Avtomobilda xalqaro yuk tashishlarda elektron plombalarni qo‘llagan holda transport vositalarini kuzatib borish tartibi belgilandi

Avtomobilda xalqaro yuk tashishlarda elektron plombalarni qo‘llagan holda transport vositalarini kuzatib borish tartibi belgilandi

Hukumat qarori (428-son, 08.06.2021 y.) bilan Xalqaro yuk tashishlarda elektron plombalarni qo‘llagan holda avtotransport vositalarini kuzatib borish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtincha nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, elektron plombalar O‘zbekiston bojxona hududiga olib kirilayotgan, olib chiqilayotgan yoki tranzit tartibida harakatlanayotgan bojxona nazorati ostidagi tovarlar ortilgan transport vositalari yuk bo‘limlariga bojxona xizmati organlari xodimlari tomonidan jo‘natuvchi bojxona postida o‘rnatiladi va manzil bojxona postida yechib olinadi.

Elektron plombalarni o‘rnatish, yechib olish va saqlash tartibi hamda unga qo‘yiladigan texnik talablar Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

Avtotransportlarga quyidagi hollarda elektron plombalar o‘rnatilmaydi:

- tovar va transport vositalari bojxona hamrohligida kuzatib borilganda;
- tirik hayvonlar tashilayotganda;
- tovarlar “Avtomatlashtirilgan tarzda chiqarib yuborish” axborot tizimi orqali eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilganda (qo‘shimcha ravishda boshqa tovarlar ortilgan holatlar bundan mustasno);
- maxsus bojxona plombalari qo‘yishning imkoni bo‘lmagan boshqa hollarda.

Elektron plombalardan foydalangan holda tovarlarni tashishda tashuvchi tomonidan majburiyatlarning bajarilmasligi oqibatida elektron plombaga yetkazilgan zarar tashuvchidan manzil bojxona postida bojxona organlari tomonidan undiriladi.

Shuningdek, elektron plombalardan foydalanganlik uchun yig‘im undirilmaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar