Buyuk davlat arbobi va yengilmas sarkarda Temur jahon tarixiga katta hissa qo‘shgan ulkan shaxslardan biri hisoblanadi. Avvalo, u Markaziy Osiyoni mo‘g‘ullarning 150 yillik istibdodidan ozod qildi va o‘z davrida jahonning eng buyuk va qudratli davlatini tashkil etdi. Lekin mazkur saltanat faqatgina maydoni va aholisining soni kattaligi bilan dunyoning birinchi davlati bo‘lgani yo‘q, balki bu hududda madaniyat, san’at, ilm-fan, me’morlik beqiyos darajada rivojlantirildi. Saltanat poytaxti Samarqand esa o‘sha davrning eng katta, go‘zal, mahobatli, ilm yuksak rivojlangan shahriga aylantirildi. Temurning tarix oldidagi eng buyuk xizmatlaridan yana biri shundaki, insoniyat tamadduni tarixidagi o‘ta nodir hodisalardan biri bo‘lmish “Ikkinchi Renessans” bevosita uning rahbarligida boshlandi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “O‘n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat yurtimizda ikkinchi Uyg‘onish, ya’ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi”[1]!
Temuriylar asos solgan Buyuk uyg‘onish davrining ta’siri insoniyat ma’naviy olamida besh yuz yildan ko‘proq davr davom etdi, ular qoldirgan ulkan meros esa jami insoniyatning bebaho mulkiga aylandi.
O‘z-o‘zidan tushunarliki, bunday katta miqyosdagi tadbirlar, qurilishlar, saltanatni boshqarish bilan bog‘liq xarajatlar, harbiy harakatlar juda katta miqdorda pul mablag‘lari bo‘lishini taqozo etar edi. Mavjud mablag‘lardan oqilona foydalanishni tashkil etish ham o‘ta muhim hisob-lanadi. Kerakli miqdorda pul mablag‘larini yig‘ish, ularni aniq maqsad-larga ishlatish, to‘g‘ri ishlatilishi ustidan nazorat olib borish soliq tizimi yordamida amalga oshiriladi.
Bugun baralla aytish mumkinki, ulkan saltanatning hukmdori bo‘lmish Temur o‘zining g‘oyalari va amaliy faoliyati bilan o‘z davrining Buyuk soliq tashkilotchisi ekanligini ko‘rsata oldi.
Tan olish kerakki, Buyuk Temur o‘z davrining mukammal va adolatli soliq siyosatini yaratgan shaxs! U buyuk asari “Temur tuzuklari”da davlat soliq siyosatining nazariy qoidalarini ishlab chiqqan hamda ularni o‘zining bepoyon saltanatida amaliyotga joriy etgan.
Lekin ming afsuslar bo‘lsinkim, hozirga qadar buyuk davlat arbobi va islohotchi Temurning bu boradagi jahonshumul ahamiyatga molik faoliyati nainki jahonda, hatto o‘z yurtimizda ham yetarli darajada o‘rganilmagan va o‘zining haqiqiy bahosini olmagan. Shu bois mazkur maqolada o‘z davrining adolatli, oqilona va mukammal soliq siyosatini yaratgan bobokalonimizning bu sohadagi xizmatlari haqida fikr yuritiladi.
Jahonda ilk davlatlar va ularning turli-tuman xarajatlarini qoplash maqsadida soliqlardek o‘ta muhim vosita o‘ylab topilishi bilan, ya’ni qadim-qadimdan soliqlarning to‘lovchilari ularning miqdori ma’lum bir me’yorda bo‘lishi uchun kurashib kelishgan. Va shuni faxr bilan aytishimiz mumkinki, Temur bobomiz bu muammo ijobiy hal bo‘lishi uchun juda katta hissa qo‘shgan.
Buyuk Temur o‘z qamrovidagi davlatlarda shariat ahkomlariga suyangan holda adolatli va mukammal soliq tizimini yaratgan. Bu fikrimizning to‘g‘riligini tushunish uchun uning saltanatni boshqarish sohasidagi amaliy faoliyati, farmonlari hamda “Temur tuzuklari” asariga murojaat qilish yetarli.
