Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi faoliyatni baholadi. Savdolarning sezilarli o‘sishi qayd etildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi faoliyatni baholadi. Savdolarning sezilarli o‘sishi qayd etildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlili shuni ko‘rsatdiki, hozirgi kunda avtomobillarga bo‘lgan talab ancha barqaror bo‘lib, shu yilning yanvar oyida boshlangan faollik o‘sish tendensiyasini davom ettirmoqda. Avgust oyida avtomobil sotib olishga qiziqishning ortishi qayd etildi, bu valyuta kurslarining o‘zgarishi va iste’molchilarning pul mablag‘larini investitsiya qilish istagi ortishi bilan bog‘liq.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan avtomobil bozoridagi savdo o‘zgarishlari muntazam ravishda tahlil qilib kelinmoqda.

Joriy yilning avgust oyida sotilgan avtotransport vositalarining umumiy soni 119,3 mingtani tashkil etdi, bu iyul oyiga nisbatan 16%ga ko‘p.

1-rasm. Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi

Yil boshidan buyon mamlakatning barcha hududlarida avtomobil savdosi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan - 44%, Qashqadaryo – 34% va Jizzax viloyatlarida – 23% qayd etildi.

2021 yil avgust oyiga nisbatan avtomobil savdosi 2 baravar oshdi (+61,9 ming).

Eslatib o‘tamiz, yil boshiga kelib jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillarning umumiy soni 3,1 mln.ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,28 mln.ga ko‘p. Shunday qilib, O‘zbekistonning har ming doimiy aholisiga o‘rtacha 87 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda har 12 kishidan biri avtomobilga ega.

Eng ko‘p avtomobillar Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan - 525 028 ta. Poytaxtdan keyin eng ko‘p ro‘yxatga olingan avtomobillar Samarqand viloyatida — 392 475 ta, Toshkent viloyatida — 324 154 ta va Farg‘ona viloyatida — 325 009 ta.

Hududlar bo‘yicha jismoniy shaxslarga tegishli eng kam ro‘yxatga olingan yengil avtomobillar Sirdaryo – 68 278 ta, Jizzax – 90 860 ta va Navoiy viloyatlarida – 97 439 ta qayd etildi.

Ikkilamchi avtomobil bozori

Avgust oyida ikkilamchi bozorda 98 mingta avtomobil sotilgan, bu o‘tgan oyga nisbatan 21 foizga ko‘p. Shu bilan birga, ikkilamchi avtomobil bozori yil davomida 2,2 barobar o‘sdi.

2-rasm. Birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozori (2021-2022)

Mahalliy avtomobillar savdosi

Avgust oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarning sotilishi 17 mingtani tashkil etdi va iyul oyiga nisbatan 7,5 foizga kamaydi. Shu bilan birga, 2021 yil avgust oyiga nisbatan savdo hajmi 1,8 baravar oshdi.

Xorijiy avtomobillar savdosi

Chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari soni 1,8 mingtani tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 38 foizga, o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan esa 1,8 barobarga oshgani qayd etildi.

3-rasm. Mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi ulushi

Xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosining bunday keskin o‘sishi joriy yilning may oyidan boshlab import qilinadigan avtomobillarni olib kirish uchun bojxona to‘lovlarining pasayishi bilan izohlanadi, bu esa savdo hajmining o‘sishiga ta’sir ko‘rsatdi. Joriy yilning may-avgust oylarida xorijiy avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobarga oshgan.

Ushbu davrda mahalliy avtomobillar sotuvi ham barqaror o‘sishni ko‘rsatib, 1,4 barobarga oshgan.

Darya Miroshnikova
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi
tel: (78) 150 02 02 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar