2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonlik darajasi har 6 oyda baholab boriladi. Mazkur tartib Adliya vazirligidan tomonidan ishlab chiqilgan va Hukumat qarori loyihasida keltirilgan.
Loyihada keltirilishicha, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasi minimal talablar bo‘yicha baholanadi.
Hujjat loyihasiga muvofiq oliy, professional va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va tashkilotlarini tugatgandan keyin davlat tashkilotlaridagi vakant lavozimga ishga kirayotgan hamda ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar ishga qabul qilingan kundan boshlab o‘n ikki oy o‘tgach, lekin o‘n besh oydan oshmagan muddatda baholashdan o‘tkaziladi.
Ish stajiga ega bo‘lgan va boshqa davlat tashkilotlaridagi vakant lavozimga ishga qabul qilinayotgan shaxslar oldingi ish joyida baholashdan o‘tmagan bo‘lsa, ishga qabul qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgandan keyin, lekin olti oydan oshmagan muddatda baholashdan o‘tkaziladi.
Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonlik darajasi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat xizmatining yagona elektron-axborot tahlil tizimidagi “Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli” – maxsus test tizimi orqali baholanadi.
Davlat xizmatchilari huquqiy savodxonlik darajasi bo‘yicha har uch yilda bir marta rejali baholashdan o‘tishi shart.
Baholashning umumiy natijalarini monitoring qilish Adliya vazirligi tomonidan quyidagilarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi:
– baholash natijalari bo‘yicha ko‘rsatkichlar hududlar hamda davlat tashkilotlari kesimida tahlil qilinadi;
– eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan davlat tashkilotlari va hududlarning ijobiy tajribalari o‘rganiladi;
– eng past ko‘rsatkich qayd etgan davlat tashkilotlari va hududlarning muammolari hamda sabablari tahlil qilinadi.
Mazkur Nizom talablari huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy yuridik ma’lumotli xodimlari, davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari, harbiy xizmatchilar, shuningdek ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini minimal talablar bo‘yicha baholashdan o‘tkaziladigan lavozimlari ro‘yxatida ko‘rsatilmagan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qaror loyihasi muhokamasi 10 dekabrga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish