– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?
– O‘zim Samarqand davlat qishloq xo‘jalik institutini buxgalteriya hisobi va audit mutaxassisligi bo‘yicha bitirganman. Ish faoliyatimni tumanimizdagi “Xo‘jaqul Pardayev” fermer xo‘jaligi bosh hisobchisi sifatida boshlaganman, so‘ngra oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi rahbari sifatida ham ishladim. Shuningdek, Chiroqchi tumani hokimligi iqtisodiyot bo‘limi bosh mutaxassisi, tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boshqarmasi Chiroqchi tuman bo‘limi boshlig‘i, “Gulzor Ilm maskani” NTM rahbari sifatida ham ish tajribam bor. Bundan avval “Sohil” MFYda hokim yordamchisi bo‘lib ishlaganman, 2024 yildan boshlab “Qahramon” MFYga tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi etib tayinlandim. Bu vazifalarda to‘plagan ish tajribam menga hokim yordamchisi lavozimida ham qo‘l kelmoqda.
– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?
– “Sohil” MFYda 10 km ichki yo‘llar, 4 ta umumta’lim maktabi, 8 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 60-sonli oilaviy poliklinika faoliyat yuritadi. Mahallada yirik sanoat korxonalari mavjud emas. Hududda jami 7012 nafar aholi istiqomat qiladi, shundan 3602 nafari xotin-qizlardir. Mahalladagi xonadonlar soni 1312 ta, oilalar soni esa 1880 ta. Kam ta’minlangan oilalar soni 744 ta.
– Mahalladagi ishlarni nimadan boshladingiz?
– Birinchi navbatda, mahalla aholisi bilan doimiy muloqotda bo‘lish maqsadida Telegram ilovasida “Sohil” MFYning guruhini ochdik, hozirda guruh a’zolari soni mingdan ziyod. Guruhda chet mamlakatlarda ishlab, o‘qib yurgan hamda respublikaning boshqa shaharlarida faoliyat yuritayotgan mahalladoshlarimiz ham bor. Ushbu kanalda tajribali tadbirkorlarning faoliyati, biznes g‘oyalari va hududda bajarilayotgan amaliy ishlar to‘g‘risida yoritib borilmoqda. Quvonarlisi, Telegram kanali orqali olib borilayotgan targ‘ibotlar tufayli mahalla aholisining huquqiy savodxonligi va jamiyatdagi o‘zgarishlarga daxldorligi ham oshmoqda.
Mahallani har tomonlama o‘rganish natijasida 3240 nafar aholi va 680 ta xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 4 ta toifaga ajratib olindi.
- birinchi toifa – daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan xonadonlar 28,0 foizni (175 ta);
- ikkinchi toifa – doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi xonadonlar 31,0 foizni (194 ta);
- uchinchi toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xonadonlar 5,4 foizni (31 ta);
- to‘rtinchi toifa – iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar 35,5 foizni (222 ta) tashkil etdi.
Shundan so‘ng, o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, 1 va 2-toifaga kiruvchi 369 ta xonadon bilan ishlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
O‘rganishlar natijalaridan kelib chiqqan holda mahallaning o‘sish nuqtalari va drayver yo‘nalishlarini ham aniqlab oldik.
– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Mahalla geografik jihatdan Qashqadaryo daryosi atrofida joylashganligi sababli baliqchilik bilan shug‘ullanishga juda qulay. Shundan kelib chiqqan holda asosiy drayver yo‘nalish sifatida baliqchilik tanlab olindi. Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish sohasi (savdo-sotiq, umumiy ovqatlanish, non yopish, tandir yasash, blok va g‘isht ishlab chiqarish) sohalari, dehqonchilik (kartoshka, sabzi va piyoz yetishtirish), parrandachilik hamda chorvachilik yo‘nalishlarini ham rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud.
– Mahallangizda baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha yaxshi tajriba to‘plangan ekan. O‘tgan vaqt davomida nechta xo‘jalikda baliqchilik yo‘lga qo‘yildi? Bitta xo‘jalikdan o‘rtacha qancha mahsulot olinyapti? O‘tgan yili jami qancha mahsulot eksport qilindi?
– Chiroqchi tumanida bugungi kunda baliqchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan 400 nafardan ortiq tadbirkor mavjud bo‘lib, jumladan, tumanning “Qahramon”, “Sohil” va “Chiljuvut” mahallalari baliqchilikka ixtisoslashgan. Ushbu mahallalar baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun juda qulay hududlar hisoblanadi. Shuningdek, mazkur mahallalarda yer qa’ridan tabiiy bosim ostida 24 gradusli iliq suv manbasi mavjud bo‘lib, hech qanday elektr energiyasiz, suv nasoslarisiz yer ustiga iste’molga yaroqli toza suv qalqib chiqadi.
