Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Xitoyda 2027 yilda avtomobil bozorining tiklanishi kutilmoqda (Reuters)

2026 yilda Xitoy ichki bozorida yengil avtomobillar savdosi 22 foizga, ya’ni 23,7 mln donadan 18,5 mln donagacha qisqarishi mumkin. 2027 yilda esa bozorning asta-sekin tiklanishi va savdo hajmining 2 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Xitoy yengil avtomobillar assotsiatsiyasi bosh kotibi Suy Dunshuning baholashicha, qisqa muddatli salbiy omillarning ta’siri kamayishi, narxlar bosimining pasayishi va avtomobil modellari turlarining kengayishi talabning tiklanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, avtomobil ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshlik darajasidagi tafovutlar yanada ortishi kutilmoqda.

Bojxona tariflarining beqarorligi kompaniyalarni narx siyosatini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda (Reuters, Simon-Kucher)

Thomson instituti tadqiqotiga ko‘ra, savdo sohasidagi mutaxassislarning 75 foizdan ortig‘i AQSh tarif siyosatidagi o‘zgarishlar uzoq muddatli xususiyatga ega deb hisoblaydi.

2025 yil davomida AQShning bojxona qoidalari qariyb 50 marta o‘zgargan, Xitoyning ayrim tovarlariga nisbatan bojxona bojlari stavkalari esa 145 foizgacha yetgan.

Kompaniyalar uchun uchta harakat yo‘nalishi qayd etilgan: 1) sotish narxlarini oshirish; 2) qo‘shimcha xarajatlarni vaqtincha o‘z foyda marjasi hisobidan qoplash; 3) mahsulotlar va yetkazib berish tuzilmasini o‘zgartirish.

Bunda tarif cheklovlari hatto butlovchi qismlarni ichki bozordan xarid qiladigan korxonalarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Savdo siyosatidagi beqarorlik sharoitida kompaniyalar barcha mahsulotlar narxini bir xil darajada oshirish o‘rniga, xarajatlar, raqobat muhiti va xaridorlar talabini hisobga olgan holda narx bo‘yicha qarorlarini tez-tez qayta ko‘rib chiqishi zarur.

AQShda eng yirik vertikal integratsiyalashgan tabiiy gaz kompaniyasi tashkil etiladi (Financial Times)

AQShning eng yirik tabiiy gaz ishlab chiqaruvchisi EQT gaz qazib oluvchi Range Resources kompaniyasini sotib olishini e’lon qildi. Birlashgan kompaniyaning qarz majburiyatlarini hisobga olgan holdagi qiymati 50 mlrd dollardan oshadi.

Birlashish natijasida AQShda kunlik qazib olish hajmi tabiiy gaz ekvivalentida 9 mlrd kub futdan oshadigan eng yirik vertikal integratsiyalashgan tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi kompaniya tashkil etiladi.

Bitim ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari tomonidan tabiiy gazga talab ortishi va sun’iy intellekt infratuzilmasi rivojlanishi sharoitida amalga oshirilmoqda. EQT baholashicha, birlashish natijasida yiliga 325 mln dollar tejaladi. Bitimni 2027 yilning I choragida yakunlash kutilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar