Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va “TUMO” kreativ texnologiyalar markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinovquyidagilarni ta’kidladi:
“Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oldida joriy yil davomida 70 ming yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitishdan iborat katta vazifa turibdi. “TUMO” markazining ushbu loyihasi har yili 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1200 ta ijodiy texnologiyalar sohasidagi yosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha asosiy vazifani hal qiladi. Darslar bepul bo‘lib, ushbu kurslarda o‘qish davri uchun stipendiya beriladi.
Bundan tashqari, biz hozirda “TUMO” markazida 18 yoshdan yukori bo‘lgan o‘quvchilarni jalb qilish orqali talabalar auditoriyasini kengaytirish bo‘yicha milliy hamkorlarimiz bilan muzokaralar olib bormoqdamiz”.
O‘z navbatida, Yerevandagi “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining franchayzing bo‘yicha direktori S.Xeskok quyidagilarni ta’kidladi:
“Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham iste’dodli mutaxassislarga talab yuqori, shu bilan birga, talab va taklif o‘rtasidagi farq juda katta. So‘nggi ikki kun ichida bo‘lib o‘tgan muzokaralarimizda biz ushbu masalani hal qilish uchun O‘zbekiston hukumati amalga oshirayotgan keng ko‘lamli tadbirlardan juda hayratlandik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘z oldiga juda ulkan maqsadlarni qo‘ymoqda, biz ularni olqishlaymiz va ularning bir qismi bo‘lishdan faxrlanamiz.
Bugun biz bu yerda qilayotgan ishlarimiz uzoq yillar davom etadigan va natijada raqamli texnologiyalarni yaxshi o‘rganadigan, ijodiy sohaga va oxir-oqibat, tovarlarni, xizmatlarni yoki odamlarni boshqa mamlakatlarga olib o‘tishga emas, balki Internetga asoslangan global iqtisodiyotga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan minglab o‘zbekistonlik yoshlarga ta’sir ko‘rsatadigan munosabatlarning boshlanishidir. Biz buni butun dunyo iqtisodiyoti uchun ham olg‘a siljigan qadam deb bilamiz va shu maqsadda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz”.
Mazkur tashabbus davlat rahbarining joriy yil yanvar oyida Yunusobod tumaniga tashrifi davomida bergan topshirig‘i ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilmoqda. Ushbu tashrif chog‘ida yetakchi xalqaro komaniyalar talabi va standartlariga muvofiq, axborot texnologiyalari sohasida yoshlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Yunusobod mashinasozlar kasbiy kolleji bazasida axborot texnologiyalari bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga har yili 1200 nafardan ortiq yoshlarni o‘qitadigan va keyinchalik ulrani ishga joylashtirishga ixtisoslashgan “TUMO” kreativ texnologiyalar markazini ochish topshirilgan edi.
Tadbir yakunida S. Xeskok samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi va:
“Men Yerevan, Beyrut, Parij, Berlin, Tirani va Moskvadan tashqari navbatdagi “TUMO” Markazi Toshkentda ham bo‘lishidan juda xursandman. Bu Markaziy Osiyodagi birinchi “TUMO” markazi bo‘ladi”, – dedi.
Ma’lumot uchun: “TUMO” markazi kreativ texnologiyalar sohasida yoshlarni amaliy faoliyatga tayyorlaydigan innovatsion ta’lim platformasi hisoblanadi. Ixtisoslashgan kurslar, ma’ruza va tadbirlar talabalarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini kundalik hayotda qo‘llash imkoniyatini beradi.
Markazning asosiy maqsadi yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va IT sohasidagi ijodiy salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish sanaladi.
Markazga 2011 yil Yerevanda, Armanistonda asos solingan. Armanistondan tashqari “TUMO” markazlari Parij, Beyrut, Moskva, Tirana va Berlinda ham faoliyat yuritadi. Yoshlarni o‘qitish bugungi global mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan grafik dizayn, 3D modellashtirish, dasturlash, robototexnika, veb-dasturlash, kino ishlab chiqarish singari 14 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi.
2016 yilda “TUMO” kreativ texnologiyalar markazi Silikon vodiysidagi “AltSchool”, Tokiodagi “Kindergarten” va Niderlandiyadagi “Steve Jobs School” maktablarini ortda qoldirib, “We demain” fransuz jurnali tomonidan tuzilgan dunyoning innovatsion maktablari reytingida yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
Markaz 2018 yil Xaydarobod, Hindistonda bo‘lib o‘tgan Axborot texnologiyalari butunjahon kongressi (WCIT)da topshirilgan “Implementation of the Digital Century” (Raqamli yuz yillikni joriy etish) mukofoti sovrindoridir.
Shuningdek, Markaz ta’lim, o‘qitish va ommalashtirish sohasida 2019 yil Europa Nostra Award mukofotiga ega bo‘lgan. Ushbu mukofot tabiat muhofazasi, ilmiy tadqiqotlar va fidokorona xizmatlar sohasiga munosib hissa qo‘shgan tashkilotlar va alohida shaxslarga beriladi.
Markazning Konsultativ kengashiga Maykl Aram (“Michael Aram” asoschisi), Rev Lebarediyan (“NVIDIA” vitse-prezidenti), Raffi Krikoryan (“Emerson Collective”, “Uber”, “Twitter”), Rodjer Kupelyan (“VFX Artist”, “Fugitive Studios”), Pegor Papazyan (“Bazillion Beings” bosh direktori), Ketrin Sarafyan (“Pixar” prodyuseri), Aleks Seropyan (“Industrial toys” bosh direktori), Serj Tankyan (“System of a Down” solisti) singari nufuzli odamlar kiradi.
Izoh qoldirish