Jahongir “Temur tuzuklari” asarida soliqlar va soliqqa tortish masalalariga juda katta e’tibor bergan. Asarning “Raiyatdan mol-xiroj olish, mamlakatni tartibga keltirish va yuksaltirish, uning obodonchiligi, xavfsizligini amalga oshirish tuzuki” nomli bo‘limida Buyuk islohotchi bobomiz soliq siyosatining nazariy asoslarini ishlab chiqqan.
“Amr qildimki, - deb ta’kidlaydi Buyuk Temur, - raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda uni og‘ir ahvolga solishdan yoki mamlakatni qashshoqlikkka tushirib qo‘yishdan saqlansinlar. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashuviga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa, sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi, o‘z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib boradi”[2].
E’tibor qiling, mazkur fikrlarda soliq to‘lovchi xalq va soliq yig‘uvchi davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar o‘ta nozik ekanligi, soliqning miqdori mo‘’tadil bo‘lishi zarurligi, bu qoidaga rioya qilmaslik o‘ta yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aniq va ravshan ifodalanmoqda. O‘sha davrlardagi Yevropa hukmdorlari aksariyatining davlatchilik faoliyatida bunday qoidalar hali ma’lum emasdi! Aniqroq aytganda, jahon davlatla-rining aksariyatida “soliq siyosati” hali ishlab chiqilmagan edi. Qirollar, podsholar o‘z davlatlari xalqidan xohlagan paytda va xohlagan miqdorda soliq yig‘ib olishlari odatiy bir hol hisoblanardi!...
Buyuk Temur qishloq xo‘jaligida soliqni ekindan olingan hosilga va yerning unumdorligiga qarab belgilashni joriy qiladi. Soddaroq aytganda, Temur saltanatida hosil pishib yetilmasdan raiyatdan molu jihot olishni qat’iy ravishda ta’qiqlab qo‘yish ham amal qilganki, soliqqa tortishning bunday adolatli tamoyillari ham jahon davlatlarining ko‘pchiligida hali ma’lum emas edi: “Amr qildimki, hosil pishib yetilmasdan burun raiyatdan molu jihot olinmasin. Hosil yetilishiga qarab, soliqni uchga bo‘lib olsinlar”[3].
E’tibor bering, yuqorida bayon etilgan qoida o‘ta muhim. Negaki, Buyuk Temur hali daromad manbai bo‘lmasdan soliq olish mumkin emasligini qat’iy man etyapti. 14-asrda soliq siyosatini bu qadar chuqur va noziq tushunish uchun davlat rahbari Buyuk islohotchi bo‘lishi kerak edi!
Hosil pishib yetsa ham hali soliqning hammasini olish mumkin emasligi belgilanyaptiki, bu qoida soliqchilarni tiyib turishga xizmat qiladi. Chunki hosil pishdi degani dehqonning cho‘ntagiga darhol pul tushishini bildirmaydi. Hali hosilni yig‘ish, tozalash, saralash va bozorga olib chiqib sotish kerak bo‘ladi. Bularning hammasiga anchagina vaqt sarf bo‘ladi. Islohotchi Temurning bunday chuqur o‘ylangan soliq siyosati hatto bugun ham ayrim davlatlarda amal qilmayapti...
Tashlandiq yoki yangi yerlarni o‘zlashtirgan shaxslarga soliqdan katta imtiyozlar berilgan. “ Yana amr etdimki, - deyiladi “Temur tuzuklarida”, - kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz (yer ostidan qurilgan ariq) qursa, yo biron bog‘ ko‘kartirsa, yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o‘z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (esa oliq – soliq) qonun-qoidaga muvofiq xiroj yig‘sinlar”[4].
Axir bunday fikrlar adolatli soliq siyosatining asosini tashkil qilmaydimi?! U o‘z ixtiyoridagi mamlakatlarda soliqqa tortish, uning miqdori va to‘g‘ri yig‘ib olish jarayonini qat’iy tartibga solgan. Ya’ni soliq siyosatini tashkil etish bo‘yicha “Temur tuzuklari” kitobida yaratgan nazariyasini amaliyotga ham o‘zi joriy etgan.
Demak, Buyuk Temurni jahon davlatchiligi tarixida soliq siyosatining asoschilaridan biri, deyishga barcha asoslar borligi ko‘rinib turibdi. Uning soliq siyosatini tashkil etish bo‘yicha bildirgan g‘oyalari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Soliq siyosati nazariyasini yaratgan, deb hisoblanadigan g‘arblik olimlar ham shu taxlit g‘oyalarni Temur bobomizdan 3-4 asr keyin boshqacha shakl va so‘zlar bilan ifodalashganliklarini tushunish uchun ularning asarlarini bir bor qiyoslab chiqish yetarli...
E’tibor bering: Buyuk Temur 1370 – 1405 yillarda hukmronlik qilgan. Demak, aytish mumkinki, “Temur tuzuklari” shu davrda yozilgan. 1402 yili Anqara yonida turk sultoni Yildirim Boyazid ustidan g‘alaba qozongandan keyin Temurning nomi butun Yevropaga mashhur bo‘lib ketadi. Buning sababi shundaki, shu jangdan oldinroq Boyazid Yevropa qirollarining birlashgan qo‘shinini tor-mor qilgan va endi u atrofda unga teng kela oladigan harbiy kuch qolmagandi. Shu bois Yevropa davlatlarining qirollari va aholisi Temurni “Yevropa xaloskori” deb atab, uning hayoti va faoliyatiga qiziqish keskin oshib ketdi.
Yevropadagi eng yirik va nufuzli davlatlarning qirollari Buyuk Temur bilan yaqinlashishga harakat qila boshlashdi. Masalan, Angliya qiroli Genrix IV Temurni ulkan g‘alabalari bilan qutlab, unga xat yo‘lladi. Karl VI “Buyuk g‘olib va shonli knyaz Temurga” deb maqtov xati yubordi. Genuyaliklar bobomizga yoqish uchun Konstantinopol yonida Temurning bayrog‘ini ko‘tarib qo‘yishdi. Gretsiya hukmdori Manuel’ harbiy yordam so‘radi.
Mazkur olamshumul g‘alabadan keyin Yevropaning qirollari Temur davlatiga elchilar jo‘nata boshlashdi. Yevropalik elchilar Temur davlatini sinchiklab o‘rganib, o‘z fikr-mulohazalarini yozib, qirollariga taqdim eta boshlashdi. Ayrimlari esa kitoblar ham yozishdi. Masalan, Kastiliya qirolligining elchisi Rui Gonsales de Klavixo 1402-1406 yillarda elchi vazifasida ishlab, saltanat poytaxti Samarqand shahrida yashadi va 1406 yili o‘z yurtiga qaytib ketdi.
Kastiliya qirolligiga qaytib kelgandan keyin Klavixo Temurning davlatni boshqarish, harbiy mahorati va hayoti haqida o‘zi ko‘rgan-kechirgan voqealar haqida batafsil hisobot tayyorladi, “Buyuk Tamerlan tarixi” degan nom bilan qo‘lyozma shaklida maxsus kitob tayyorladi va ularni qiroliga taqdim etdi.
15-asrdan boshlab, ayniqsa, Klavixoning kitobidan keyin Yevropa davlatlarida Temur haqida, uning harbiy salohiyati, davlatni idora etish uslubi, jumladan, uning soliq siyosati haqida yanada ko‘proq asarlar yozila boshlandi. Qator davlatlar rahbarlari “Temir tuzukla-ri”ni o‘z tillariga tarjima qilib, sinchiklab o‘rgana boshlashdi.
Temur shaxsiga bo‘lgan ulkan qiziqish haqida rahmatli akademik Bo‘riboy Ahmedov quyidagicha shohidlik beradi: “Tuzuki Temuriy 15-19-asrlarda nafaqat oliynasab kishilar, balki butun jahon ilm ahli o‘rtasida shuhrat topdi. Asarning qo‘lyozma shaklida ham, toshbosma tarzida ham jahonning deyarli barcha kutubxonalarida borligi, shuningdek, ko‘p tillarga – ingliz, fransuz, rus , urdu va hozirgi o‘zbek tillariga uzluksiz tarjima qilib turilishi bunga isbot – dalildir”[5].
Temurga bag‘ishlangan badiiy asarlar ham yozila boshlandi. U haqda bitilgan ilk badiiy asarlardan biri sifatida 1588 yili ingliz drama-turgi Kristofer Marlou tomonidan yozilgan tarixiy pesani misol sifati-da keltirish mumkin. Buyuk bobomiz hayoti va faoliyati haqida nemis kompo-zitori Georg Gendel 1724 yili opera, amerikalik Edgar Po 1827 yili she’riy poema yaratishdi. Ingliz sharqshunos olimi Mayor Devi “Temur tuzuklari”ning Abu Tolib al-Husayniy tomonidan forschaga qilingan tarjimasini ingliz tiliga o‘girib, uni Jozef Vayt degan olim tayyorlagan forscha matni bilan bir muqovada 1783 yilda Oksfordda nashr etdi. Aynan ushbu nashr “Temur tuzuklari”ning dunyo bo‘ylab tarqalishida juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu asardan keyin dunyo davlatlarida Temur haqida yuzlab badiiy va ilmiy asarlar yozildi, qator badiiy va hujjatli filmlar yaratildi.
Endi jahonda soliq fanining “otalari” hisoblanmish olimlar faoli-yatiga bir bor nazar tashlaylik. Bir necha asrdan beri aksariyat davlatlarda amal qilib kelayotgan zamonaviy soliq siyosatining asoschilari sifatida e’tirof etiladigan uchta olim bor. Ulardan Vilyam Petti “Soliqlar va yig‘imlar haqidagi risola”sini 1662 yilda, Adam Smit “Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to‘g‘risida tadqiqot”ini 1776 yilda, David Rikardo “Siyosiy iqtisod va soliqqa tortish asoslari” asarlarini 1817 yilda nashr etishgan. Bular soliq siyosati asoslarini ishlab chiqqan ana shu o‘zlarining mashhur ilmiy ishlarini chop etishgan paytda Buyuk Temurni Yevropa davlatlarida allaqachon tanib ulgurishgandi. Uning davlatni boshqarish, sarkardalik faoliyatlari haqida anchagina asarlar yozilib bo‘lgan edi.
Buyuk davlat arbobining olamshumul ahamiyatga molik asari “Temur tuzuklari” bu davrda, akademik Bo‘riboy Ahmedov guvohlik berganidek, dunyoning barcha yirik tillariga tarjima qilingan va kutubxonalarida saqlanayotgan edi. Demak, Temur vafoti va “Temur tuzuklari”dan eng kamida 262 yil keyin “Soliqlar va yig‘imlar haqidagi risola” ni yozgan Vilyam Petti, 371 yil o‘tib “Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to‘g‘risida tadqiqot” ini bitgan Adam Smit va 412 yil keyin “Siyosiy iqtisod va soliqqa tortish asoslari” ni nashr etgan David Rikardolar Temurning davlatchilik faoliyati va uning buyuk asari bilan tanish bo‘lganlar, deb o‘ylashga yetarli asoslarimiz bor.
Negaki, Temur davrida kitob yozish o‘ta qiyin mashg‘ulot edi. Kitobni nashr etish, tipografiya degan tushunchalarni inson hali o‘ylab topmagan. Kitobni hattot faqat qo‘lida ko‘chirib ko‘paytirishi mumkin bo‘lib, shu bois uning nusxasi bitta-ikkita bo‘lardi, xolos. Demak, tasavvur qila olamizki, soliq sohasida kitob yozmoqchi bo‘lgan yevropalik olimning shu sohaga oid masalalarni chuqur tahlil etgan “Temur tuzuklari”ni o‘qish ehtimoli juda katta edi!
Mazkur olimlarning yuqorida nomlari zikr etilgan asarlarida bayon etilgan eng muhim xulosa va fikrlar “Temur tuzuklari”ga juda-juda ham o‘xshab ketishligi fikrimizning yana bir isbotidir. Mazkur asarlarni qiyosiy tahlil qilish shuni ko‘rsatmoqdaki, Buyuk Temur vafotidan 300 – 400 yil o‘tgandan keyin Petti, Smit va Rikardolar “Temur tuzuklari” dagi soliq siyosatiga doir fikr-mulohazalarni o‘z tillarida va yevropacha bayon etish uslubida yozib chiqishgan.
