Barcha uchun bir xil o‘yin qoidalari: xufyona iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosati

Barcha uchun bir xil o‘yin qoidalari: xufyona iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosati

“27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda 43 ta davlat idorasining 270 ta nazorat funksiyasi tanqidiy o‘rganilib xufyona iqtisodiyot va korrupsiyaga sabab bo‘layotgan vakolatlarni qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, deyiladi xabarda. Mazkur xabarning dolzarbligini inobatga olgan holda maqolada xufyona iqtisodiyot tushunchasi, yaxshi va yomon jihatlari hamda bu boradagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari yoritib beriladi.

Xufyona iqtisodiyot o‘zi nima?

Xufyona (yashirin) iqtisodiyot deganda odatda mamlakat ichida yaratilgan (qo‘shilgan) qiymatning soliqqa tortilmay qolgan yoki davlat tomonidan nazorat qilinmaydigan va mamlakatning Yalpi ichki mahsulotida (rasmiy iqtisodiyot) aks etmay qolgan qismi tushuniladi.

Xufyona iqtisodiyotning asosan ikki turi ajratib ko‘rsatiladi. Biri korxonalar tomonidan foydani kamaytirib ko‘rsatish/yashirish bo‘lsa (masalan, aholi va korxonalar bilan oldi-berdi ishlarining buxgalteriya hisobotlarda aks etmasligi), ikkinchisi ishchilar daromadining kamaytirib ko‘rsatilishidir (masalan, ish haqini “konvert” usulida berish).

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot darajasi BMT Rivojlanish Dasturi izlanishlari natijasida YaIMga nisbatan 33 foizdan 48 foizgacha deb baholangan.

Xufyona iqtisodiyot yaxshimi yoki yomon?

Aslini olganda, bunday “soyalanish”ning sharoitga qarab ham yaxshi va ham yomon taraflari mavjud. Biznes yuritish va ishlashga byurokratik va korrupsion to‘siqlar mavjud sharoitda iqtisodiyotning xufyona qismida topilgan daromadning katta qismi baribir iqtisodiyotning rasmiy qismida sarflanadi va rasmiy qismda ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarga qo‘shimcha talab yaratadi, bu esa iqtisodiy o‘sishga turtki beradi. Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyot insonlarni ish balan ta’minlanishida katta rol o‘ynaydi.

Shu bilan birga, “yashirin” ishlaydigan ishchilar odatda huquqlari himoyalanmagan, xavfsizliklari ta’minlanmagan, pensiya tizimidan uzilgan bo‘ladilar. Davlat byudjetga tushimlarning kam tushishi natijasida yo‘llar, istirohat bog‘lari, ko‘chalarni yoritish tizimi kabi jamoat inshootlari qurilishiga mablag‘ kam ajratiladi. Soyada faoliyat yuritayotganlarning “yuki” rasmiy sektor vakillari bo‘yniga tushishi natijasida bozordagi raqobat muhiti buziladi.

Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda 2019 yilning fevral - sentyabr oylarida 1 239 ta tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, biznes yuritishda sog‘lom raqobatga norasmiy sektorning ta’siri ikkinchi dolzarb muammo sifatida qayd etiladi. Tadbirkorlarning o‘rtacha 15 foizi ushbu muammoni biznes yuritishdagi asosiy to‘siq sifatida qayd etishgan. Ushbu muammo kichik va o‘rta biznesda (17 foiz) yirik biznesga (10 foiz) nisbatan dolzarbligi qayd etiladi. Keyingi o‘rinlarda turuvchi elektr energiya ta’minotidagi yetishmovchilik va Transport logistikasidagi muammolar (8,6 foiz) ham qisman xufyona iqtisodiyot muammosi bilan chambarchas bog‘liq.

Tegishli ravishda, jahon mamlakatlari tajribasini o‘rganish iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar xufyona iqtisodiyot ko‘lamini kamaytirish tarafdori ekanliklarini ko‘rsatadi. Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga qaraganda daromadi yuqori mamlakatlarda bunday iqtisodiyot ko‘lami o‘rtacha 15 foizni, o‘rta daromadlilarda - 28 foizni va past daromadlilarda – 39 foizni tashkil etadi.

Yashirin iqtisodiyot bilan kurashish tamoyillari

“Yashirin iqtisodiyot bilan kurashishda “ehtiyotkor” bo‘lish va iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik zarur. Xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashish tadbirkorlar va ishchilarni jazolash, ular faoliyatiga to‘sqinlik qilish degani emas. Bu ayniqsa, pandemiya davrida katta ahamiyatga ega”, deyiladi Prezident murojaatida.

Odatda kam to‘lanadigan ish o‘rinlari xufyona iqtisodiyotning asosiy qismini tashkil etadi. Agar ularga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kurashiladigan bo‘lsa, kam ta’minlangan aholi qatlamlari zarar ko‘rishi mumkin va daromadlar/talab kamayishi natijasida iqtisodiy o‘sish ham sekinlashishi xavfi mavjud.

Shuning uchun, jahon tajribasida xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashilayotganda ma’lum tamoyillarga amal qilish to‘g‘riroq hisoblanadi.

  1. Davlat shunday shart-sharoit yaratishi kerakki rasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritish “soya”da bo‘lishdan yaxshiroq va “soya”da bo‘lish faoliyatni to‘xtatishdan yaxshiroq bo‘lishi kerak. Bu degani xufyona iqtisodiyotni qisqarish tezligi va ko‘lami o‘zining optimal nuqtasiga ega.
  2. Xufyonalikni qisqartirishdagi qattiqqo‘llik adolatli qonun normalari joriy qilingandan keyingina amalga oshishi kerak. Zero, ishchilarni “soya”da ishlashiga soliqlarning balandligi turtki berayotgan bo‘lishi mumkin. Shunda ham qattiq kurash normalari joriy etilsa, ishsizlik ko‘payadi hamda iqtisodiyotning rasmiy qismi ham zarar ko‘radi. Uning ustiga, kam daromadli aholini jazolash siyosiy jihatdan to‘g‘ri emas.

Jahon banki tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatimizdagi tadbirkorlarning aksariyati (23 foiz) soliq stavkalarining yuqoriligi biznesni rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omil sifatida ko‘rishmoqda. Kichik va o‘rta biznes (23 foiz) vakillarida soliq stavkalari muammosining dolzarbligi yirik korxonalarga (19 foiz) nisbatan ancha yuqori.

Soliq tushumlari, soliq stavkasi va xufyona iqtisodiyot o‘rtasidagi bog‘liqlik

Tushuncha: Soliq stavkasining ma’lum darajagacha ko‘tarilishi byudjet tushumlarining o‘sishi va davlat xizmatlarining ko‘lami va sifati oshishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida iqtisodiyotning rasmiy sektorining o‘sishini ta’minlaydi. Stavkalarning haddan tashqari oshib ketishi korxona va ishchilarning “soya”ga kirishiga, byudjet tushumlarining kamayishiga va rasmiy sektorning qisqarishiga olib keladi.

  1. Bir paytning o‘zida ochiqlikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish lozim. Hatto adolatli qonunlar ham korrupsiya darajasi yuqori holatlarda ish bermaydi.

Agar odamlar davlatga ishonmasa, jumladan, korrupsiyada shubha qilgan holda, ular soliqlarni to‘lashdan o‘zlarini manfaatdor sezmaydilar. Chunki soliqni to‘layotgan odam davlat tomonidan davlat xizmatlarining ko‘lami va sifati ko‘rinishida manfaat kutib qoladi. Xufyona iqtisodiyotning korrupsiya darajasi yuqori mamlakatlarida ulushi kattaligi ham bunga bir dalil. Ayniqsa rivojlanayotgan davlatlarda korrupsiya darajasi kattalashgan sari xufyona iqtisodiyotning ulushi ko‘payib borishini ko‘rish mumkin (Johnson et al. 1997, 1998; Hindriks et al. 1999; Hibbs and Piculescu 2005; Schneider, 2012).

O‘zbekistonda davlat xufyona iqtisodiyot bilan qanday kurashmoqchi?

O‘zbekistonda oxirgi yillarda valyuta bozorini erkinlashtirish, yangi soliq islohotlari hamda 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalarni qisqartirish natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tuganligi e’tiborga sazovor.

Bundan tashqari, kuni kecha Prezident boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham yashirin iqtisodiyotni 2 barobar qisqartirish maqsadi qo‘yildi va bunga erishish yo‘llarining konturlari belgilab berildi.

Jumladan, asosiy e’tibor soliq islohotlarini izchil davom ettirib, yashirin iqtisodiyotga rag‘bat uyg‘otmaydigan soliq stavkalarini joriy etishga qaratilgan. Shu bilan birga, tajribali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda tadbirkorlarning legal ishlashiga ko‘maklashuvchi alohida tuzilma tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. O‘ylaymizki, bu tuzilma soliq stavkalarini optimal darajasi bo‘yicha kerakli takliflar ishlab chiqadi va shu bilan birga, bu stavkalar joriy etilgandan so‘ng barcha tadbirkorlar uchun bir xil o‘yin qoidalari ishlab chiqilishi va amalda ta’minlanishida muhim rol o‘ynaydi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bugungi kunga qadar tadbirkorlik sub’yektidan faqatgina 13 foizi onlayn kassa mashinalari bilan ta’minlangan. Bu esa pul mablag‘larining bank tizimidan tashqarida aylanishiga shart-sharoit yaratadi. Buning oldini olish maqsadida 5 milliard so‘m aylanmaga ega bo‘lgan 62 ming korxonani onlayn kassa mashinasidan foydalanishga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, tegishli idoralarga alkogol, pivo, tamaki mahsulotlari ishlab chiqaradigan 10 ta yirik korxonada markirovkalash tizimini ishga tushirib, 2021 yildan barcha aksiz tovari ishlab chiqaruvchilarda bu tizimni joriy qilish vazifasi yuklanmoqda.

Xufyona iqtisodiyot va korrupsiya doimo yonma-yon yurishi inobatga olinib korrupsiya muammosini yechish xufyonalikni kamaytirish choralari qatorida ko‘rilmoqda. Jumladan, oxirgi paytlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Joriy yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro reytingida O‘zbekiston 5 ta pog‘onaga ko‘tarildi. Ammo, yaqinda Buxoro viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi 50 ta kislorod konsentratorini 12 million so‘mdan xarid qilgan bo‘lsa, chet eldan olib kelish narxi 3,2 million so‘mni yoki 4 barobar kam bo‘lgani korrupsiya muammosi hali hanuz islohotlar etagiga bolta soluvchi xavf sifati namoyon bo‘layotganidan dalolat beradi.

Buni inobatga olgan holda, davlat xaridlari va investitsiya loyihalarida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har bir loyihani amalga oshirishdan avval “korrupsiyaga qarshi ekspertiza” o‘tkazish amaliyotini joriy etish taklif qilinmoqda. Qurilish, Sog‘liqni saqlash va Oliy ta’lim vazirliklari hamda O‘zbekneftgaz, O‘zkimyosanoat va banklarda “komplayens” tizimni oxirigacha joriy etish ko‘zlanmoqda. Bunday amaliyotlar, o‘z navbatida, davlat mulkining talon-taroj bo‘lishini oldini oladi va soliq to‘lovchilarning majburiyatlarini o‘z o‘rnida bajarishlariga to‘sqinlik qiluvchi to‘siqlarni yo‘q bo‘lishiga sharoit yaratadi.

Ko‘p davlat idoralari hali ham eskicha usulda ishlaydi. Raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanmaydi. Natijada ish unumdorligi va sifati pastligi seziladi. Shuni inobatga olib bojxona nazoratini kuchaytirishda raqamli texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Natijada “inson omili”ni yo‘qotish orqali kontrabanda va mahsulotlar bojxona qiymatini sun’iy pasaytirib ko‘rsatish holatlariga chek qo‘yish mumkin. Import mahsulotlari bazasini soliq idoralari tizimi bilan integratsiya qilib, bojxonadan keyingi nazoratni muvofiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, elektron hisob-fakturaga import bojxona deklaratsiyasini bog‘lash orqali tovarlarni iste’molchigacha yetkazishning uzluksiz zanjirini yaratish taklif qilingan. “Bojxona auditi” axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Iqtisodiyotda band bo‘lgan 13,5 million aholining atigi 4,9 millioni daromad solig‘i to‘lovchisi hisoblanadi. Norasmiy bandlik darajasi qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa yashirin iqtisodiyotni tarmoqlar va sohalar bo‘yicha tahlil qilish ishlarini takomillashtirishni talab etadi.

Oxirgi paytlar aholini o‘zini o‘zi band qilish tizimini soddalashtirib, faoliyat turlari 24 tadan 67 tagacha kengaytirildi. Bu esa xususiy sektorning uchdan bir qismini tashkil etuvchi o‘z o‘zini band qiluvchi aholi qatlami uchun soyadan chiqish va kelajakda pensiya tizimiga ulanish imkonini beradi. Iyul oyining o‘zida 184 ming nafar fuqaro o‘z faoliyatini rasmiy sektorga o‘tkazdi. Tegishli ravishda, tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berish va litsenziyalashda ortiqcha tartib-taomillarni yanada qisqartirish ishlarini davom ettirish ko‘zlanmoqda.

O‘ylaymizki, yuqorida keltirib o‘tilgan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarning samarali yo‘lga qo‘yilishi xufyonalik ko‘lamini kamayishi, hamma uchun bir xil raqobat muhiti yaratilishiga, davlat tushumlarining ko‘payishi natijasida ijtimoiy ob’yektlar va ijtimoiy himoya tizimiga ajratiladigan mablag‘larning ko‘payishiga olib keladi.

Baxtishod Xamidov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar