Shavkat Mirziyoyev raisligida kun tartibida davlat va jamiyatimiz hayotining barcha sohalari qamrab olingan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi boshlanadi. Bu haqda Preziden matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lumot berib bormoqda.
Unda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini tashkil etish masalalari muhokama qilinadi.
Yig‘ilish avvalida davlat rahbari O‘zbekistonning uzoq muddatga mo‘ljallangan istiqboli bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ta muhim masalani muhokama qilinishini aytib o‘tdi.
Jumladan Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi haqida quyidagilarni ta’kidladi:
"Hammangiz xabardorsiz, o‘tgan yili saylovoldi dasturi doirasida hududlarga tashriflarda “Inson qadri uchun” tamoyilini barcha islohotlarimizning bosh mezoni sifatida belgiladik.
“Davlat – inson uchun” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, odamlarimizning fikr va takliflari asosida ishlab chiqdik.
Ushbu strategiyada:
- yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning taraqqiyot tendensiyalari qanday bo‘ladi?
- kelgusidagi faoliyatimizni belgilaydigan aynan qaysi maqsad va vazifalar biz uchun eng dolzarb va ustuvor hisoblanadi?
- davlat va jamiyat hayotining barcha jabha va yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish uchun asosiy e’tiborni nimalarga qaratishimiz kerak?
- keyingi yillarda qabul qilingan qonun va qarorlarimiz, dastur va rejalarimizni yangi davrda qanday davom ettirishimiz, ularga qanday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishimiz kerak, degan savollarga chuqur va atroflicha javob berilgan", dedi davlat rahbari.
Davlatimiz rahbari xalqimiz bugungi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga katta ishonch bilan qarab, tezroq ularning samarasini ko‘rishni istayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda 2022 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasining muhokamasi jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod taklif kelib tushgani, ularning barchasi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq yangi tashabbus bilan to‘ldirilgani ma’lum qilindi.
"Odamlarimizning dastur muhokamasidagi faolligi, ularning islohotlarga bo‘lgan ishonchi va daxldorligi ortib borayotgani xalqimiz yurtimizdagi o‘zgarishlar jarayonini, tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlayotganidan yana bir bor dalolat beradi", dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari muhokamalarda faol ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun 100 ta maqsad” belgilab olindi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
"Barcha sa’y-harakatlarimiz, ajratilayotgan mablag‘lar mahalla va xonadonlargacha aniq yetib borishi va har bir oila farovonligini oshirishga xizmat qilishi shart.
Buning uchun respublika, viloyat, tuman va shahar hamda mahalla darajasidagi barcha rahbarlar bor kuch va resurslarini to‘liq safarbar qilishlari zarur.
Bundan buyon faoliyatimizni mutlaqo yangicha, ya’ni, “inson–jamiyat–davlat” tamoyili asosida tashkil etamiz" – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari strategiyaning inson qadrini yuksaltirish va xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishidagi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, bular:
- mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish;
- xalq bilan muloqot mexanizmlarini takomillashtirish;
- “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa hududiy dasturlarni jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish;
- davlat organlarini “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tkazish;
- elektron davlat xizmatlarining ulushini amaldagi 54 foizdan 90 foizga yetkazish.
- jamoatchilik fikrini muntazam va ilmiy asoslangan holda tizimli o‘rganish. Buning uchun, “Ijtimoiy fikr” markazi faoliyati takomillashtirilib, alohida Sotsiologiya instituti tashkil etiladi.
Izoh qoldirish