E’tibor qiling, soliq yukining optimal bo‘lishi, uning miqdori xalqni qiynab qo‘ymasligi, soliqni faqat yaratilgan daromaddan olish kerakligi, tadbirkorlikni yangi boshlagan va hali daromad olmagan shaxslarga imtiyozlar berish (masalan, tashlandiq va yangi yerlarni o‘zlashtirgan paytda) kabi zamonaviy soliq siyosatining eng muhim tamoyillarini Temur ulardan ancha oldin yaratib ketganini yuqorida ko‘rsatib o‘tdim.
Kezi kelganda shuni alohida ta’kidlash kerakki, Buyuk Temur yurtimizni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilish va Amir Husayn bilan taxt uchun uzoq davom etgan kurashlarida xalqqa ularga nisbatan adolatli soliq siyosatini taklif etgani ham katta yordam berganligi sir emas.
Lekin sobiq sho‘rolar davrida biz buyuk merosimizni bilmas edik, bu gaplar xalqdan yashirilar edi. Buyuk Temur bor-yo‘g‘i “o‘rta asrlarning qonxo‘r podsholaridan biri” edi, xolos. Al-Farg‘oniy, Imom Buxoriy, At-Termiziy, Marg‘inoniy, Moturidiy kabi allomalarimizning xizmatlari u yoqda tursin, hatto nomlarini ham eshitmagan edik. Mustaqillik sharofati bilangina biz ularni tanidik va faoliyatlarini o‘rgana boshladik.
Shu yerda bir lirik chekinish qilsak. Insoniyat tarixini o‘zgartira olgan, Sharqda Yangi Renessansni boshlab bergan buyuk davlat arbobi va islohotchi Temurdek daho bobomizni sobiq sho‘rolar davrida faqat qora bo‘yoqlarga bo‘yab, “qonxo‘r hukmdor” deb ruhimizga singdirib yuborishgan bir paytda islom olamining Buyuk Ulamosi Alixonto‘ra Sog‘uniy Temur haqida to‘g‘ri so‘z ayta olganlar. Sog‘uniy Hazratlari uylarida KGBning doimiy nazorati ostida yashab turgan holda, tunlari ulardan yashirib, 1958 yili “Temur tuzuklari”ning saqlanib qolgan qolgan forscha variantini o‘zbek tiliga mukammal tarjima qilganlar. Bundan tashqari, 1960 yili Buyuk Temur haqida she’r yozishga jur’at qilganlar.
Mazkur she’r “Temurdek jahonda kishi o‘tmadi, Aningdek o‘g‘ilni ona tug‘madi” satrlari bilan boshlanadi. Sho‘rolarning barcha tarixchilari, jumladan, o‘zbek olimlari ham, Temurning buyuk bunyodkorlik ishlari, adolatli shaxs bo‘lganligi haqida birorta ijobiy so‘z aytmasdan, uni “vahshiy va qonxo‘r podsho bo‘lgan” deb, jar solib turgan pallada Temurning aslida “jahonda tengi yo‘q kishi, bunday o‘g‘ilni ona tug‘madi” (ya’ni “onalar bunday o‘g‘ilni boshqa tug‘madi”, ma’nosida) ekanligini ayta olish ulkan jasorat edi!
Lekin tan olish kerakki, 2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va rahbarligida ajdodlarimiz merosini o‘rganish jarayonida yangi davr boshlandi, ular ta’limotini o‘rganishga e’tibor keskin kuchaydi. Bu borada Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning farmon va qarorlari qabul qilinmoqda, amaliy harakatlar va nufuzli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Samarqand shahrida 2017 yilning 28-30 avgust kunlari YuNESKO shafeligida “Jahon tamadduni tarixida Markaziy Osiyo Renessansi” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlarning tarixiy merosini chuqur tadqiq etish ishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Yurtimizdan yetishib chiqqan islom olami mutafakkirlari asarlarini, ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur o‘rganish, dunyoning barcha xalqlariga islom dinining haqiqiy mohiyatini yetkazish uchun Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
2017 yil 24 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”[6]gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 aprelda imzo-langan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”[7] Farmoniga muvofiq Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Mazkur Farmonda “islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodla-rimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish” diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Qur’on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlarni o‘rganish, ilmiy merosni chuqur tadqiq qilish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanishi” belgilab berildi.
