda, "... eng mustahkam davlat tuzilmasiga ega hukmdorlar o‘ziga bo‘ysungan xalqlarining urf-odatlari va qonunlariga hurmat bilan qaragan, ularga o‘zini o‘zi boshqarish huquqini bergan va davlatning asosiy funksiyalarini soliqlarni undirish, savdo munosabatlari va tinchlikni saqlash bilan cheklashga qodir bo‘lgan imperiyalar edi", degan fikrni keltirish o‘rinli. Ana shu tamoyillarga rioya qilgan holda ish tutgan Amir Timur qudratli, iqtisodiy taraqqiyotga yuz tutgan Imperiya barpo etish sharafiga muyassar bo‘ldi.
Amir Temur qo‘shinidagi harbiylarga, barcha darajadagi davlat xizmatchilariga, shuningdek, harbiy sarkarda, amirlarga to‘lanadigan maoshni belgilash moliyaviy siyosatidagi tabaqalashtirish asosida rag‘batlantirish va moddiy mukofotlash tizimi bugungi kun amaliyoti uchun ham o‘ta foydalidir. Nisbatan yuqoriroq natija beruvchi mehnatni yuqori maosh bilan taqdirlash, uni rag‘batlantirish iqtisodiy yuksalishning asosiy shartidir. Iqtisodiyotni taraqqiy ettirishning ushbu tamoyilidan Amir Temur o‘z saltanatining iqtisodiy mavqeini mustahkamlashda unumli foydalandi.
Buyuk Temur qo‘shinining asosiy qismi ko‘chmanchilardan iborat bo‘lganligi sababli, ular ot, qo‘y, tuya va boshqalar yordamida moddiy boylik qiymatini belgilashgan. Shundan kelib chiqib, jangchining maoshi uning minib yurgan otning narxi bilan belgilanar edi. Piyoda askarlar va xizmatchilar (otliqlar, maxsus xizmatchilar, chodirlar) 100 dan 1000 tagacha ot narxlarida maosh olishgan. Shuningdek, harbiylarning jangovar mahorati uchun mukofotlar, maoshlarning oshirilishi, o‘lja taqsimotidagi ulushlarning ko‘payishi, unvon yuksalishi, tug‘ berish va hokazolardan iborat bo‘lgan.
Amir Temur hunarmandchilik, savdo-sotiq, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, saroylar va me’moriy yodgorliklarni qurish, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish, ulkan Imperiyasidagi muzofotlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga katta ahamiyat berdi. Amir Temurning pul-kredit siyosati alohida e’tiborga loyiq. Tangalar asosan ikkita qiymat ko‘rinishida zarb qilingan: tanga deb nomlangan - og‘irligi 6 grammga teng va tanganing to‘rtdan bir qismi 1,5 grammga teng bo‘lgan, “miri” deb nomlangan mayda kumush tangalar. “Miri” atamasi shubhasiz, Temurning "Amir" unvonidan kelib chiqqan. Iste’mol tovarlari savdosida yuqorida qayd etilgan ikkita nominalga qo‘shimcha ravishda mayda chakana savdo uchun mis tangalar ishlatilgan. Ushbu yondashuv savdo-stiq va ayirboshlash ishlarida kata qulayliklar yaratish imkonini berdi.
Soha mutaxassislari tomonidan Amir Temur nomi bilan zarb qilingan tangalardagi gerb uchta mayda halqalardan iborat ekanligi aniqlangan. Ispaniya qiroli elchisi R.N.Klavixoning so‘zlariga ko‘ra, bu belgi Amir Temur uchta qit’aning hukmdori bo‘lganini anglatgan. Amir Temur davridagi tangalar geometrik go‘zalligi va ajoyib dizayni bilan ajralib turadi, bu esa Movarounnahr va Xuroson zarbxonalaridagi ustalarining yuqori darajadagi sanoat madaniyati va san’atidan dalolat.
Amir Temur davlatida sug‘oriladigan dehqonchilik bilan birga dasht ko‘chmanchi va yaylov-chorvachilik, qo‘ychilik, otchilik va ovchilik rivojlandi. Qizilqumning keng hududlari tuyalar boqishga ixtisoslashgan edi.Ko‘pgina kishilar parrandachilik va dehqonchilik bilan mashg‘ul edilar. Soliq imtiyozlari berish, buzilgan sug‘orish tizimlarini tiklash yoki yangilarini qurish va hokazolar orqali aholining iqtisodiy va ishlab chiqarish faoliyati davlat tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlandi va rag‘batlantirildi. Eng muhimi, aholining iqtisodiy faolligi kishilar daromadlarining o‘sishiga va uning sotib olish qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Uy-joy sharoitlarini yaxshilash aholining asosiy maqsad-istagiga aylandi, Movarounnahr hududida yangi shahar va qishloqlar barpo etildi. Poytaxtda va boshqa yirik shaharlarda Buyuk Ipak yo‘lining karvonlari tomonidan boshqa mamlakatlardan olib kelingan tovarlar faol savdo-sotiq predmetiga aylandi. Bular mo‘ynalar, kulolchilik buyumlari, ziravorlar, marjonlar, kosmetika vositalari, shifobaxsh o‘tlar va boshqalar. Faol ravishda qoramol va boshqa hayvonlar turlari ko‘paydi. Mahalliy hunarmandlar yuqori sifatli charm va jun mahsulotlarini ishlab chiqarish san’atiga erishdilar. Oziq-ovqat bozori sut va go‘sht mahsulotlari bilan to‘ldirildi, baliqchilik rivojlandi. Shahar aholisi va qishloq aholisining yaqin ittifoq va iqtisodiy hamkorligi, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi va karvon savdosining tez va o‘zaro bog‘liq, mutanosib rivojlanishi natijasida Temur imperiyasining qudrati oshib, xalq farovonligining o‘sishini ta’minlaydigan o‘ziga xos iqtisodiy salohiyat vujudga keldi.
Uchta iqtisodiy tarkib – shaharsozlik, qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish va savdo bir-birini to‘ldirib, ularning o‘zaro hamkorligi kuchaydi. Natijada davlat va odamlar zarur ehtiyoj mahsulotlari bilan ta’minlandi, aholining ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanish imkoniyatlari kengaydi, mamlakatda tinchlik, osoyishtalik qaror topib, ishlab chiqarish kuchlari aql bovar qilmaydigan darajada rivojlandi.
Sharq va G‘arbni bog‘laydigan eng muhim savdo yo‘llari Movarounnahr hududidan o‘tgan. Natijada, butun Osiyo qit’asining ko‘plab davlatlari va Yevropaning muhim qismi Temur imperiyasining siyosiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy aloqalari va manfaatlari uchun xizmat qilishga jalb qilindi. Movaraunnahrda ishlab chiqaruvchi kuchlarning jadal rivojlanishi va iqtisodiy o‘sishi uchun juda qulay vaziyat yaratildi. Akademik A. Asqarov o‘zining "O‘zbek xalqining paydo bo‘lishi tarixi" kitobida tarixiy dalillarni chuqur tahlil qilish asosida "... Amir Temur va Temuriylar davrida Movarounnahr va Xurosonda siyosiy va etnik vaziyat barqarorlashdi", degan muhim xulosaga keladi. Bizning fikrimizcha, aynan siyosiy barqarorlik va noyob etnik vaziyat, Buyuk Temurning ulkan sa’y-harakatlari tufayli erishilgan. Davlatlararo aloqalarning rivojlanishi va mustahkamlanishi, keng miqyosdagi ishlab chiqaruvchi kuchlarning birlashuvi iqtisodiy taraqqiyot uchun qulay sharoitni vujudga keltirdi. Bu esa, o‘z navbatida, aholi keng qatlamlari iqtisodiy faolligining oshishiga, davlatning iqtisodiy salohiyati va odamlar moddiy farovonligining o‘sishiga yordam berdi.
Movarounnahr va Xurosonda iqtisodiyot hamda ishlab chiqaruvchi kuchlarning yuqori sur’atlar bilan rivojlanishi ishlab chiqarishning yanada kengayishi va markazlashuvi, uning sifat jihatidan yaxshilanishi kapitalistik ishlab chiqarish elementlarining shakllanishiga yordam berdi. Masalan, Buxoroda, Marvda (Narshaxi-al-Utbi asari) ishlaydigan to‘quv korxonalari - "baytuttiroz"larda oddiy fuqarolar, chorikorlar, asirlar, qullar – yollanma ishchilar sifatida ishlashgan hamda bunday ishlab chiqarish jarayoni dastlabki feodal kooperativlariga misol bo‘la oladi. O‘rta asrlarda Samarqandda qurol-yarog‘ ishlab chiqarish korxonalar orasida yirik ishlab chiqaruvchilar toifasiga kirar edi (Klavixoning 1404 - 1405 yillardagi asari). Davlatning yirik ustaxonalaridagi ishlab chiqarishning tashkil qilinishi asosida oilaviy kooperativlarda ham mehnatni tashkil etish tajribasi qo‘llanilgan va shu orqali dastlabki kapitalistik institutlar qujudga kelgan. Shunday qilib, O‘rta Osiyoda real muhitda kichik hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishda va turli oilaviy hamkorlik institutlarida kapitalistik ishlab chiqarishning paydo bo‘lishi uchun shart-sharoit etildi.
Amir Temur o‘zining “Rosti-rusti” shiorining mohiyatiga mos keladigan va soliq to‘lovchilar manfatini himoya qilishga qaratilgan adolatli, aniqrog‘i o‘ta aolatli, ibratga loyiq soliq tizimini yaratdi va uning hayotga joriy qilinishini izchil nazorat qildi. Manbalarning guvohlik berishicha, Amir Timur har xil bahona va sabablar bilan xalqqa soliqlar solishga qatiyan qarshi bo‘lgan. Bundan tashqari, u xalqni bir necha marta ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod ham qilgan. Og‘ir vaziyat yuzaga kelganda xalqning solg‘ini o‘z hisobidan to‘lagan, yetmagan qismiga hattoki rafiqasining zeb-ziynatlarini ham qo‘shib bergan. Tan olish kerak, bu tarixda bo‘lmagan, lekin Amir Temur jur’at etgan iqtisodiy voqelik. Ushbu siyosat saltanat iqtisodiyotini yuksaltirishda ikki tomonlama ijobiy samara berdi. Birinchidan, mehnat ahlining hayot farovonligi ortib, daromadlari ko‘paydi, davlat siyosatidan roziligi kuchaydi, yanada ko‘proq mehnat qilishga rag‘batlantirildi. Ikkinchidan, aholining ko‘paygan daromadlari bozorni jonlantirishga, talabni oshirishga katta turtki berdi, natijada iqtisodiy taraqqiyot uchun o‘ta muhim multiplikativ samara yuzaga keldi.
Saltanatning poytaxtida qurilish ishlarining kengayganligi, hunarmandchilik va savdoning gullab-yashnagani ijtimoiy hayotda keskin burilish bo‘lganini aks ettiradi. Binolarning zichligi, ko‘p qavatli uylarning mavjudligi, uylarning katta qismida hovlilarning bo‘lmagani, gavjum do‘konlar va ustaxonalar, ko‘chalarning torligi, ularning ba’zilari tepa qismida ikkinchi va uchinchi qavatlarni qurish uchun to‘siqlar bilan to‘sib qo‘yilgani va old dahlizlarning kengligi shaharda iqtisodiy muhit tobora yaxshilanib borganligidan dalolat beradi. Shaharning boy aholisi o‘z yerlarining bir qismini daromad olish maqsadida do‘konlar va ustaxonalar uchun ajratgan, shubhasiz, qimmatbaho dekoratsiya va haykaltaroshlik namunalari bilan bezatilgan tantanali xonalarning mavjudligi uy egalarining jamiyatdagi mavqeini belgilagan.
XV asr va XVI asrning birinchi choragida iqtisodiy hayot hunarmandchilik va tovar-pul munosabatlarining rivojlanishida namoyon bo‘ldi. Mahsulot ishlab chiqarish, ayniqsa, keng iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi o‘sdi. Tovar-pul munosabatlariga shaharlarning va qisman qishloq aholisining keng qatlamlari jalb qilindi. Manbalarda ta’kidlanishicha, Temuriylar davridan oldin va undan keyin, O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shilishigacha, tovar-pul munosabatlari ushbu davrdagi kabi rivojlanmagan.
Movarounnahr hamda Xurosonning katta-kichik shaharlarida savdo, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishning jadal rivojlanishi natijasida aholining ijtimoiy va sanoat tabaqalanishi yanada chuqurlashdi. Yangi bozorlar, karvonsaroylar tashkil etildi, ixtisoslashtirilgan savdo tarmoqlari, ustaxonalar va do‘konlar kengaytirildi. Yog‘och, charm, zargarlik buyumlari, qog‘oz va sopol buyumlar, yarim ipak va ipak matolar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularni qayta ishlash turlarining kengayishi, ortib borayotgan ichki va tashqi ehtiyojlar ta’siri ostida Markaziy Osiyoning Xitoy, Hindiston,Eron, Old Osiyo, Rossiya davlati bilan savdo-iqtisodiy aloqalari kuchayishi natijasida (Klavixo tomonidan qayd qilingan) to‘quv mahsulotlari ishlab chiqarish geografiyasi sezilarli darajada kengaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, "O‘rta Osiyoda kapitalistik ishlab chiqarishning asosi mahalliy aholida o‘sib chiqqan o‘ziga xos, tubjoy kishilar ekanligi – bu haqiqatdir. Ushbu hududda kapitalistik to‘qimachilik ishlab chiqarishining shakllanishi ko‘p asrlik ijtimoiy-iqtisodiy va texnik jarayonlarning samarasi edi”. Bu davrda qurilish, arxitektura, rassomchilik va miniatyura san’ati rivojlandi.
Shahar zodagonlari shaharni tashkil etuvchi aholi bo‘lib, shahar madaniyatining rivojlanishini belgilab bergan. Samarqand hududida sezilarli darajada o‘sish, qurilish zichligining oshishi, boy xonadonlar sonining ko‘payishi kuzatilgan. Fuqarolar farovonligining oshishi san’at va hunarmandchilikning gullab-yashnashiga sabab bo‘lgan.
Yozma manbalarda chakirlar, ya’ni zodagonlar hamda savdogarlarning xizmatiga yollangan hamda maosh olgan jangchilar to‘g‘risida eslatib o‘tilgan. O‘ziga to‘q xonadonlarning xizmatkorlari, qullari va cho‘rilari bo‘lgan va ularni saqlash qimmatga tushgan, lekin ular xonadonga hech bir daromad keltirmagan. Fuqarolarning uylari me’morlar rahbarligi ostida professional quruvchilar tomonidan qurilgan. Shaharning boy aholisi ipak matolardan tikilgan qimmatbaho kiyimlar kiyishgan, ularning kiyimlari kumush va oltindan yasalgan zargarlik buyumlari, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.
Yuqorida zikr etilganlarning barchasi Amir Temir saltanatida sodir bo‘lgan iqtisodiy jarayonlarning keng ko‘lami, ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiy etish darajasi xususida ashyolar bilan dalillangan xulosalar chiqarish uchun asos bo‘ladi.
Xulosa. Amir Temur o‘z Imperiyasi hududida ishlab chiqarish kuchlarini va ijtimoiy ishlab chiqarishni misli ko‘rilmagan darajalarga ko‘tarishga erishdi. Mehnat ahlini jtimoiy foydali ishga jalb etish va mamlakatlararo tovar ayirboshlashni kuchaytirish orqali u yurtda seroblikni ta’minladi. Ushbu muvaffaqiyatlarning zamirida Sohibqironning noyob fazilati – har qanday og‘ir vaziyatda ham iqtisodiy muammoning to‘g‘ri yechimini topa olish qobiliyati yotibti. U iqtisodiyot sohasida yangi nazariyalar yaratmadi. Lekin elu-yurtni iqtisodiy taraqqiyotning yangi, yuksak marralariga boshlab borish asosida qanday natijalarga erishish mumkinligini amalda isbotlab berdi. Shu sababli Amir Temurni o‘zining yuksak iqtisodiy tafakkuriga tayangan holda dono iqtisodiy siyosatni shakllantirish va o‘z saltanatida uni amaliyotga joriy etish, undan unumli natija olishdek global muammolarni hal qilish sharafiga muyassar bo‘lgan shaxs sifatida zabardast iqtisodchi, deb baho berishga haqlimiz. Chunki har qanday nazariya oxir-oqibatda amaliyotni rivojlantirishga xizmat qiluvchi va uning yo‘lini yoritib beruvchi yorug‘ yulduzdir.
Buyuk Temurning boy iqtisodiy merosini o‘rganish, ayniqsa uning ulkan imperiyani iqtisodiy yuksaltirishdagi ibratli tajribasining ilmiy tahlili biz uchun juda foydali. U bizga ajdodlarimizning asl vatani O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotning ko‘plab muhim muammolarini hal etishda, zamonaviy sharoitda ko‘lam samarasini yuzaga keltirishda, ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishning uzluksizligi va barqarorligini ta’minlashda saboq manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Izoh qoldirish