Mansabni suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, firibgarlik, tovlamachilik, qarindosh-urug‘chilik va shunga o‘xshash korrupsiya holatlarining namoyon bo‘lishi milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga to‘siq bo‘lib, jamoatchilik ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hokimiyatning barcha pog‘onalarida va mahalliy qatlamlarda korrupsiyaga qarshi kurashish qonunlarni hurmat qiluvchi har bir fuqaroning asosiy hayot tamoyilidir.
Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlashga qaratilgan so‘rovnoma o‘tkazgani haqida xabar qildi.
“Anonim so‘rovnoma bir kecha-kunduz davomida ikki tilda DSQ rasmiy manbalarida faol holatda bo‘ldi. Ushbu tashabbusni rasmiy elektron OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi turli guruhlar va blogerlar ham qo‘llab-quvvatladi.
“Siz davlat soliq organlarida qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha korrupsiya holatlariga duch kelgansiz?” savoliga 47 192 marotaba javob berildi. Shundan 43 839 ta javob o‘zbek tilidagi, 3 353 tasi rus tilidagi so‘rovnomada qayd etildi.
Aksariyat ovoz beruvchilarning fikriga ko‘ra, korrupsiya holatlari ishga qabul qilishda (38,5%) va soliq inspektori bilan o‘zaro aloqalarda (19,0%) sodir bo‘lmoqda. Ovoz beruvchilarning 8,8 % soliq qarzlarini to‘lashda va singdirishda korrupsiya holatiga duch kelgan. Kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilishida 7,3 %, sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilishida esa 5,3% ishtirokchi korrupsiyaga duch kelganini bildirgan. Eng kam korrupsiya QQSni qoplash (qaytarish)da qayd etilgan – 4,6 %.
Shuningdek, so‘rovnomaning umumiy kuzatuvchilari (ko‘rish) soni 450 000 dan oshdi”, deyiladi xabarda.
DSQ matbuot xizmatining yozishicha, yig‘ilgan ma’lumotlar asosida joylarda korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi.
Izoh qoldirish