2017 yil fevralda mamlakatimiz Prezidenti mazkur masala sohasidagi o‘ta muhim hujjatga qo‘l qo‘ydi[8], unga muvofiq Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etildi. 2017 yilda bu borada yana bir o‘ta ulkan qadam tashlandi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq[9] Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. Ajdodlarimiz qoldirgan buyuk merosni tizimli asosda chuqur tadqiq etish, ular asarlari va faoliyatining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini ochib berish mazkur markazlar faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Yangi O‘zbekistonda bunday sa’y-harakatlar tobora keng miqyosda amalga oshirilmoqda. Birgina 2020 yilning o‘zida bir nechta shunday tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, 2020 yil 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. 2020 yil aprel oyida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Malayziya islomni anglash instituti olimlari ishtirokida videoanjuman tashkil etildi. 28-29 may kunlari “Buxoroning Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi va undagi o‘rni” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Iyun oyida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida Buxorodagi Yetti pir avliyolari ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha “Ma’rifat va ibrat timsollari” mavzuida onlayn anjuman bo‘lib o‘tdi. Shu yilning o‘zida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va IRCICA tashkiloti bilan hamkorlikda “Termizning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni” mavzuida xalqaro onlayn anjuman o‘tkazildi.
Yil davomida ajdodlarimizning merosini o‘rganish bo‘yicha o‘nlab tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylandi. Shunday anjumanlarning biri 2024 yilning 3-4 iyul kunlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” mavzuidagi forum bo‘ldi.
2025 yilning 10 yanvar kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz va nufuzli xorijlik olimlarning ajdodlarimiz merosini o‘rganish borasida amalga oshirayotgan tadqiqotlari muhokama qilindi.
Muxtasar aytganda, ajdodlarimiz merosini o‘rganish borasida Yangi O‘zbekistonda juda katta tadbirlar amalga oshirilmoqda. Lekin mazkur jarayonning alohida e’tibor talab qiladigan jihatlari ham bor.
Masalan, bu maqolada fikr yuritilgan jahon soliq siyosati tamoyillarini ishlab chiqishda alohida xizmat qilgan shaxslarning xizmatlarini to‘g‘ri baholash lozimligi shunday masalalar jumlasiga kiradi.
Bu bilan soliqlar haqidagi fanning tarkib topishida g‘arblik olim va mutafakkirlarning xizmatlarini inkor etish niyatim yo‘q. Lekin hamma gap shundaki, soliqlarning alohida fan va soha sifatida shakllanishi jarayonida o‘z zamonasining eng ilg‘or va adolatli soliq siyosatini yaratgan, uni amaliyotga joriy etgan Buyuk Temurning ulkan hissasi bor ekanligini e’tirof etishning allaqachon vaqti yetib keldi. Qolaversa, uning soliq sohasidagi ta’limotidan nainki sharq, balki g‘arb davlatlari ham asrlar davomida foydalanib kelishdi.
Mazkur muammoni ijobiy hal qilish uchun iqtisodchi va tarixchi olimlar tomonidan Buyuk Temurning davlatni tashkil etish va uning iqtisodiyotini boshqarish ta’limoti, “Temur tuzuklari” asari, soliqchilik sohasidagi farmonlari va bu boradagi amaliy faoliyatini sinchiklab o‘rganish talab etiladi. Shu yo‘l bilan buyuk davlat arbobi Temurning 14-asrda jahon soliq siyosatining asosiy tamoyillarini ishlab chiqqanligi va ular hamon amal qilib kelayotganligini, ya’ni Buyuk islohotchi bobomizning jahon soliq siyosati asoschilaridan biri ekanligini e’tirof etib, tarixiy adolatni tiklagan bo‘lamiz!
Lekin Temurning jahon tarixiga ta’siri va davlatchilik faoliyati shu darajada ulkan va keng qamrovliki, turli ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlarida bir-biridan alohida, har birlari o‘z hollaricha ishlayotgan temurshunoslarning sa’y-harakatlari uni o‘rganish uchun yetmayapti.
Buning uchun “Buyuk Temur va temuriylar tarixi” nomli maxsus xalqaro ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish maqsadga muvofiq. Mazkur institut ”Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi”, “Temuriylar davlat muzeyi” bilan birgalikda Temur va uning avlodlarining buyuk merosini o‘rganish bo‘yicha yagona majmuani tashkil qilishi kerak.
Temur va temuriylarning insoniyat tamadduniga qo‘shgan hissasini shu kunga qadar yetarli o‘rganmadik. Ular shaxsiga va ulkan bunyodkorlik faoliyatiga doir ma’lumotlarning katta qismi turli davlatlarning kutubxonalarida, muzeylarida saqlanmoqda. Biz buyuk bobokalonimizning hayoti, amalga oshirgan ishlarining ko‘lamini hali haqqoniy baholay olganimiz yo‘q. Haqiqat bilan rivoyatu-cho‘pchaklarni aralashtirib talqin qilgan kitoblarni yozib, ommaviy tirajlarda nashr etib yotibmiz.
Biz, o‘zbeklar, baxtli xalqmiz! Chunki bizga Parvardigor dunyoning kam sonli xalqlariga nasib qilgan darajada juda ko‘p buyuk shaxslarni ato etgan. Imom Buxoriy, Termiziylar, Moturidiy, Xorazmiy, Beruniy, Farg‘oniy, Marg‘inoniy, Ibn Sino, Navoiy, Buyuk Temur, Bobur, Somoniy, Alixonto‘ra Sog‘uniy, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kabi yuzlab buyuk ajdodlarimiz bor.
Bundan tashqari, jahonni larzaga solgan ulkan saltanatlarimiz, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi jahon shaharsozligi va arxitekturasining gultojlariga aylangan shaharlarimiz mavjud.
Ana shu buyuk ajdodlarimiz, saltanatlarimiz, shaharlarimizdan bittaginasi o‘zbekdan boshqa qaysidir bir xalqqa nasib etganida, u shaxs, davlat yoki shahar o‘sha xalqning eng buyuk timsoliga aylangan bo‘lar edi.
Shu bois bizning bebaho tariximizga “sherik” bo‘lishni xohlaydigan millatlar ko‘p. Ular bir qator buyuk ajdodlarimizni allaqachon “o‘zlariniki” qilib ulgurishdi ham.
Buyuk Temurga nisbatan ham ana shunday qarashlar qator millatlarda bor. Ular buyuk bobokalonimizni o‘rganishmoqda, kitoblar, maqolalar yozishmoqda, suratlarini o‘z millatlari qiyofalariga o‘xshatib chizishmoqda.
Xullas, Parvardigorning bizga buyuk shaxslarni ato etgani – ulkan ne’mat! Lekin bu bebaho boylikni avaylab-asrab saqlash, qadriga yetish, ajdodlarimiz yaratgan buyuk merosni juda chuqur o‘rganishimiz allaqachon davr talabiga aylanib ulgurdi!
Odil Olimjonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar
markazi bosh ilmiy xodimi,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
"Ishonch" gazetasi, 2025 yil 8 aprel, № 44 (5108)
[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 1 oktyabrda bo‘lib o‘tgan O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi. http://uza.uz/posts/3452.
[2] Temur tuzuklari / Tahrir hay’ati: B. Abduhalimov va boshq., Forscha matndan A. Sog‘uniy va H. Karomatov tarj., - Toshkent: . “Qzbekiston”, 2019. 143– bet.
[3] Temur tuzuklari / Tahrir hay’ati: B. Abduhalimov va boshq., Forscha matndan A. Sog‘uniy va H. Karomatov tarj., - Toshkent: . “Qzbekiston”, 2019. 144– bet.
[4] Temur tuzuklari / Tahrir hay’ati: B. Abduhalimov va boshq., Forscha matndan A. Sog‘uniy va H. Karomatov tarj., - Toshkent: . “Qzbekiston”, 2019. 145– bet.
[5]“Temur tuzuklari” / Forschadan A. Sog‘uniy va H.Karomatov tarj., B.Ahmedov . tahr. ostida, - T. G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashr., 1996. 4-5- betlar.
[6]O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 mayda imzolangan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.
[7]O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomil-lashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi[7] 2018 yil 16 aprelda imzolangan PF-5416-sonli Farmoni.
[8] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yespublikasi 2017 yil 14 fevralda imzolangan “Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2774-sonli Qarori.
[9] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 iyunda imzolangan “Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3080-sonli qarori.
Izoh qoldirish