AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays matbuotga bayonot berib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalariga izoh berdi.
Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar joriy yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida O‘zbekiston xalqining o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqidan foydalanganini qo‘llab-quvvatlaydi.
AQSh Davlat departamenti YXHT/DIIHB Missiyasining ovoz berish jarayoni tinch muhitda o‘tdi va saylovchilarning yuqori faolligi bilan ajralib turdi, degan baholariga qo‘shildi.
Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumati va YXHT/DIIHB kuzatuvchi missiyasi o‘rtasidagi hamkorlik yaxshilanganini olqishlaydi va YXHT tavsiyalarining saylovlar hamda fuqarolik va siyosiy huquqlarni ilgari surish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishini intiqlik bilan kutmoqda.
“Biz O‘zbekiston hukumati bilan ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga ega ushbu va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish tarafdorimiz”, – deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Izoh qoldirish