Bugungi kunda 304 nafar fuqaro 40 gektardan ortiq yer maydonida – shundan 30 gektari tabiiy hovuzlar, 10 gektardan ortiqrog‘i intensiv (issiqxona) usulida baliq yetishtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Asosan, Afrika laqqa balig‘ini yetishtirish keng ommalashgan bo‘lib, yiliga 9,0 ming tonna baliq yetishtiriladi.
Yetishtirilgan baliq mahsulotlarining bugungi kundagi ulgurji bahosi, jumladan, Afrika laqqasi 20 ming, sazan 55 ming, do‘ngpeshona 40 ming, belamur 40 ming va oq amur 50 ming so‘mdan ichki va tashqi bozorlarga sotilib kelmoqda.
Yuqorida ko‘rsatilgan mahallalarda baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun yer maydonlari mavjud bo‘lib, yildan yilga baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar soni ko‘payib bormoqda. Bugungi kunga qadar 140 ta xonadonga baliqxona, 46 ta xonadonga issiqxona qurib berildi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar tomonidan hududiy iqlim sharoitiga mos baliq turlarini boqish va ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Kelgusida yetishtirilayotgan baliq mahsulotlaridan turli xildagi konservalar ishlab chiqarish, mahsulotlarni qo‘shni davlatlarga eksport qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
– Mahallangizda ishsizlik muammosi qanday hal etilmoqda? Bunga misollar keltira olasizmi?
– 2022-2024 yillar mobaynida 207 nafar ishsiz fuqaro tekstil korxonalariga, 15 nafari umumiy ovqatlanish korxonalariga, yana 60 nafar ishsiz fuqaro boshqa yo‘nalishlardagi korxonalarga ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, 70 nafar ishsiz fuqaroga 30-50 sotixdan yer maydonlari ajratildi. Ko‘rsatilgan davrda 43 ta xonadonga 124 kVtlik quyosh panellari o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
Aholini ish bilan band qilish maqsadida 64 ta oilaga tikuv mashinasi berilib, 198 nafar fuqaro ish bilan band qilindi.
Shuningdek, jami 110 ta kredit ajratilgan bo‘lib, uzumchilik yo‘nalishida 8 nafar fuqaroga, qishloq xo‘jaligi texnikasi sotib olish uchun 6 nafar fuqaroga, asalarichilik yo‘nalishida 6 ta, 3 ta fuqaroga kichik tikuvchilik sexi ochish uchun 18 dona tikuv mashinasi, 2 ta mashinalar yuvish asbob-uskunasi, 6 ta 100 tonna sig‘imli muzlatkich sotib olish uchun imtiyozli kredit ajratilgan. 192 ta xonadonga ichimlik suvi yetkazish, 14 km uzunlikdagi ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, 6,5 km zovurlarni tozalash, 1 ta transformator va 20 ta beton tayanch ustuni o‘rnatish ishlari mahalla fuqarolari va homiylar yordamida amalga oshirildi. Bundan tashqari 3 ta o‘rdakchilik, 2 ta umumiy ovqatlanish, 12 dona 1600 tonna sig‘imli muzlatkich, 54 ta YaTT, oilaviy va xususiy korxonalar tashkil etilgan.
– 2025 yilning o‘tgan davrida mahallada amalga oshirilgan ishlar haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz. Ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishildi?
– Hokim yordamchisining tashabbusi va ko‘magi orqali jami 37 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti, shundan 22 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yekti, 14 ta oilaviy korxona, mas’uliyati cheklangan jamiyat hamda xususiy korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2 mlrd 215 mln so‘mlik 145 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, 1 mlrd 575 mln so‘mlik 52 ta loyihaga tavsiyanoma berildi va amalga oshirishga yo‘naltirildi. Joriy yilda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 6 nafar fuqaroga 6 mln so‘m ajratildi.
Dehqon xo‘jaliklari uchun bo‘sh yer maydonlarini E-AUKSION savdo platformasiga chiqarilib, ijaraga berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga kelib, 8 ta lotdagi 8 gektar yer maydoni auksion savdosiga chiqarildi va tanlov g‘oliblariga 8 gektar yer maydonlari ajratilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Kasb-hunarga o‘qish istagi bo‘lgan 19 nafar fuqaroning ro‘yxati shakllantirilib, 49 nafar fuqaro yangi, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qishga jalb etildi.
Hokim yordamchisining ko‘magi bilan mahalladagi 321 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi. Jumladan:
– 93 nafari yuridik shaxslardagi bo‘sh ish o‘rinlariga;
– 28 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka;
– 8 nafari hunarmandchilik uyushmasiga;
– 263 nafari o‘z-o‘zini band qilishga;
– 8 nafari ijara asosida yer ajratish hisobiga;
– 18 nafarini boshqa yo‘nalishlar hisobiga bandligini ta’minlashga erishildi.
Kam daromadli ishsiz fuqarolarning 6 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 43 nafar fuqaro xorijda ishlash uchun shartnoma asosida ishga yuborildi.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?
– Kambag‘allik holatlarining sababi har bir xonadonda turlicha bo‘lishi mumkin. Ish tajribamdan kelib chiqqan holda mahalladagi kambag‘allikning asosiy sabablari ayrim fuqarolarning malakasizligi, biron bir kasb-hunarga ega emasligi, deb o‘ylayman. Shuningdek, doimiy ishning yo‘qligi, zarur ijtimoiy yordamning yetishmasligi ham kambag‘allikni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holatlarga barham berish uchun kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishda xalqaro tajribalardan foydalanish va yangi ish o‘rinlari yaratish ustida ish olib bormoqdamiz.
– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkorlar ish bilan ta’minlandi?
– Mening tashabbusim bilan erkaklar uchun qiymati 220 mln so‘mlik, bir yilda 100 ming dona mavsumiy kiyim-kechak ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan “Ziyoda tekstil” ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinib, 22 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Yakka tartibdagi tadbirkor “O‘ngboyeva Nilufar Jovliyevna” tomonidan yiliga 30 ming dona parranda (broyler tovuq) yetishtirishga mo‘ljallangan, qiymati 200 mln so‘mlik parrandachilik loyihasi yo‘lga qo‘yilib, 4 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Hududdagi 83 ta xonadonda baliq yetishtirish (sazan, belamur, Afrika laqqasi) yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu orqali “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangan. Buning hisobiga mahalliy va tuman hududidan tashqari bozorlarga 800 tonna ko‘proq baliq mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Shu bilan birga, mahallada 3 ta yuridik korxona tomonidan umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil qilinib, 9 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Tashabbusli byudjetning joriy yilgi 3-bosqichida mahallaning Qahramon qishlog‘idan 2.5 km va Bo‘yrachi qishlog‘idan 2.5 km uzunlikdagi yo‘llarni asfaltlashtirish loyihalari tuman bosqichida g‘olib deb topilib, bugungi kunda loyiha ishlari to‘liq bajarildi.
Bundan tashqari, homiylar asosida mahalla hududida 2 ta artezian quduq qazish ishlari amalga oshirilib, 200 yaqin xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Faoliyatim davomida mahalladagi 12 ta xonadonda limonchilik yo‘nalishida ixcham issiqxonalar, 11 ta xonadonda asalarichilik yo‘nalishida, 6 ta xonadonda har biri 100 tonna sig‘imga ega bo‘lgan muzlatkichlar, 4 ta xonadonda biogumus yetishtirish, limonchilik yo‘nalishida ixcham issiqxonalar tashkil etildi.
Hozirda xonadonlarda uzumchilikni rivojlantirish borasida tuman fermerlar kengashi, tomorqa xizmati bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishni boshladik. Mahallada “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida aholi xonadonlarida 2500 dan ortiq mevali daraxt (olma, o‘rik, bodom va uzum) ekildi.
Ish faoliyatimda ayollarning bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor berib kelyapman. Xususan, joriy yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 7 nafar ayolga tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashi uchun imtiyozli shartlarda kredit mablag‘lari ajratib berildi va bugun ushbu ayollar o‘zlarining bandliklarini ta’minladilar. Bundan tashqari, mahallamizdagi 2 ta xonadonda kasanachilik asosida tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Mamlakatimizda hokim yordamchilari o‘z vazifalarini to‘kis bajarishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan deb ayta olaman. Bugungi kunda ular xalq va mas’ul davlat organlari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Shunday bo‘lsa-da, ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirish uchun hokim yordamchilarining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bundan tashqari, mahallaga mas’ul bo‘lgan mahalla yettiligi faoliyatini yagona platformaga birlashtirish ham bizga ish jarayonida katta yordam bergan bo‘lar edi.
– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi?
– Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida aholi o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatlarini boshlash, daromadlarini oshirishga bo‘lgan intilish sezilarli darajada ortdi. Ayniqsa, bunda kichik loyihalarni amalga oshirish uchun soddalashtirilgan tartibda imtiyozli kreditlar berilayotganligi juda katta imkoniyatlarni yaratmoqda. Buni kredit olish istagida murojaat qilib kelayotgan fuqarolarimizning kun sayin ortib borayotganligidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Joriy qilingan tizimning yana bir e’tiborli jihati mahalla darajasida amalga oshirilayotgan ishlarda mahalla faollari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchilari “bir musht bo‘lib birlashdi”. Qolaversa, mavjud muammolarni hal etish har bir oila, har bir fuqaroning faol ishtirok etishi sezilarli darajada oshmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Yurtboshimizning tashabbuslari bilan tashkil etilgan yangi institut – mahallabay ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan imtiyozlardan aholimiz juda mamnun. Eng asosiysi, “mahallabay” ishlash tizimi orqali mamlakatda yashayotgan har bir fuqaro davlat e’tiborida ekanligini his qilmoqda.
Jamoliddin Turdimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №7/2025
Izoh qoldirish