– Botir Komilovich, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashriflari davomida bir qator tumanlarda bo‘lib, o‘zgarishlar va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Iqtisodiy sohadagi barcha chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalqimizni rozi qilish, aholini ish bilan ta’minlash ekanini alohida ta’kidladi. Ana shu ezgu ishlarni amalga oshirish uchun bugun Buxoroda qanday ishlar olib borilmoqda?
– Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga bu galgi safari, aytish mumkinki, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ravnaq topayotgan hudud taraqqiyotiga yanada jo‘shqinlik bag‘ishladi. Sababi, mazkur tashrif davomida taqdimotlari bo‘lgan loyihalarning har biri iqtisodiyotni yuksaltirish, hududlar obodligini ta’minlash orqali aholi turmush farovonligini yangi bosqichga ko‘tarish, pirovardida xalqning roziligiga erishishdek olijanob maqsadga qaratilgan. Prezidentning viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida berilgan topshiriq va vazifalari ijrosini ta’minlashga tashrif kunining ertasidanoq kirishilgan. Shu bilan birga, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” hokimlik faoliyati uchun asosiy dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Botir Komilovich, o‘tgan yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti yuksalishida Buxoro viloyatining hissasi qanday bo‘ldi? Aniqroq aytganda, viloyat 2021 yilni qanday natijalar bilan yakunladi?
– Ijozat bersangiz, aniq raqamlarga e’tibor qaratmoqchiman. O‘tgan yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti 106,2 foizni, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 100,1 foizni, xizmat ko‘rsatish 119,4 foizni, chakana savdo 107,6 foizni, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 103,7 foizni, pudrat ishlari 111,4 foizni tashkil qilib, barcha yo‘nalishlarda o‘sish ta’minlandi.
Sanoat yo‘nalishi bo‘yicha Shofirkon (121,6%), Kogon (117,3%), Jondor (115,7%) tumanlarida yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilgan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish sohasida Vobkent (164,7%), Kogon (128,4%) tumanlari va Kogon shahrida (119,5%) yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.
2021 yilda investitsiya dasturlari doirasida viloyatda umumiy qiymati 6 201 mlrd so‘mlik 1 381 ta hududiy hamda 186,5 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hisobiga 18 ta yirik loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirildi. Jami ishga tushirilgan loyihalar hisobiga viloyatda 10 ming 708 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, 110 mlrd so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi.
Shu bilan birga, 298,9 mln dollarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilib, 2020 yilga nisbatan 118,0% o‘sishi ta’minlandi. Xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi doirasida qiymati 144,4 mln dollarlik 2 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 150 nafardan yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Masalan, Buxoro tumanida “Aksa Enerji Bukhara” MChJ xorijiy korxonasi negizida 140 mln dollarga teng bo‘lgan quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini yo‘lga qo‘yish hisobiga 100 ta ish o‘rni yaratilishi ta’minlandi hamda 400–500 ta ishlab chiqarish korxonalari uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlandi.
– Buxoro viloyatida qaysi sanoat tarmoqlarini yanada rivojlantirish uchun salohiyat mavjud? Joriy yilda viloyatda sanoat sohasida qanday loyihalar amalga oshiriladi?
– 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, viloyatda sanoat korxonalari va tashkilotlari soni 4 874 tani tashkil etib, ularning soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 111,3 foizga oshdi. Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda viloyatda 2,9 trln so‘m bo‘lgan 213 ta loyiha ishga tushirilib, 3 631 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Xususan, G‘ijduvon tumanida "Xo‘jai Jahon Fayz baraka" MChJ tomonidan qiymati 462,8 mlrd so‘mlik, yiliga 10 ming metr har xil shakldagi temir profillar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan loyiha joriy yilda ishga tushiriladi.
2022 yilda viloyatda qiymati 2 804 mlrd so‘m bo‘lgan 189 ta sanoat loyihalarini ishga tushirish orqali 7 794 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Jumladan:
- Oziq-ovqat sanoatida qiymati 196,3 mlrd so‘m bo‘lgan 28 ta loyiha ishga tushirilib, 365 ta yangi ish o‘rni;
- Kimyo va neftkimyo sanoatida qiymati 220,2 mlrd so‘m bo‘lgan 17 ta loyiha ishga tushirilib, 298 ta yangi ish o‘rni;
- Tekstil va to‘qimachilik sanoatida qiymati 727,4 mlrd. so‘m bo‘lgan 33 ta loyiha ishga tushirilib, 1 594 ta yangi ish o‘rni;
- Qurilish materiallari sanoatida qiymati 1 019,8 mlrd. so‘m bo‘lgan 46 ta loyiha ishga tushirilib, 1 036 ta yangi ish o‘rni;
- Metallurgiya sanoatida qiymati 225,2 mlrd so‘m bo‘lgan 3 ta loyiha ishga tushirilib, 75 ta yangi ish o‘rinlari;
- Charm sanoatida, qiymati 54,4 mlrd so‘m bo‘lgan 6 ta loyiha ishga tushirilib, 66 ta yangi ish o‘rnilari yaratiladi. Boshqa sanoat tarmoqlarida, qiymati 32,5 mlrd so‘m bo‘lgan 6 ta loyiha ishga tushirilib, 153 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan. Natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,8 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz, shu jumladan, viloyatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish va ta’mirlash ishlarida asqotadigan xom ashyolarni mahalliylashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, Buxoro shahridagi “City building group” xususiy korxonasi tomonidan yuqori sifatli va import o‘rnini bosuvchi lak bo‘yoq mahsulotlari, quruq qorishmalar, penoblok mahsulotlari ishlab chiqarilishining yo‘lga qo‘yilganligi fikrimiz isboti bo‘lishi mumkin.
“G‘ijduvon” EIZ ishtirokchisi “YORQIN XURSHID TEKSTIL” XK tomonidan “Avtomobil o‘rindiqlari uchun kombinatsiyalangan avto gazlamalar ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshirilib, avtosanoat tarmog‘i uchun kooperatsiya asosida mazkur gazlamalarni yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Buxoro shahridagi “Tib texnika” MChJ negizida farmatsevtika sanoati yo‘nalishida innovatsion texnologiyalar asosida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan tibbiyot jihozlari, ya’ni, koronar stent, ballon va koronar o‘tkazgich, diagnostik kateter, diagnostik o‘tkazgich, introdyuser kabi tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, 30 dan ortiq soha mutaxassislari bandligi ta’minlandi.
Viloyat sanoat ishlab chiqarilishini rivojlantirish maqsadida mavjud 28 ta kichik sanoat zonasidagi 42,1 gektar maydonga joylashtirilgan 165 ta loyihadan 88 tasi ishga tushirildi va 80,5 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilib, 688 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hududiy dastur doirasida 2021 yilda 1 752,4 mlrd so‘mlik 385 ta sanoat loyihalari ishga tushirildi va 4 164 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Byudjet mablag‘lari hisobidan 1 083 mlrd so‘m, davlat kafolati ostidagi chet el kreditlari 951 mlrd so‘m, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari 113 mlrd so‘m hamda Suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 429 mlrd so‘m mablag‘lar o‘zlashtirildi.
Korxona va tashkilotlar tomonidan 2 947 mlrd so‘m, tijorat bank kreditlari 591 mlrd so‘m, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 8 127 mlrd so‘m va mahalliy investorlar sarmoyalari hisobidan 1 984 mlrd so‘m investitsiyalar o‘zlashtirildi.
2021 yil yanvar–dekabr oylarida viloyatning asosiy kapitalini ko‘paytirishga 18 995,6 mlrd so‘m (dollar ekvivalentida 1,79 mlrd AQSh doll.) miqdorida investitsiyalar kiritildi va o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 136,4 foizni tashkil qildi.
Asosiy kapitalga investitsiyalar yillar bo‘yicha dinamikasini kuzatadigan bo‘lsak, 2016 yilda – 5,9 trln so‘m yoki 120,8 foiz o‘sishni, 2017 yilda – 11,6 trln so‘m yoki 154,7 foiz o‘sishni, 2018 yilda – 9,6 trln so‘m yoki 60,6 foiz, 2019 yilda – 10,4 trln so‘m yoki 95,9 foiz, 2020 yilda – 12,2 trln so‘m yoki 104,7 foizni tashkil etgan.
– Aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Viloyatda ishsizlik muammosini hal qilish uchun nimalarga ahamiyat berilmoqda? Umuman, viloyatda kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘nalishida qanday ishlar qilinmoqda? Shuningdek, Buxoro viloyatida mehnat migrantlari boshqa hududlarga qaraganda nisbatan ko‘p. Bu ko‘rsatkichni kamaytirish uchun qanday choralar ko‘riladi?
– Viloyatda ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj 44 235 ta oila (a’zosi 170 898 nafar, mehnatga layoqatli ishsiz 49 284 nafar) “Temir daftar”ga kiritilgan.
Bular 17 705 ta kam ta’minlangan, 5 403 ta nogironligi bo‘lgan oilalar, 2 232 ta boquvchisini yo‘qotgan oilalar, 442 ta yakka yolg‘izlar, 18 453 ta karantin sabab vaqtinchalik daromad manbaidan mahrum bo‘lgan oilalardir.
Shundan, 42 910 ta oila 49 149 nafar a’zosining bandligi ta’minlangan(mehnatga layoqatlilarning 99,7foizi).
Barqaror daromad manbalariga ega bo‘lgan 42 790 ta yoki 96,7 foiz oila Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashining qarorlariga ko‘ra “Temir daftar”dan chiqarildi.
2021 yilda chet davlatlardan qaytib kelgan 23,2 ming nafar migrantlarning bandligi ta’minlandi. 12,2 ming nafari doimiy va vaqtinchalik ish o‘rinlariga joylashtirildi, 1,9 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 1,1 ming nafariga subsidiya ajratildi va 8,0 nafari o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshladi.
Bundan tashqari, xatlov qilinib, xonadonma-xonadon yurish orqali chetda yurgan 75,4 ming nafar migrantlarning oila a’zolaridan xabar olindi.
Rejalarga ko‘ra, joriy yilda 405 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlanadi.
Albatta, bu ishlarning asosiy qismi 2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha ish boshlagan 544 nafar hokim yordamchilari orqali amalga oshiriladi.
Hokim yordamchilari o‘z byudjeti doirasida joylarda subsidiyalar berish, jamoat ishlarini tashkil etish hamda kasbga o‘qitishga mablag‘ ajratish vakolatidan foydalanib, mahallalarda oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar berish orqali 98 ming 991 nafar aholini band qilishadi.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda investitsiya loyihalari hisobiga 22 ming 336 nafar aholi band bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida 272,2 mingdan ziyod fuqarolarning bandligi ta’minlanadi. Turizm va sport sohasida 11 ming 900 nafari band qilinadi.
Viloyatda ishsizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitishning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi. Buning uchun 53 ta mahallalarda kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etiladi.
Shuningdek, viloyatda joriy yilda 5 034 gektar suvli yer maydonlarida 10 sotixdan 1 gektargacha dehqon xo‘jaligi tashkil qilish orqali 34,6 ming nafarga yaqin aholi bandligi ta’minlanadi.
– Viloyatda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda bu borada nima ishlar qilindi va nimalar rejalashtirilgan?
- 2022 yil 1 yanvar holatida viloyat aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 69 foizni (1 363,5 ming nafar) tashkil qiladi. Viloyatning 31 foiz (613,4 ming nafar) aholisiga ichimlik suvi maxsus transport vositalarida yetkazib beriladi.
Birgina joriy yilning o‘zida aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida bir qator yirik loyihalar yakuniga yetkazildi. Xususan, qiymati 139 mln dollar bo‘lgan “Olot va Qorako‘l tumanlari ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi to‘liq yakunlandi. Natijada Olot va Qorako‘l tumanlarida yashovchi 200 mingdan ortiq aholi ilk bor markazlashgan sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
2022 yilda 30 ta (shundan 4 tasi investitsiya va 26 tasi “Obod qishloq” va “Obod mahalla”) ob’yekt uchun 142,4 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, 21 ta suv inshootlari va 594,7 km suv tarmoqlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 26 ta ob’yektda 81,3 mlrd so‘mlik 322,2 km ichimlik suv tarmoqlari va 13 ta suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish natijasida 2022 yil yakuniga kelib aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 71 foizga yetkaziladi.
– Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2021 yilda viloyatning tashqi savdo aylanmasi 1068,9 mln dollarni tashkil qilib, 2020 yilga nisbatan 30,8 foizga oshgan. Hududda qaysi tarmoqlar hisobiga bu natijani yanada yaxshilash uchun salohiyat bor?
– Eksport prognoz ko‘rsatkichlariga muvofiq, 2022 yil yakuniga qadar 270 mln dollarlik mahsulotlar eksportga chiqariladi va belgilangan reja (2022 yilga reja 235,8 mln dollar) ko‘rsatkichi 115 foizga bajarilishi ta’minlanadi.
Xususan, yil yakuni bilan 157,3 mln dollar to‘qimachilik, 35,8 mln dollar meva-sabzavot, 3,6 mln dollarga charm, 12,9 mln dollarga ipak, 8,3 mln dollar qurilish materiallari va 53,68 mln dollar boshqa sanoat mahsulotlari eksport qilinadi.
Eksport faoliyatiga 45 dan ortiq yangi korxona jalb etilib, 10 dan ortiq yangi davlatlarning (Malayziya, Singapur, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, BAA, Saudiya Arabistoni) bozorlariga mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha shartnomaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish ishlari davom ettirilmoqda.
Joriy yilning 1-choragida viloyat bo‘yicha jami eksport hajmi 53,2 mln dollarni tashkil etib, belgilangan 42,5 mln dollarlik prognoz ijrosi 125,3 foizga bajarildi.
Eksport hajmlarining o‘sishi viloyatimiz uchun drayver bo‘lgan sohalar, xususan, to‘qimachilik (27,2 mln dollar, o‘sish 136%), meva-sabzavot (7,3 mln dollar, 145%), ipakchilik mahsulotlari (1,6 mln dollar, 66%), qurilish materiallari (1,6 ming dollar, 160%) hududiy sanoat korxonalari (15,5 mln dollar, o‘sish 296%) eksporti hisobiga ta’minlandi.
Shuningdek, eksportyor korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari doimiy davom ettiriladi. Xususan, o‘tgan davr davomida 68 ta holatda eksportyor korxonalarga 28,7 mlrd so‘mlik qo‘shimcha qiymat soliqlari Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qaytarib berilgan bo‘lsa, 9 ta korxonaning 2 mlrd so‘mlik qo‘shimcha qiymat soliqlari qaytarilishi bo‘yicha soliq idoralariga tegishli ko‘rsatma berildi. Eksport faoliyatini kengaytirish uchun 16 ta korxonaga 8,8 mln AQSh dollari miqdorida kam foizli aylanma mablag‘lar berildi.
Bundan tashqari tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash va uzilishlarning oldini olish, ularning faoliyati davomida yuzaga keladigan turli darajadagi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etib borish masalasida eksportyor korxonalarga tegishli tashkilotlar tomonidan doimiy amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
– Hozirgi paytda viloyatda qancha tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat yuritmoqda? Hududda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun yana qanday imkoniyatlar bor?
– Viloyatda joriy yilning 1 aprel holatiga 62 981 ta tadbirkorlik sub’yektlari ro‘yxatga olingan. Shulardan 33 917 tasi yuridik shaxslar va 29 064 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlardir. Yuridik korxonalarining 15 140 tasi (45%) so‘nggi 3 yilda tashkil etilgan.
Joriy yilning 1-choragida 4 484 ta yangi sub’yektlar tashkil etildi, shundan 1 228 tasi yuridik korxonalar, 3 259 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlarni tashkil etmoqda. Natijada qo‘shimcha 5 121 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yil 2-chorakda 4 500 ta (shundan 1 300 ta yuridik va 3 200 ta YaTT) yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Xususan, joriy yilning 1-choragida 1 136 ta kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektlariga 729,7 mlrd so‘m kreditlar ajratildi.
Shundan, 657 ta tadbirkorlik sub’yektlarga 344,9 mlrd so‘m aylanma mablag‘ni to‘ldirish uchun, 11 ta eksportyor korxonalarga 69,2 mlrd so‘m eksport oldi kreditlar ajratildi.
Joriy yilda 10 mingta yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etishni maqsad qilganmiz. Bunda oilaviy korxona tashkil etishga ustuvorlik qaratiladi.
Viloyatda hokim yordamchilari va tegishli tashkilotlar tomonidan mahalla ixtisoslashuvi hamda ushbu hududlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlari takliflariga asosan, viloyatdagi 13 ta mahalladagi jami 48,5 gektar yer maydonida 13 ta yangi kichik sanoat zonalarini tashkil etish orqali ushbu hududlarning eksport salohiyatini yanada oshirish rejalashtirildi.
Buxoroda xizmat ko‘rsatish sohasida zamonaviy xizmat ko‘rsatish markazlari hamda savdo, ko‘ngilochar, gastronomik, turizm va san’at yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 13 ta maxsus savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarning tashkil etilishi bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, viloyatning barcha hududlarida aholi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda 80 ta xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish orqali umumiy qiymati 1533,3 mlrd so‘mlik, shundan bank krediti 528,3 mlrd so‘m bo‘lgan 858 ta loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 4 367 ta yangi ish o‘rinlari yaratish belgilab olindi. Misol uchun: G‘ijduvon tumanidagi “Obod” mahallasida 80 ga yaqin xonadonlar mebel ishlab chiqarish, “Buktaroy” mahallasida 40 yaqin xonadonlar eshik-rom ishlab chiqarish hamda “Chagdari” mahallasida 70 ga yaqin xonadonlar ipdan arqon ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Tumandagi 3 ta mahalla o‘rtasida joylashgan 4,8 gektar yer maydonida “Kichik sanoat zonasi”ni tashkil etib, auksion orqali 2 qavatli ishlab chiqarish binolarini qurish bilan mahallalardagi 500 dan ortiq aholini doimiy ishli qilish rejalashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi kichik sanoat zonalarida loyihalarning ishga tushirilishi 300 dan ziyod yangi tadbirkorlik sub’yektlarining tashkil qilinishi hamda 4 400 dan ortiq doimiy ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Shuningdek, mahallalardagi 2 000 dan ortiq kam daromadli oilalar doimiy daromadga ega bo‘ladi.
Kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5,3 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratiladi. Shundan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 915 mlrd so‘m miqdorida kreditlar o‘zlashtiriladi.
– Ma’lumki, Buxoro viloyati o‘zining qadim va boy tarixi, osori-atiqalari hamda tarixiy obidalari bilan butun dunyoga mashhur. Bu resursdan qanchalik samarali foydalanilmoqda? Bugunda viloyatda turizmni rivojlantirish yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Haqiqatan ham qadim Buxoro ulkan turistik salohiyatga ega va biz bundan fodalanishimiz zarur. 2021 yilda pandemiya sharoitiga qaramasdan turizm sohasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 78 ta yangi katta-kichik mehmonxonalar (724 ta xona, 1 919 ta o‘rin) ishga tushishi hisobiga ularning umumiy soni 415 taga (4463 ta xona, 10323 ta o‘rin) yetdi. O‘tgan yil davomida Buxoroga kelgan sayyohlarning jami soni 2 mln 265 ming 389 nafarni tashkil etdi. Bundan mahalliy sayyohlar soni – 2 mln 216 ming 465, xorijiy sayyohlar soni – 48 ming 924 nafarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan ichki turizmda qariyb 9,3 baravarga, xorijiy sayohlar soniga nisbatan esa 3,6 baravarga ortgani kuzatildi.
Mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb qilish maqsadida Turizm yo‘nalishida 20 dan ortiq (“Nasriddin Afandi”, “Sharq taomlari”, “Ipak va ziravorlar”, “Qovun sayli” va boshq.) madaniy tadbir va festivallar o‘tkazildi.
2021 yilning mart oyida Hindistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya asosida barpo etilib, qiymati 14 mln dollarga teng mehmonxona bilan Buxorodagi ilk 5 yulduzli (Hyatt Regency brendi ostida) mehmonxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Xorijiy avikompaniyalar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buxoro xalqaro aeroportiga mahalliy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlardan tashqari Rossiya, Yevropa, Turkiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan jami 871 ta charter reyslari amalga oshirildi.
Tahlillarimiz bo‘yicha turizm xizmatlari hisobiga viloyat iqtisodiyotiga jami 478,9 mlrd so‘m (shundan xorijiy sayyohlardan 138,4 mlrd so‘m) tushum jalb qilindi. Bu raqam 2020 yilga nisbatan 9,7 baravarga oshib, turizm tarmog‘ida 500 nafarga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
2022 yida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha viloyatda quyidagi vazifalar belgilangan:
- Buxoroda turizmni jadal rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturni amalga oshirish orqali mahalliy sayyohlar oqimini 2,4 mln nafarga, xorijiy sayyohlar oqimini 450 ming nafarga yetkazish choralari ko‘riladi va Buxoro aeroporti orqali xalqaro aviaqatnovlar soni 2022 yilda 1 baravarga (871 ta reys) oshiriladi;
- Xizmat ko‘rsatish, jumladan turizm sohasiga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 1,1 mingta yangi ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.
- Turizm infratuzilmasini kengaytirish maqsadida 8 ta yangi turizm marshrutlari ishlab chiqilib, Buxoro viloyatining tuman (shahar)lar kesimida katta-kichik hajmdagi 40 ta mehmonxonalar, 55 ta oilaviy mehmon uylari va 17 ta hostellar tashkil etiladi.
- Abu Ali ibn Sino tug‘ilib o‘sgan “Afshona” qishlog‘ini turizm shaharchasiga aylantirish yuzasidan muzeyga tutash hududdan 2,7 gektar yer uchastkasini qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari hisobiga o‘tkazish va belgilangan tartibda investor va tashabbuskorlarni jalb qilgan holda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida qurilish ishlari boshlanadi.
- Buxoro shahar I.Karimov ko‘chasida “Gastro Bazar” va “Street Food” gastronomik ko‘chasini tashkil etish ishlari amalga oshiriladi. 2022 yilda 9 ta tuman (shahar)da jami 18 ta turizm axborot markazlari hamda ziyorat obektlarida 9 ta turistik yo‘l ko‘rsatkichlar o‘rnatiladi.
- G‘ijduvon tumanida “Qo‘rg‘on”, “Turizm mahallasi”, Vobkent tumanida “Shirin etnoturizm qishlog‘i” va Ahmad Donish ko‘chasida “Turizm ko‘chasi”ni tashkil etish ishlari yakunlanadi.
– Buxoro viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida qanday dolzarb masalalar kun tartibida turibdi? Uning salohiyatidan yetarlicha foydalanilyaptimi? Tarmoqni rivojlantirish borasida qanday ishlarni amalga oshirish mo‘ljallangan?
– 2021 yilda viloyat bo‘yicha 345 ming tonnadan ortiq paxta tayyorlanib, o‘tgan yilga nisbatan 50 ming tonna ko‘p hosil olindi, o‘rtacha hosildorlik 35,2 sentnerni tashkil etdi. Paxtadan jami 2,4 trln so‘m daromad olinib, bir gektar maydondan 24,2 mln so‘m daromad qilindi. Paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan daromad 4,8 trln so‘mni, sof foyda 2,3 trln so‘mni, rentabellik darajasi 96 foizni tashkil qilmoqda.
O‘tgan yilda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan aholimiz daromadlari jami 1,8 trln so‘mni tashkil qilmoqda. Jumladan,
- paxta yig‘im terimidan 576,7 mlrd so‘m;
- g‘alla hosilidan 228,3 mlrd so‘m (natura shaklida);
- ipak qurti boqish hisobiga 59,6 mlrd so‘m;
- takroriy ekinlardan esa 918,1 mlrd so‘m daromad olindi.
Ushbu ko‘rsatkichni joriy yilda 1,5 baravarga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Chorvachilik sohasi Buxoro viloyati uchun drayver hisoblanadi. Sohani rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Shundan kelib chiqib, viloyatda o‘tgan yili 549 mlrd so‘mlik chorvachilik loyihalari amalga oshirilgan bo‘lsa, bu yil 701 mlrd so‘mlik 113 ta loyihalarni amalga oshirishni oldimizga vazifa qilib oldik.
Bundan tashqari, viloyatdagi chorva mollarining 93 foizi aholi xonadonlarida bo‘lganligi sababli, aholiga chorva ozuqasini yetkazib berish hisobiga, veterinariya xizmatini ko‘rsatish, sut va go‘sht mahsulotlarini sotib olish va qayta ishlash, qisqa qilib aytganda, kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish oldimizda turgan asosiy vazifalardan biridir.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, aholi ehtiyoji uchun o‘tgan yilgi ishlab chiqarish bo‘yicha 501 mln dona tuxum (90 mln dona ortiqcha) hamda 1,1 ming tonna parranda go‘shti yetishmaydi. Shundan kelib chiqib, bu yil parrandachilik yo‘nalishida 191,3 mlrd so‘mlik 23 ta loyiha amalga oshirilib, shundan 14 ta (145,5 mlrd so‘m) tuxum yo‘nalishidagi loyihalar hisobidan 32 mln dona qo‘shimcha tuxum yetishtiriladi, 9 ta (49 mlrd so‘m) go‘sht yo‘nalishidagi parrandachilik korxonalari hisobiga qo‘shimcha 2,56 ming tonna parranda go‘shti yetishtiriladi.
Bundan tashqari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan 8,4 ming ta xonadonga 100 boshdan parranda tarqatiladi.
Hammamizga ma’lumki, Buxoro viloyatida suv ta’minoti juda murakkab bo‘lib, tahlillarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun sug‘orish mavsumida 2755,0 mln m3 talab etilib, bu yilgi suv taqchilligi 624,0 mln m3 yoki talabga nisbatan suv ta’minoti foizi kam bo‘lishi kutilmoqda.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish borasida 2021 yilda 17,840 ming gektar maydonlarda jumladan, 17,44 ming gektar tomchilatib, 400 gektar diskret sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Joriy yilda viloyatda 21,839 ming gektar, jumladan 19,227 ming gektar tomchilatib sug‘orish (13,250 ming gektar paxta, 3,1 ming gektar bog‘, 2,4 ming gektar tok, 477 gektar boshqalar) va 2,612 ming gektar yomg‘irlatib sug‘orish (2,612 ming gektar g‘alla) texnologiyalarini joriy qilish hamda 14,9 ming gektar lazerli tekislash tadbirlarini amalga oshirishimiz lozim.
Bundan tashqari, viloyatdagi ishsiz aholi bandligini ta’minlash maqsadida 4,3 mingta xonadonga 430 ming bosh parranda tarqatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 1,9 mingta xonadonga 235,2 ming bosh parranda tarqatildi.
– Joriy yildan boshlab mamlakatimizning barcha tumanlarida tuman hokimlarining mahalladagi yordamchilari ish boshladi. Ularning ishi qanday baholanmoqda? Qaysi hokim yordamchilarini boshqalarga o‘rnak sifatida keltirsa bo‘ladi? “Mahallabay” ish tizimining Buxoro viloyatidagi ilk natijalari qanday?
– Hozirgi kunda viloyatdagi 544 ta mahallalarda hokim yordamchilari faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan joriy yil boshidan 403,8 mingdan ortiq (100%) xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, 4 ta asosiy toifaga ajratib olindi.
Xususan:
- birinchi toifa – daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan xonadonlar 17,5 foiz (70,5 ming);
- ikkinchi toifa – doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi xonadonlar 26,9 foiz (108,5 ming);
- uchinchi toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xonadonlar 6,2 foiz (25,0 ming);
- to‘rtinchi toifa – iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar 49,5 foizni (199,9 ming) tashkil etdi.
Shu bilan birgalikda, hokim yordamchilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolarning bandligini ta’minlash va daromad manbalarini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar bajarildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida ishsiz bo‘lgan 12,6 ming nafar fuqarolar hokim yordamchilari tomonidan daromadli ish bilan ta’minlandi.
Kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qish istagi mavjud 6 572 nafar fuqarolar kasbga o‘qitildi.
Bugungi kunda hokim yordamchilari xulosalari asosida 9 303 nafar fuqaroga 220 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari, 3 467 nafar fuqarolarga 7 mlrd 30 mln so‘m subsidiyalar ajratildi.
“Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha 4 870 gektar yer maydonlarida hokim yordamchilari taklifi va yordami bilan kooperatsiyalarga biriktirilgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekildi. Shundan, 587 gektarga kartoshka, 2 747 gektarga sabzavot ekinlari, 1 392 gektarga poliz, 526 gektarga dukkakli, 728 gektarga moyli ekinlar ekildi.
Viloyatdagi barcha mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, u yerdagi aholining kamida 60-70 foizi shug‘ullanadigan va ko‘nikmalari bo‘yicha “o‘sish nuqtalari” belgilab olindi.
Buxorodagi 544 ta mahallaning 120 tasi chorvachilik, 124 tasi dehqonchilik, 72 tasi bog‘dorchilikka, 96 tasi savdo va xizmat ko‘rsatish, 19 tasi issiqxona hamda 15 tasi parrandachilik yo‘nalishlariga hamda 98 ta mahallalar boshqa sohalarga ixtisoslashtirildi.
Viloyatda ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj 44 235 ta oila (a’zosi 170 898 nafar, mehnatga layoqatli ishsiz 49 284 nafar) “Temir daftar”ga kiritilgan. Bular:
- 17 705 ta kam ta’minlangan, 5 403 ta nogironligi bo‘lgan oilalar, 2 232 ta boquvchisini yo‘qotgan oilalar, 442 ta yakka yolg‘izlar;
- 18 453 ta karantin sabab vaqtinchalik daromad manbaidan mahrum bo‘lgan oilalardir.
Shundan, 42 910 ta oilaning 49 149 nafar a’zosi bandligi ta’minlangan (mehnatga layoqatlilarning 99,7 foizi).
Barqaror daromad manbalariga ega bo‘lgan 42 790 ta yoki 96,7 foiz oila Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashining qarorlariga ko‘ra “Temir daftar”dan chiqarildi. Bugungi kunda “Temir daftar”da 1 445 ta oila (a’zosi 4 618 nafar) mavjud.
– 2022–2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida mamlakatimizda ilk marotaba hududlar darajasida taraqqiyot strategiyalari ishlab chiqildi va qabul qilindi. Yaqin 5 yilda Buxoro viloyatida qanday o‘zgarishlar amalga oshirilishi ko‘zda kutilmoqda?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF−60-sonli “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 27 apreldagi 215-sonli “2022–2026 yillarda Buxoro viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan Buxoro viloyatida 2022–2026 yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmini 1,4 baravar, sanoat mahsulotlari hajmini 1,5 baravar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,2 baravar, xizmatlar hajmini 3,1 baravar hamda qurilish ishlari hajmini 1,5 baravarga oshirish nazarda tutilgan.
Buxoro viloyati iqtisodiyotining 2022–2026 yillardagi asosiy ko‘rsatkichlar prognozi hamda hudud iqtisodiyotining joriy holatidan kelib chiqib, yuqori va barqaror o‘sishini ta’minlash orqali viloyatning inklyuziv rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi va bu ishga quyidagi asosiy 7 ta prizma orqali yondashildi.
- Hududda innovatsiyalarga asoslangan yashil iqtisodiyotni qurish.
Bu yo‘nalishda “Aqlli shahar” innovatsion texnologiyalarini joriy etish (“Elektron shifoxona”, “Yagona elektron tibbiy karta”, “Elektron retsept”, “Xalq nazorati” elektron portali, “Aqlli dala” va hokazo), “IT-Park” dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish jarayonlariga Buyumlar interneti (IoT) texnologiyalaridan foydalangan holda “aqlli dala” apparat dasturiy kompleks tizimlarini hududda joriy etish, shahar yo‘lovchi tashish transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini yo‘lga qo‘yish kabi ishlar belgilangan.
- Inson kapitalini rivojlantirish.
Hududda inson kapitali omilini rivojlantirish maqsadida maktabgacha ta’limning to‘liq qamrovini ta’minlash, umumiy ta’lim muassasalaridagi quvvatlardan foydalanish koeffitsiyentini kamaytirish, oliy ta’lim qamrovini oshirish, ta’lim sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish, ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash va uni ishlab chiqarishga integratsiyasi mexanizmi takomillashtiriladi.
Xususan, kelgusi 5 yilda Buxoroda 52 mingdan ortiq yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratiladi. Bunda, 24 ta yangi maktab, 236 maktablarda qo‘shimcha binolarni qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning ta’lim va tarbiyasi uchun zarur sharoitlar bilan ta’minlanadi. Jumladan, 14 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini yangidan qurish, 10 ta yangi davlat va xususiy, 100 ta oilaviy bog‘chalar tashkil etiladi, 62 ta davlat bog‘chasi rekonstruksiya qilinadi va yana 20 ming nafar bolalarga bog‘chaga borish imkoniyati yaratiladi. Natijada, kelgusi besh yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 80 foizdan 94 foizga yetkaziladi.
Sifatli va malakali tibbiy xizmatlarni mahallagacha yetkazish maqsadida har bir mahallaga biriktirilgan 873 ta “tibbiyot brigadalari” va oilaviy poliklinikalar surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha zarur vositalar bilan ta’minlanadi. Shuningdek, jahon standartlari asosida “Tibbiyot klaster” tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Mammoskrining natijasida 2022 yilda ko‘krak sut bezi saratoni bilan I-II bosqichda tashxislash ulushi 48 foizdan 73 foizga oshadi. Bemorlarning sog‘lomlashtirilishi 60-70 foizga yaxshilanib, o‘lim ko‘rsatkichi 30-40 foizgacha pasayishiga erishiladi.
Shahar va tumanlar markaziy shifoxonalaridagi o‘rinlarning 10 foizi nevrologiya, endokrinologiya, kardiologiya kasalliklari uchun ajratilib, byudjetdan moliyalashtiriladi. Shuningdek viloyatdagi 13 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Bolalar bo‘limlari” tashkil etiladi.
- Urbanizatsiya va infratuzilmani rivojlantirish.
Aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida viloyatning urbanizatsiya darajasini 2026 yilga qadar 47 foizga yetkazish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, Buxoro viloyatida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida 1 ta yirik shahar (Buxoro shahri), 3 ta o‘rta shaharlar (Kogon, G‘ijduvon, Qorako‘l) va 2 ta kichik shaharchalarni (Yangibozor va Gazli) 2019–2030 yillarda bosqichma-bosqich rivojlantirish rejalashtirilgan.
Aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida ko‘ngilochar markazlar, ijtimoiy soha ob’yektlarini tashkil etish, optik tolali internet tarmoqlari o‘tkazish ishlari olib boriladi.
- Biznes muhitni yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish.
Hududda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va rag‘batlantirish maqsadida biznes muhitni, infratuzilmani yaxshilab borish, hududning “Biznes yuritish” hisobotidagi reyting o‘rnini yaxshilash orqali biznesga qulay muhit yaratish uchun chora tadbirlar ko‘riladi. Shu bilan birga, 2022–2026 yillar davomida hududlarda 40 ming 451 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
- Hudud resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish.
Buning uchun viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Qorovulbozor va Peshku tumanlarida qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish orqali umumiy qiymati 10 trln so‘m bo‘lgan 282 ta loyiha amalga oshiriladi.
Chorvachilikka ixtisoslashtirilgan Qorovulbozor, Buxoro, Romitan va Kogon tumanlaridagi chorvachilik mahsulotlarini sanoat usulida to‘liq qayta ishlash orqali tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, sun’iy urug‘lantirish markazi ochiladi.
Har yili 65 ming gektar sho‘rlangan yerlarni chuqur yumshatish va lazerli tekislash ishlarini amalga oshirib, suv sarfini 20-25 foizga kamaytirilib suv ta’minotini yaxshilanadi.
Romitan tumanining “Qo‘rg‘on” mahallasida anorchilik, Vobkent tumanidagi “Anjirbog‘”da anjirchilik, Buxoro tumanidagi “Yangi turmush”da uzumchilik, Peshku tumanidagi “Afshona”da limonchilik rivojlantiriladi va aholi tomorqadan foydalanishda yetarli tajriba to‘plagan mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xonadonlarda aniq turdagi mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, yengil konstruksiyali kichik issiqxonalar qurish hamda qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari yaratiladi.
Viloyat tumanlarida meva-sabzavot klasterlarini ko‘paytirish faoliyati rivojlantiriladi. Bunda Vobkent, Peshku va Romitan tumanlarida jami 3 ta meva-sabzavotchilik klasterlarini tashkil etish va ularga 1 114 gektar yer maydonlarini biriktirish, 65 gektar yerda zamonaviy bog‘ va tokzorlar tashkil etiladi. Klaster korxonalari tomonidan quvvati 250 tonna sig‘imli muzlatgich omborxona, 4 ming tonna qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish, 412 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
O‘zlashtiriladigan maydonlar hisobidan 60 ming gektar ozuqa yetishtirish uchun ajratilib, ozuqa ishlab chiqarish hajmi 5 baravarga oshirilib, qo‘ychilikni rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarish ko‘paytiriladi.
Shofirkon, Qorako‘l, Peshku tumanlarida aholi bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yib, junni qayta ishlashni 2 baravar, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish 3 baravarga ko‘paytiriladi.
Qorako‘l tumanida sanoat klasteri tashkil etilib, unda qurilish materiallari, kimyo, yengil sanoat, elektrotexnika, avtomobilsozlik va boshqa mahalliy sanoat tarmoqlari uchun 100 dan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyat uchun salohiyati yuqori bo‘lgan yana bir tarmoq – qurilish materiallari sanoati ham yangi bosqichga olib chiqiladi. Buning uchun viloyatdagi 78 ta kon uchastkasi auksionga chiqariladi, 37 ta istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari amalga oshiriladi. Peshkuda ham barcha infratuzilmaga ega, marmar-granitni chuqur qayta ishlash hisobiga, yiliga 200 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqaradigan klaster tashkil etiladi.
- Hudud moliyaviy barqarorligini ta’minlash.
Bu yo‘nalishdagi asosiy say-harakatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish, aholi va korxonalarning o‘z mablag‘larini yo‘naltirishni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy byudjetning barqaror daromad bazasini yaratish, mahalliy xarajatlar samaradorligini oshirish, yashirin iqtisodiyot ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish, respublika byudjetidan olinayotgan transferlardan bosqichma-bosqich voz kechish, davlat-xususiy sherikligini yanada rivojlantirish kabilarga qaratiladi.
- Samarali loyiha boshqaruvini joriy etish.
Strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish uchun mas’uliyatni aniq belgilash va samarali boshqaruv va muntazam monitoringini yuritish tizimini yaratish, xodimlar ishi natijadorligini oshirishni rag‘batlantirib borish, eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholab borish maqsadi qo‘yilgan.
– Kelgusi 5 yil ichida viloyatda amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari haqida aytib o‘tsangiz.
– Viloyatda 2022–2026 yillarda aholining turmush darajasini yaxshilash, ishsizlik sonini kamaytirish maqsadida keyingi 5 yillikda qiymati 95,4 trln so‘m bo‘lgan, 5 000 ta yirik va o‘rta loyihalar amalga oshirilishi hamda buning pirovardida 65 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlanadi.
Jumladan, Qorako‘l tumanida qiymati 2,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan yiliga 1,3 mlrd kub metr gazni qayta ishlaydigan gaz-kimyo kompleksini barpo etish loyihasini yo‘lga qo‘yish hisobiga 1 300 ta ish o‘rni yaratilishi ta’minlanadi, natijada eng zamonaviy texnologiyalar asosida, yiliga 770 ming tonna polimerlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunda viloyatda elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari mavjud emas. Shuning uchun, 1,6 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan 3 ta shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etiladi.
2023 yilda G‘ijduvon va Peshku tumanlarida “ACWA Power” MChJ xorijiy korxonasi negizida 1,3 mlrd dollarga teng bo‘lgan quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini yo‘lga qo‘yish hisobiga 200 ta ish o‘rni yaratilishi ta’minlanadi hamda 2000 ta ishlab chiqarish korxonalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Olot tumanida 2025 yilda Xalqaro moliya korporatsiyasi texnik ko‘magida quvvati 250 mega-vatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu stansiyalar yiliga 6,3 mlrd kilo-vatt soat yoki viloyat ehtiyojiga nisbatan ikki barobar ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Keyingi 5 yillikda amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlari sonini 2021 yilga nisbatan 5 barobarga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun asosiy e’tibor hududiy sanoat sohasida ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga, yirik ishlab chiqarishlarni ishga tushirishga, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni ko‘paytirishga qaratiladi.
Shuningdek, viloyatdagi erkin iqtisodiy zonalar hamda kichik sanoat zonalarida mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan amalga oshiriladigan ishlab chiqarishlar asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Buxoro viloyatida 2022–2026 yillar davomida qiymati 1 977,1 mln. dollarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi ta’minlanadi. 2026 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilish hajmi 2021 yilga nisbatan 2,5 baravarga oshirilib, 620,8 mln dollarga yetkaziladi. Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi natijasida, eksport ko‘rsatkichlari uchun qo‘shimcha 310 mln dollarlik zaxira bazasi yaratiladi. 21,2 trln so‘mlik yangi quvvatlar yaratilib, 503 mlrd so‘mlik byudjetga tushumlar tushishi ta’minlanadi.
Shuningdek, Buxoro viloyatida 2022–2026 yillar davomida qiymati 1 789,9 mln dollarga teng tovarlar va mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi. 2026 yilda tovarlar va mahsulotlar eksporti hajmi 2021 yilga nisbatan 3,5 baravarga oshirilib, 570,2 mln dollarga yetkaziladi.
Jumladan, 2026 yilga kelib 80 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar yetarli hajmlarda tashqi bozorlarga olib chiqiladi, 20 dan ortiq yangi bozorlarga mahsulot eksporti hajmlari oshiriladi.
– Sir emaski, viloyat rahbarining ish grafigi juda tig‘iz bo‘ladi. Hordiq chiqarish paytlarida nima ish bilan shug‘ullanasiz? Nima sizga ilhom beradi?
– Dam olish paytlarida ko‘proq oila a’zolarim davrasida bo‘lish, kitob o‘qishga harakat qilaman. Shuningdek, muntazam ishlash uchun sport bilan ham shug‘ullanaman.
Izoh qoldirish