1 noyabrdan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim o‘zgarishlarni keltirib o‘tamiz.
Xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik maoshlari 35% ga oshiriladi
Prezident farmoni bilan:
a) hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlarini 35% ga oshiriladi;
b) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
v) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasi tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkaziladi;
Xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganda kompensatsiya beriladi
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 noyabrdan O‘zbekiston nomidan chet el valyutasida tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan kreditlar (qarzlar) loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga yoki ular jalb qilingan muddatga qayta kreditlanadi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri"da ro‘yxatga olingan shaxslarga, I va II guruh nogironlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50% chegirma beriladi
Prezident farmoni ga muvofiq, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50% miqdorida chegirma qo‘llanadi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno).
Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari, “Litsenziya” axborot tizimi hamda YaIDXP orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning 50%i ularga 1 ish kunida qaytariladi.
Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ayrim tibbiy xizmatlar byudjet hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi
Prezident qaroriga asosan respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.
Onkologik va gematologik bemorlarning hududlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga kelish xarajatlari qoplab beriladi
Hukumat qaroriga asosan onkologik va gematologik bemorlarning hududlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlari tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi
Prezident qaroriga asosan «Mehr daftari» tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.
Davlat tibbiyot muassasalarining rahbarlari sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqaruv kurslarida o‘qitiladi
Prezident qaroriga binoan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa davlat tibbiyot muassasalari rahbarlarini sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv (Healthcare Administration) yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish yo‘lga qo‘yiladi.
Oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Hukumat qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi — oilaviy zo‘ravonlik holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlarini hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika markazini, shuningdek, bunday markazlar borligi haqida jabrlanganlarni xabardor qiladigan tartib joriy etiladi.
Izoh qoldirish