Barcha mehnat munosabatlarini umumlashtirgan yirik majmua xususida ayrim fikrlar

Barcha mehnat munosabatlarini umumlashtirgan yirik majmua xususida ayrim fikrlar

O‘zbekiston — yuksak marralarni ko‘zlagan mamlakat. Uchinchi Renessans poydevorini qurishga shaylangan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, inson manfaatiga, shu yurt odamlari to‘kis va farovon hayot kechirishlarini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Aytaylik, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat munosabatlariga nisbatan yangicha yondashuvlar yuzaga kelayotgani qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarmoqda. Xususan, jamiyatda mulkdorlar va ish beruvchilar soni keskin oshdi. Hatto jismoniy shaxslarga ham ish beruvchi maqomi berildi. Bularning barchasi mehnat bozorida yangi islohotlarni taqoza etdi. Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 28 oktyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ana shunday bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi yangi huquqiy asosga ehtiyoj tobora ortib borayotgandi. Va bu jarayon Prezidentimizning doimiy e’tibori va nazoratidagi masala edi. Jumladan, davlatimiz rahbari shu yilning 25 oktyabrida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ikki yil davomida puxta ishlanib, yangidan ishlab chiqilgan Mehnat kodeksi loyihasiga alohida to‘xtalib o‘tgandi. Chunki bugungi kunda mamlakatimizda mehnat resurslari qariyb 19 million kishiga yetgan. Korxonalar soni esa so‘nggi uch yilda 2 baravar oshgan.

Amaldagi Mehnat kodeksi 1995 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘shanda xususiy sektor ulushi atigi 21 foiz bo‘lgan, hozir 83 foizdan oshgani tufayli yangi kodeksda tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, aholini ish bilan bandligini oshirish bo‘yicha ko‘plab qulay sharoitlar ko‘zda tutilayotgani qayd etilgandi.

Qabul qilingan yangi kodeks mamlakatimiz mehnat bozorining butun boshli huquqiy majmuasi, desak bo‘ladi. Nega?

Birinchidan, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 1995 yildagidan tubdan farq qiladi. Chunki vaqt o‘tyapti, zamon o‘zgaryapti, yangi-yangi mehnat turlari yuzaga kelyapti. Bugungi talab va taklif boshqacha. Buni shu yilning mart oyida yangi Mehnat kodeksini ma’qullash jarayonida yuqori palatamiz a’zolari ham aytib, amaldagi Mehnat kodeksi zamonaviy voqeliklarga mos kelmay qolganini ta’kidlashgandi.

Ikkinchidan, yangi Mehnat kodeksi ustida juda uzoq vaqt ish olib borildi. Bu kutilgan hol. Chunki kodeks har tomonlama mukammal bo‘lishi lozim.

Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi ish bilan bandligini ta’minlash, fuqarolarni tadbirkorlikka keng jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mehnat qonunchiligining asosiy yo‘nalishlari belgilangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi amaldagiga nisbatan 2,5 baravar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan. Unda ish bilan bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi ko‘plab me’yorlar o‘z aksini topgan.

Qolaversa, yangi Mehnat kodeksi loyihasi ishlab chiqilish jarayonida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlatlar tajribasi chuqur tahlil qilinib, o‘rganildi.

Uchinchidan, yangi kodeksning birinchisidan asosiy farqlaridan biri, unda majburiy mehnatni taqiqlash asosiy prinsip etib belgilanganidir.

Shu o‘rinda majburiy mehnat tushunchasiga kengroq to‘xtalib o‘tsak. Zotan, bu omil ko‘p yillar taraqqiyotimizga tushov, xalqaro aloqalarga to‘siq bo‘lib kelayotgan edi. Gap shundaki, 2022 yilning 10 mart sanasida “Cotton Campaign” xalqaro kaolitsiyasi o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotni bekor qildi. Binobarin, baykot qo‘yilishiga sabab sifatida aynan majburiy mehnat ko‘rsatilardi. Baykot bekor bo‘lishiga Prezident Shavkat Mirziyoyev munosabat bildirib, “...So‘nggi besh yilda qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarimiz samarasini berib, “Cotton Campaign” kuni-kecha O‘zbekistonni “qora ro‘yxati”dan chiqardi. Bu ham biz uchun juda katta imkoniyat, yangi bozorlar degani. Buning hisobiga iste’mol mahsulotlarining xom-ashyosini olib kelib, ularni qayta ishlash orqali qo‘shimcha 1,5 milliard dollarlik mahsulotni bemalol eksport qilsa bo‘ladi”, — deya ta’kidlagandi.

Chindan ham, bu biz uchun tarixiy voqea bo‘ldi. Nega deganda, 2009 yilda o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilganidan beri 331 ta brend va riteyler kompaniyalari o‘zbek paxtasiga nisbatan kaolitsiya talabiga amal qilishga majbur edi. Ya’ni ular o‘zbek paxtasidan olingan har qanday mahsulotni ishlata olmasdi, demak, mahsulotimiz dunyo bozoriga chiqmasdi.

Qayd etish kerak, “Cotton Campaign” inson va mehnat huquqlari bo‘yicha xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va riteylerlar, mas’uliyatli investor tashkilotlari, ta’minot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning global koalitsiyasi hisoblanadi. Uning ijobiy qaroriga esa Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qilgani sabab bo‘lgandi. Endi esa bu kabi jihatlarga, ya’ni bolalar va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik kodeks orqali qonuniy hamda huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilmoqda. Yangi Mehnat kodeksi shu jihatdan alohida e’tirofga loyiq. Chunki mana shu birgina omil ham O‘zbekistonda oxirgi besh yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan inson qadri uchun tamoyili asosida yuritilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy siyosat naqadar to‘g‘ri va odilona ekanligini anglatadi.

To‘rtinchi afzallik — ijtimoiylikda. Ya’ni yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida aholi, ayniqsa, ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar belgilanganligi, shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari va ularning aniq mezonlari o‘rin olgan.

“Mehnat bizning zamonda buyuk huquq va buyuk burchdir”, degan edi taniqli fransuz adibi Viktor Gyugo. Haq gap. Mehnat hamma zamonda bo‘lgan va uning o‘ziga xos huquq va majburiyatlari mavjud. Shu ma’noda, aytish mumkinki, yangi tahrirdagi kodeksimizda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish kabi masalalar asosiy maqsadlar sifatida belgilangani diqqatga sazovor. Xususan, unga ko‘ra:

-mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;

-mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;

-mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;

-xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Bulardan ko‘rinadiki, O‘zbekiston fuqarolari mehnat erkinligiga, ya’ni har kim mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqiga ega.

Shuningdek, kodeksda davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni o‘z zimmasiga olgan. Mazkur toifaga kiruvchilar ro‘yxati shakllantirilgan.

Bundan tashqari, yangi kodeksda bir qator toifa kishilarni ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmasligi ham belgilab qo‘yildi. Ular sirasiga homilador, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan ota (vasiy), davlat grantlari asosida o‘qigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch oy ichida yo‘llanma bo‘yicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari, tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran bir yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi bo‘yicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari, o‘zi bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar kiradi.

Shuningdek, amaldagi Mehnat kodeksiga asosan, yillik asosiy ta’til muddati o‘n besh ish kunini tashkil etadi. Yangi tartibga binoan, yillik asosiy mehnat ta’tili davomiyligining eng kam muddati yigirma bir kalendar kuni etib belgilandi.

Ro‘yxatni yana davom ettiraverish mumkin. Muhimi, har bir o‘zgarish va tuzatishda inson omiliga ustuvorlik berilganida, kodeksda davlatning o‘z fuqarolari manfaatini ko‘zlaganida, uning talablari xalqaro standartga mosligida.

Beshinchidan, yangi Mehnat kodeksida zamonaviy kasblarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni unda masofadan turib ishlash tartibi qonunlashtirib qo‘yildi. Bu davr — bugungi kun, zamon talabi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bugun biz ilg‘or texnologiyalar, aql pulga chaqilib, katta daromad manbaiga aylanayotgan zamonda yashayapmiz. Ish beruvchi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan xabardor, shu jumladan, internetni biluvchi mutaxassislar bilan masofaviy mehnat munosabatlariga kirishishi mumkin. Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi elektron hujjatlar almashinuvi orqali tuziladi.

Aqliy mehnat — insonning tafakkur faoliyati. Buning natijasida erishilayotgan natijalar esa ana shu faoliyat mahsuli. Fan-texnika taraqqiyoti ta’sirida mehnat vositalari ham mukammallashib boraveradi. Xodimlar ko‘nikmasi, mahorati ham o‘sishda davom etadi.

Avtomatlashtirish, axborot-texnologiyalari keng joriy etilishi va takomillashtirilishi natijasida mehnat mazmunining muntazam o‘zgarishi yuz beradi. Ishlab chiqarishda har bir xodimning saviyasi ortishi esa ham ijtimoiy, ham yakka tartibdagi mehnat samaradorligi uzluksiz o‘sib borishini ta’minlaydi.

Inson kapitali mehnat bozorining tarkibiy elementi va iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishini belgilovchi muhim omil hisoblanadi. Inson salohiyatining yuksalishi esa taraqqiyot kafolatidir. Shu bois, rivojlangan mamlakatlarda bolalar ta’limi va tarbiyasiga ular hali yoshligidanoq sarmoya sarflay boshlaydilar. Chunki ular bilishadi: ana shu sarmoya vaqt kelib jamiyatga 15-17 barobar ko‘p foyda keltiradi. Axir, yetuk mutaxassislar, ya’ni mehnat bozorining bilimli kadrlari sifatli ta’lim va sifatli tarbiya yordamida shakklanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi chora-tadbirlar jamiyatimizda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tez va samarali bo‘ladi, degan tushuncha asnosida takomillashib borayotgani tahsinga loyiq. Chunki busiz raqamli iqtisodiyotning rivojlanishini asosi hisoblangan — yangi va takomillashgan kompyuter dasturlarini, yuqori texnologiyalarni o‘zlashtirib yoki yaratib bo‘lmaydi.

Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda kelgusi besh yillikda raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirish mo‘ljallangan. Buning uchun raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish orqali barcha aholi maskanlarini va ijtimoiy ob’yektlarni hamda magistral avtomobil yo‘llarini keng polosali ulanish tarmoqlari bilan qamrab olinadi.

Iqtisodiyotning real sektorida hamda moliya va bank sohalarida ishlab chiqarish va operatsion jarayonlarni raqamlashtirish darajasi 2026 yil yakuniga qadar 70 foizgacha oshiriladi.

Dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 baravar, ularning eksportini esa 10 baravar oshirib, 500 million AQSh dollariga yetkaziladi. Shuningdek, maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish, 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochish, 160 mingdan ziyod pedagog kadrning malakasini oshirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish, kasbga o‘qitish ko‘lami 2 baravar oshirilib, jami 1 million nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarlarga o‘qitish va bu jarayonda nodavlat ta’lim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish, umumta’lim maktablarining kasb o‘rganish istagidagi bitiruvchilarini davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizimni joriy etish vazifalari qo‘yilgani inson kapitali bugun nechog‘lik dolzarblik kasb etayotganini anglatadi.

Umuman, Strategiyaning bir butun boshli bir bo‘limi Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, deb nomlanishi O‘zbekistonda ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotgani va davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan dalolatdir.

Hozir dunyo yangi texnologik inqilob davriga kirgan. Iqtisodiyotning barcha jabhalarida ilg‘or texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Shu nuqtai nazardan, milliy iqtisodiyotimizni yangi voqeliklarga moslashtirish, uning istiqbolini ta’minlash uchun hozirda inson kapitali va uning rivojlanishiga e’tiborni yanada kuchaytirish zarur. Binoarin, inson kapitali bozoridagi o‘zaro munosabatlar odamlarning noyob qobiliyatlari, ijodiy tafakkuri, yangiliklar yaratishga yo‘nalgan bilimlari asosida shakllanadi.

Mamlakatimizda ayni paytda yoshlarga munosib ta’lim-tarbiya berish, ularning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini, ilmiy hamda o‘quv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ya’ni jamiyat rivojlanishida inson omili oliy qadriyat ekanligi, allaqachon, sa’y-harakatlarimiz va qo‘lga kiritayotgan natijalarimizda namoyon bo‘lmoqda.

Barcha davrlar va zamonlarda inson va uning mehnati jamiyat boyliklarining asosini tashkil etgan. Aynan inson mehnati tufayli turli moddiy va ma’naviy boyliklar yaratiladi. Ular, o‘z navbatida, nafaqat o‘sha insonning, balki butun jamiyatning ehtiyojlarini qoplashga va ayni vaqtda u yashayotgan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Mehnat — insonning maqsadga muvofiq ijtimoiy foydali faoliyati. U, eng avvalo, tabiat predmetlarini o‘zgartirib, ehtiyojga moslashtirishni bildiradi. Mehnat kishilik jamiyati hayotining asosiy sharti, chunki u tufayli insoniyatning yashashi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy ne’matlari yaratiladi.

Mehnat tufayli inson tabiatdagi narsalarni o‘zgartiribgina qolmaydi, balki o‘zi ham kamol topadi, aqliy va jismoniy qobiliyatlari o‘sadi.

Manbalarda jamiyat taraqqiy etishi bilan mehnat taqsimoti yuzaga keladi va borgan sari chuqurlashib boradi, deya keltiriladi. Mehnatning yangi turlari paydo bo‘lib, ular mustaqil vazifaga aylanadi. Mehnat taqsimoti jamiyatdagi ishlab chiqaruvchi kuchlar qay darajada ekanligini ifodalaydi. Mehnat turlari yuzaga kelishi bilan mehnat faoliyati natijalarini ayirboshlash, ularni bir-biriga moslashtirish ehtiyoji tug‘iladi. Bu esa mehnatga ijtimoiy tus beradi, chunki mahsulotlar va xizmatlar ko‘pchilik mehnatining naijasiga aylanadi. Shunday sharoitda mehnatni boshqarish tizimi yuzaga keladi na u maxsus vazifaga ega bo‘ladi. Mehnat o‘zining mazmuni va xarakteri jihatidan aqliy, jismoniy, malakali (murakkab) va malakasiz (oddiy) ishga bo‘linadi.

Mehnat kodeksi esa mehnat haqidagi qonunlar muayyan tizimga solingan majmui. U mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjati hisoblanadi. Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda, shuningdek, ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlayotgan jismoniy shaxslarning mehnatga oid munosabatlari mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi mamlakatimiz Konstitutsiyasi va xalqaro huquqiy normalar hamda standartlarga muvofiq ravishda ishlab chiqilgan. Ya’ni yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini har bir shaxsning mehnat qilish bilan bog‘liq huquqlarini ta’minlanishini kafolatlovchi qonun hujjati sifatida qabul qilindi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi o‘zida ana shunday yangi tartib-qoidalarni jamlagani bilan, bugungi kunga moslashtirilgani, qator qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi normalarga uyg‘unlashtirilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Qalandar ABDURAHMONOV,

akademik

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar